O‘zbekiston | 07:49 / 25.09.2023
2305
1 daqiqa o‘qiladi

Misrdan O‘zbekistonga gepatitga qarshi dorining 15-partiyasi yetkazib berildi

Misr sog‘liqni saqlash vaziri S gepatitiga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish uchun amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelmoqchi.

Foto: Dunyo AA

Misr bilan O‘zbekistonga insonparvarlik yordam sifatida ajratilayotgan gepatit S virusiga qarshi dori vositalarining navbatdagi turkumi yuborilishi yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Joriy yil 23 sentabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan 6240 dona dori vositasining o‘n beshinchi turkumini Sharm-al-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Ushbu dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan bemorlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Misr sog‘liqni saqlash vaziri joriy yil fevral oyida Qohiraga oliy darajadagi tashrif doirasida O‘zbekiston SSV bilan imzolangan Hamkorlik memorandumi ijrosi va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, S gepatitiga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun amaliy safar bilan Toshkentga kelishga tayyor ekanini bildirdi.

Mavzuga oid