O‘zbekiston | 17:57 / 26.09.2023
20125
2 daqiqa o‘qiladi

Parkentda tog‘dan tushgan ayiq fermerning 2 bosh qo‘yini olib ketdi

Ayiq tushib kelgan hudud 5 kundan beri ekologlar hamda IIB xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila chorvasi bilan o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborilgan.

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tog‘li qishloq hududiga Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qoldi. U qishloqqa tog‘dan ozuqa izlab tushgani aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 21 sentabr kuni Parkent tumani Ekologiya bo‘limiga tumanining So‘qoq qishlog‘i Tosar hududidagi “So‘qoq Laziz Soli” fermer xo‘jaligi yer maydonlariga tunda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qolgani haqida murojaat kelib tushgan.

Ekologlarga ko‘ra, sovuq tufayli tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil kamayib ketgan. Buning oqibatida ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan hamda fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo‘y esa yarador qilingan.

Parkent tumani Ekologiya bo‘limi xodimlari va “Wildlife” zopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga yetib borib, holatni o‘rgangan. O‘rganish natijasida qo‘y qo‘rasi yog‘ochlari singani aniqlangan. Shuningdek, hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qoramol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborilgan.

21 sentabr kunidan buyon ayiq tushib kelgan hudud ekologlar, “Wildlife” MChJ hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Hozircha ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmagan.  

Mavzuga oid