Bir jinoyat tarixi – qizining qotiliga «hukm o‘qigan» ayol
1981 yil 6 mart. Germaniyaning Lyubek shahrida o‘tkazilayotgan sud majlisida pedofil qurboni bo‘lgan 7 yoshli qizchaning onasi qotillikda ayblanayotgan erkakni otib o‘ldiradi. Bu qotillikka prokurorning pedofilga yengil jazo so‘ragani va uning qizga tuhmat qilgani sabab bo‘ladi. Ayolni darhol qo‘lga olishadi va u bir necha yilga qamaladi.
Bu dunyoda eng kuchli muhabbat onaning farzandiga bo‘lgan muhabbatidir. Onalar o‘z bolalari uchun har qanday mashaqqatlarga, hayot sinovlariga dosh berishga tayyor turadi.
Germaniyada yashovchi ayol Marianna Baxmayyer ham pedofil tomonidan o‘ldirilgan qizi uchun qotildan o‘ch oladi. U pedofilni otib o‘ldiradi.
Bu hodisa o‘z vaqtida nafaqat GFRda, balki butun Yevropada shov-shuv bo‘lgan edi. O‘shanda juda ko‘pchilik qizining qotilidan o‘ch olgan ayolni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qotillik
1980 yil 5 may kuni Germaniyaning Lyubek shahrida yashovchi yetti yoshli Anna onasi Marianna Baxmayyer bilan janjallashib qoladi. So‘ng dugonasinikiga borishga qaror qiladi.
Oradan ko‘p o‘tmay notanish bir ayol qo‘ng‘iroq qilib, qotillikka guvoh bo‘lganini, eri yosh qizchani o‘ldirib, uni qutiga joylab daryo yoqasiga ko‘mganini aytadi
Politsiya darhol erkakni qo‘lga oladi. U 35 yoshli Klaus Grabovski edi. Ko‘milgan joydan qizning jasadi kovlab olinadi. Dastlabki so‘roqdayoq Grabovski qizni o‘ldirganini tan oladi. Biroq unga jinsiy zo‘ravonlik qilganini tan olmaydi.
Surishtiruvlarda 35 yoshli erkak avval ham ikki marta yosh qizlarga jinsiy zo‘ravonlik qilgani uchun qamalib chiqqani va 1976 yilda kimyoviy bichilgani, keyinchalik gormonal tiklangani ma’lum bo‘ladi.
Tergov
Grabovski Annani o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytib, tergovchilarni chalg‘itishga urinadi. Erkakning tergovda aytishicha, qizcha uning oldiga o‘zi kelgan va erkakning erkalashlari yoqishini aytgan.
So‘ng Grabovskidan pul so‘ragan, u bermagan. Shunda Anna «Onamga menga tirg‘aldi» deb aytaman», degan. Grabovski qo‘rqib ketgan va qizni o‘ldirgan.
Marianna Baxmayyer Grabovskining ko‘rsatmalarini gazetada o‘qib dahshatga tushadi. U erkak Annaga jinsiy zo‘ravonlik qilgan, so‘ng uni o‘ldirgan deb hisoblardi.
Ayol Grabovski o‘zini oqlash uchun olchoqlarcha Annaga tuhmat qilganiga chiday olmaydi va uni o‘ldirish payiga tushadi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Anna dugonasinikiga borayotib, ko‘chada mushukni ko‘rib qoladi. Uni olib erkalatmoqchi bo‘lganida mushuk Grabovski yashaydigan hovliga kirib ketadi. Qiz mushukning ortidan kirgan chog‘da Grabovskiga duch keladi.
Erkak Annaga jinsiy zo‘ravonlik qilib, so‘ng qizchani o‘ldiradi. Bularning barchasini Grabovskiyning xotini ko‘rib qoladi.
Marianna haq edi. Agar Grabovskining xotini ko‘rib qolmaganda Annaning qotili umuman topilmasligi va yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolib ketishi mumkin edi.
Qotilning o‘ldirilishi
1981 yil mart oyida tergov tugagach sud jarayoni boshlanadi. Birinchi va ikkinchi sud majlisida asosan Grabovski so‘roqqa tutiladi. Erkak sud davomida tergovda aytgan gaplarini takrorlaydi va Annaga jinsiy zo‘ravonlik ishlatmaganini, aksincha qiz o‘ziga tirg‘alganini aytadi.
Sud jarayonida Marianna Baxmayyer sudya va prokuror qotilga xayrixoh bo‘lib, unga yengil jazo tayinlanishi uchun urinishayotganini anglab yetadi. U Grabovskini o‘ldirish uchun qat’iyroq harakat qilish kerak, degan qarorga keladi.
Shundan so‘ng Marianna qizining qotilini qanday qilib o‘ldirishni o‘ylay boshlaydi va katta tavakkal qiladi. U uchinchi sud majlisi boshlangan paytda sal kechikib keladi. O‘rtadan yurib borar ekan, joyiga o‘tirishdan avval sumkasidan pistolet chiqarib, Grabovskiga qarata sakkizta o‘q uzadi.
Ayol Beretta 70 pistoletidan foydalangan va o‘qlarning yettitasi Grabovskining ko‘ksiga qadalgan edi. Qotil o‘sha joyni o‘zida halok bo‘ladi. Grabovski yiqilgandan so‘ng ayol pistoletni oyoq ostiga tashlaydi.
Marianna hibsga olishayotganda umuman qarshilik ko‘rsatmaydi va «Qotil mening qizimni o‘ldirdi. Men uning basharasini mo‘ljalga olishni xohlagandim, biroq o‘qlar ko‘ksiga tegdi. Umid qilamanki u o‘ldi», deydi.
Keyinchalik ayol o‘z intervyularida nima qilib bo‘lsa ham Grabovskiyning ovozini o‘chirish va uni qizi haqida bo‘lmag‘ur gaplarni boshqa gapira olmaydigan qilib qo‘yishni juda xohlagani haqida aytadi.
Hodisadan so‘ng Mariannani to‘g‘ri kasalxonaga olib borishadi va uning ruhiy holati tekshiriladi. Ayolning qo‘liga ruchka va qog‘oz berib nimadir yozishini aytishganda u «Men bu ishni sen uchun qildim, Anna» deydi. Shifokorlar uni ruhiy sog‘lom deb topishadi.
Mariannaning og‘ir o‘tmishi
Marianna Baxmayyer sodir etgan ish Germaniyada juda katta shov-shuv keltirib chiqaradi. Mamlakatning barcha burchagidan OAV vakillari Lyubekka qarab oshiqadi. Ularning barchasi Marianna sodir etgan jinoyat tafsilotlarini yoritishni xohlardi.
Marianna Baxmayyer tergov qilinar ekan, o‘sha paytda unda advokatlar uchun to‘lashga mablag‘ ham yo‘q edi. Shu sababli ayol o‘zining hayot yo‘li tarixini sotishga qaror qiladi.
Marianna boshidan o‘tkazgan hodisalarni Germaniyadagi eng ommabop Stern jurnaliga 100 ming markaga sotadi. Ayol pullarning asosiy qismini advokat yollash uchun sarflaydi. Ko‘p o‘tmay jurnalda ayolning boshidan o‘tkazgan voqealar e’lon qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Marianna 1950 yilda sobiq SS zobiti oilasida tug‘ilgan. Otasi urush tugagandan so‘ng barcha narsasini tashlab, Sharqiy Prussiyaga qochgan va mag‘lubiyatdan so‘ng mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘ygan.
Otasi Marianna tug‘ilganidan keyin ham mast bo‘lib yurishni kamaytirmaydi. Oilada mudom janjallar bo‘lavergani uchun Mariannaning ota-onasi ajrashadi va u onasi bilan ketadi.
O‘smir yoshdagi qizning xarxashalaridan charchagan onasi qizni uyidan quvib yuboradi. Shu tariqa 15 yoshli Marianna ko‘cha-ko‘yda duch kelgan joyda yashab yuradi.
U Annani 22 yoshida tug‘gan va ungacha ikkita farzand ko‘rib, boshpanasi bo‘lmagani uchun ularni bolalar uyiga topshirib yuborgandi. Anna tug‘ilgandan sal o‘tib, u eri bilan ajrashadi. Biroq bu paytda ancha o‘zini o‘nglab olgan ayol qizini o‘zi boqishga qaror qiladi.
Ayol qizini juda yaxshi ko‘rgan. Biroq yoshlikda olgan ruhiy jarohatlar sababli Marianna qizi ulg‘aya boshlagach u bilan tez-tez janjallashib qolaveradi. Anna uydan chiqib ketgan kuni ham arzimagan narsadan janjal kelib chiqqandi.
O‘sha paytlarda ayol tunda barlardan birida sotuvchi bo‘lib ishlar, kunduzlari vaqtini uxlash bilan o‘tkazardi. Oqibatda Anna qarovsiz qolar va janjal asosan shundan kelib chiqardi.
Shunday paytlarda ayol bir necha marta Annani bolalar uyiga topshirib yubormoqchi ham bo‘ladi. Biroq oxirgi soniyalarda fikridan qaytadi.
Hukm va qamoq
Marianna haqida jurnalda o‘qigan va eshitgan odamlar ayolning achchiq taqdiridan xabar topib unga rahmi keladi. U qizining qotilini otib tashlagani haqida xabar topishgach, uni qo‘llab-quvvatlashadi.
Har kuni ayolga mamlakatning turli hududlaridan ko‘plab maktublar kela boshlaydi. Unga gullar va boshqa sovg‘alar yuborishadi. Odamlar shu yo‘l bilan Mariannaga birdamliklarini bildirishadi. Hatto pul yig‘ib ayolga advokat ham yollashadi.
Shuningdek, odamlar G‘arbiy Germaniyadagi sud tizimini tanqid qilib, Mariannaga ozodlik berishni talab qilishadi. Ayolning boshiga tushgan ko‘rgiliklar haqida davriy matbuotda maqolalar, televideniyeda ko‘rsatuvlar beriladi.
Tergov jarayonlari tugagandan so‘ng Marianna Baxmayyerga qotillik va noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilinadi va 1982 yil 2 noyabr kuni sud jarayonlari boshlanadi.
Mariannaning sudini yoritish uchun butun Yevropadan, Amerikadan davriy matbuot va telekanallar muxbirlari yetib keladi.
Ayolning advokatlari u sodir etgan qotillik avvaldan rejalashtirilmaganini, qotil qiziga tuhmat qilganiga chiday olmaganini va Grabovski yengil jazo olishi mumkinligini o‘ylab, jahl ustida sodir etganini, noqonuniy qurol saqlamaganini isbotlash uchun ancha ter to‘kishadi.
Mariannaga umrbod qamoq jazosi xavf solayotgandi. Biroq ayolning advokatlari maqsadlariga erishadi. Ularning sa’y-harakatlari tufayli Lyubek shahar sudi Mariannaga bor-yo‘g‘i olti yil qamoq jazosi beradi.
Hukm 1983 yil 2 noyabr kuni o‘qiladi. Ayol qamoqxonada uch yil o‘tirgach o‘zini namunali tutgani uchun ozod qilinadi. Marianna qamoqda bo‘lgan davrda ham har kuni odamlardan maktub olib turgan.
Saraton kasalligi va o‘lim
1985 yil iyun oyida Marianna qamoqdan ozod bo‘lgach nemis tili o‘qituvchisiga turmushga chiqadi va ular Afrikadagi Gana davlatiga ko‘chib ketadi. 1990 yilda ayol eri bilan ajrashadi va Italiyaning Sitsiliya oroliga ko‘chib keladi.
1994 yilda Marianna nemis radiolaridan biriga intervyu beradi. O‘sha yili nashriyotlardan biri uning hayoti hikoya qilingan asarni kitob holida chop etadi.
Shundan so‘ng Marianna yana bir necha nashrlarga, telekanallarga bergan intervyusida qizining qotilini nega o‘ldirgani sababini gapirib beradi.
Unga ko‘ra, Mariannaga qotilning qiziga bo‘hton qilgani, Grabovski yengil jazo olib, qamoqdan chiqib kelsa boshqalarni ham o‘ldirishi mumkinligini o‘ylab, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni otib tashlaganini aytadi.
2006 yilda nemis telekanallaridan birida Mariannaning hayoti haqida hujjatli film namoyish etiladi. Unda ayolning dugonasi Marianna qizining qotilini o‘ldirishni rejalashtirgandan so‘ng pistolet sotib olib, tashlandiq uylardan birining yerto‘lasida otishni mashq qilganini aytib beradi.
1990-yillar o‘rtalarida Mariannada saraton kasalligi aniqlanadi. Shundan so‘ng u Lyubek shahriga qaytib keladi. 1996 yil 17 sentabr kuni Marianna 46 yoshida vafot etadi. Uni qizining yoniga dafn etishadi.
Marianna Baxmayyer haqidagi asarlar
Marianna haqidagi ilk asar 1983 yilda u endi qamalgan kezlarda yaratiladi. Bir guruh ijodkorlar «Anna jamoasi» nomi bilan truppa ochishadi va Marianna Baxmayyer hayoti haqida pesa yozib uni sahnalashtirishadi.
«Bu sen uchun Anna» deb nomlangan pesaning qisqartirilgan varianti 1983 yilda, to‘liq varianti 1984 yilda namoyish etiladi.
1984 yilda Marianna haqida «Annaning onasi» (Annas Mutter) filmi suratga olinadi. O‘sha yili ayol haqida suratga olingan «Ko‘zyosh uchun vaqt yo‘q: Baxmayyer ishi» (Der Fall Bachmeier – Keine Zeit für Tränen ) filmi ham namoyish etiladi.
1996 yilda «Marianna Baxmayyerning sekin o‘limi» (Das langsame Sterben der Marianne Bachmeier) filmi ekranlarga chiqariladi.
1994 yilda Mariannaning hayoti haqida «Marianna Baxmayyer» asari kitob holida chop etiladi.
1993 yilda «Onaning haqli adolati: Marianna Baxmayyer ishi» nomi bilan Mariannaning Mirror TV telekanaliga bergan intervyusi namoyish etiladi.
2006 yilda ARD telekanalida «Marianna Baxmayyerning qasosi» (Die Rache der Marianne Bachmeier) hujjatli filmi ko‘rsatiladi.
2017 yilda ZDF telekanalida «Ayollar o‘ldirganda: Marianna Baxmayyer» hujjatli filmi tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
18:43 / 20.12.2024
Google Maps fotosurati Ispaniyadagi qotillikni ochishga yordam berishi mumkin
11:54 / 17.12.2024
Germaniyada mpox virusining xavfli shtammi bilan kasallanganlar aniqlandi
21:27 / 16.12.2024