TerDUda Chexiya – O‘zbekiston xalqaro arxeologik ekspeditsiyasining 20 yilligi nishonlandi
Termiz davlat universiteti Surxondaryo viloyatida ko‘plab arxeologik obektlarining kashf etilishi, qazishma-tadqiqot ishlarining olib borilishini qo‘llab-quvvatlab keladi. Natijada tuproqlar qa’rida yashirinib yotgan tarixiy obidalar va ulardagi qadimgi buyumlar, osori-atiqlar qaytadan kashf etilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yurtimizga qiziquvchi xorijlik va mahalliy sayyohlarning soni ortishiga sabab bo‘lyapti.
Ayni paytda Termiz davlat universiteti ko‘plab davlatlar bilan xalqaro ekspeditsiya ishlarini olib bormoqda. O‘zbekiston-Chexiya. Bu ana shu xalqaro yirik loyihalardan biri bo‘lib, ko‘plab olimlarni bir makonda birlashtirdi. Termiz davlat universiteti va Karlovo universitetlari o‘rtasida tuzilgan arxeologik ilmiy shartnomaga, O‘zbekiston-Chexiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasiga 20 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan Termiz davlat universitetida “Zaratushtradan Chingizxongacha” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Unda Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vatslav Yilek, O‘zbekiston-Xitoy xalqaro ekspeditsiyasining sodirektori Ma Jiyan, O‘zbekiston-Fransiya xalqaro ekspeditsiyasining sodirektori Per Lerish, O‘zbekiston-Chexiya xalqaro ekspeditsiyasining sodirektori Ladislav Stancho, TerDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rasul To‘rayev, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Obid Shofiyev professorlar Shopo‘lat Shaydullayev, Sayfulla Tursunov va ko‘plab tarixchi olimlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro ekspeditsiya ish boshlagan kezlari yirik loyihalarni amalga oshirishni ko‘zlagan va bugun olimlar ana shu maqsadlariga erishdi. Masalan, Sherobod vohasining arxeologik yodgorliklarining xaritasi yaratildi, vohada joylashgan har bir yodgorlikning arxeologiya pasporti tuzildi. Bu to‘g‘risida Praga shahrida monografiya ham chop etildi.
Xuddi shunday Boysun, Jarqo‘rg‘ondagi arxeologiya yodgorliklarida ham salmoqli ishlar olib borilganini ko‘rish mumkin. Ko‘hitangtog‘ yon bag‘rilarida joylashgan 9 ta, ilgari noma’lum bo‘lgan bronza davriga, 14 ta ilk temir davriga oid yodgorliklar kashf etildi. Xalqaro ko‘rgazmada so‘zga chiqqanlar tomonidan shuningdek, Aleksandr Makedonskiy va Yunon Baqtriya davriga oid, ilgari fanda noma’lum bo‘lgan Iskandartepa, Dahna-i Jom, Qapchig‘ay, Darband kabi yodgorliklar kashf etilib, 500 dan oshiq numizmatik manbalar to‘plangani va pul munosabatlar tarixi o‘rganilgani haqida to‘xtalib o‘tildi.
“Termiz davlat universiteti O‘zbekiston-Chexiya xalqaro ekspeditsiyasini olib borishda yaqindan yordam berib keladi. Professor Shopo‘lat Shaydullayev bilan birgalikda biz mana shu ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqdamiz. Meni quvontirgan jihat, bu surxondaryolik olimlarning tarixiy yodgorliklarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishidir. Xalqaro hamkorlikda ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalar, monografiyalar chop etildi. O‘ylaymanki, bizning samarali hamkorligimiz davomida biz hali yana ko‘plab yutuqlarga erishamiz”, — deydi, O‘zbekiston-Chexiya xalqaro ekspeditsiyasining sodirektori Ladislav Stancho.
Ko‘rgazma doirasida tadqiqot jarayonida tarixiy yodgorliklarda o‘rganilgan ma’lumotlar, topilmalar haqida talabalarga prezentatsiya qilindi.
Mehmonlar tadbirdan so‘ng, Termiz davlat universiteti hududida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy o‘quv binolari va inshootlari, innovatsion texnologiyalar, laboratoriya, kutubxona va talabalar turar joylarining moddiy texnik bazasi bilan tanishdi.