Jahon | 21:23 / 25.09.2023
9489
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xalqaro jinoyat sudi rahbariyatini qidiruvga berdi 

Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan XJS rahbariyati Rossiya IIV tomonidan qidirilmoqda. 

Foto: iStock

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) raisi Piotr Xofmanski, birinchi vitse-prezidenti Lus Del Karmen Ibanes Karransa va sudya Bertram Shmittni qidiruvga berdi. 

Ichki ishlar vazirligi saytida aytilishicha, uchala shaxs ham «Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan qidiruvga berilgan». Qidiruv kartalarida boshqa ma’lumotlar ochiqlanmagan. 

17 mart kuni XJS Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda gumon etilmoqda. Xuddi shunday order Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham berilgan. 

May oyida Rossiya hukumati XJS prokurori Karim Ahmad Xon va sudya Rosario Salvatore Aytaleni qidiruvga bergan edi. Tergov qo‘mitasi ularning xatti-harakatlarini aybsiz odamni jinoiy javobgarlikka tortish (Rossiya Jinoyat kodeksining 299-moddasi) va xorijiy davlat vakiliga tahdid qilishga tayyorgarlik (Rossiya Jinoyat kodeksining 360-moddasi) moddasi bilan kvalifikatsiya qildi. 

Rossiya XJS a’zosi emas va uning buyruq va ko‘rsatmalarini bajarmaydi.

Mavzuga oid