SSVga yod preparatlarini yetkazib bergan farmkompaniya ta’sischisi AQShda qidiruvda ekani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonning turli hududlarida bolalarning ommaviy zaharlanishi ortidan “Antistrumin” nomli yod preparatini qo‘llash vaqtincha to‘xtatildi. Bu dori “Samo” MChJdan sotib olingan. Kun.uz surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, bu korxona ta’sischilaridan biri Nodir Yunusov ancha yillar oldin AQShda odam savdosi va moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgan.
Voqealar rivoji qanday boshlandi
2023 yil 20 sentabrdan e’tiboran, O‘zbekistonda 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bepul yod tarqatish dasturi boshlandi. Oradan bir kun o‘tib, 21 sentabr kuni Chust tumanidagi bog‘cha bolalari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatila boshladi, jami 71 nafar bola tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova shikoyat qilgan bolalar soni 400 dan oshganini ma’lum qildi, lekin ular doridan yoki ovqatdan zaharlanganini rad etdi.
Biroq, aynan Elmira Bositxonova imzosi bilan chiqarilgan xatda, Namangandagi bolalar ahvoli yomonlashishiga kaliy dori vositalari sabab bo‘lishi mumkinligi, shu sababli “Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)” dori vositasi iste’molini darhol to‘xtatish topshirig‘i berildi.
Ayni shu ko‘rsatma-xatdan jamoatchilik muhim ma’lumotni bilib oldi: “gumondor” preparatni “SAMO” MChJ yetkazib bergan. Bu korxonadan dorini SSV tarkibidagi “O‘zmedimpeks” sotib olgan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusovlar Samo kompaniyasining ta’sischilari hisoblanib, ular qatorida kompaniyaning qariyb 7 foizlik ulushiga egalik qiluvchi Nodir Yunusov ham bor.
Nodir Yunusov, bundan tashqari, farmatsevtikaga aloqador yana 2 ta korxona ta’sischilari qatorida turadi.
Nodir Yunusov kim?
Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqealar fonida O‘zbekistonda bolalar uchun yod ishlab chiqarayotgan kompaniya ta’sischilaridan biri AQShda qidiruvda bo‘lgan shaxs, degan fikrlar tarqaldi.
AQSh rasmiy idoralari saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, haqiqatda Nodir Yunusov ismli O‘zbekiston fuqarosi qidiruvga berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2005 yilda AQSh Bojxona va immigratsiya nazorati xizmati (ICE) hamda Ichki xavfsizlik departamenti o‘zbekistonliklar va boshqa xorijlik noqonuniy muhojirlarni majburiy ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan “Giant Labor Solutions” kompaniyasiga nisbatan surishtiruv ishlarini boshlagan.
Maxsus xizmatlar tomonidan 4 yil davomida GLC kompaniyasi faoliyati kuzatilgan. Natijada 2009 yilda kompaniya mansabdorlariga majburiy mehnat va mehnat shartnomalarida firibgarlik qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
2010 yilning yanvarida GLC a’zolariga nisbatan o‘nlab holat bo‘yicha ayblov xulosasi tasdiqlangan. Ayblov e’lon qilingan 11 kishi odam savdosi, xususan aldab ishga yollaganlik, huquqni poymol etganlik va moliyaviy tovlamachilik bilan shug‘ullangani aytiladi.
2009 yilda jinoiy guruh boshlig‘i sifatida ko‘rilgan Abrorxo‘ja Asqarxo‘jayev qo‘lga olingan. Qolganlar qo‘shma shtatlardan qochib ketishga ulgurgan.
Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari – 32 yoshli Rustamjon Shukurov, 35 yoshli Sanjar A’zamov va 30 yoshli Nodir Yunusov ham.
Ushbu shaxslar hozirgi kunga qadar AQSh bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilganlar ro‘yxatida turibdi. Ular “most wanted”, ya’ni og‘ir jinoyatda ayblangani uchun eng ko‘p qidirayotgan shaxslar qatorida qayd etilgan.
AQSh rasmiy idorasi qidiruvdagi ushbu shaxslar haqida ma’lumot bo‘lsa, ushbu raqamlarga xabar berishni so‘ragan: +1 866 347-24-23
SAMO ta’sischisi va AQSh qidiruvidagi shaxs bitta odammi?
Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish uchun “SAMO” MChJ direktori o‘rinbosari Jasurbek Abdullayev bilan bog‘landi hamda “Nodir Yunusov haqiqatda ham AQShda qidiruvga berilganmi?”, deb so‘radi. Jasurbek bu masalada javob berish vakolati yo‘qligini va aniqlashtirib keyinroq javob berishini bildirdi. Lekin savolimiz bo‘yicha javob bo‘lmadi.
Shuningdek, biz “Samofarm” kompaniyasi o‘tkazgan tadbirlardan birida qatnashgan Nodir Yunusov va AQSh Bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruv e’lon qilingan suratlarni solishtirib, ular o‘xshash shaxslar ekaniga guvoh bo‘ldik.
Surishtiruv davomida bir-biridan mustaqil ikki manba AQSh qidiruvga bergan Nodir Yunusov O‘zbekistondagi “Samo” MChJ ta’sischilaridan biri bilan aynan bir shaxs ekanini tasdiqladi.
Kun.uz masalaning boshqa jihati bilan ham qiziqib, SSVning davlat xaridlarini amalga oshirishga mas’ul tashkiloti “O‘zmedimpeks” bilan bog‘landi. Tashkilot vakiliga ko‘ra, yod preparatlarini sotib olishda “Samo” MChJ tender asosida tanlab olingan. Lekin ushbu xarid haqidagi ma’lumotlarni Davlat xaridlari portalida topishning iloji bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan xabar topgan. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva davlat rahbarining topshirig‘i bilan Namanganda bo‘lib, bolalar holidan xabar oldi. Shuningdek, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
23:22 / 18.12.2024
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga berilgan bojxona imtiyozlari 2028 yilgacha uzaytiriladi
21:24 / 23.11.2024
Olimlar bakteriyalardan yangi antibiotik yaratdi
17:57 / 19.11.2024
O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi
11:40 / 16.10.2024