«Yaxshi va diqqatli tinglovchi ekanlar» – AQShdagi o‘zbekistonlik iqtisodchilar Shavkat Mirziyoyev haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga qilgan safarida mamlakatda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvda iqtisodchilar Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov hamda Viskonsin universiteti katta ilmiy xodimi Behzod Hoshimov ham qatnashdi va prezident bilan suhbatda bo‘ldi. Ular navbatdagi podkastida davlat rahbari bilan bo‘lgan suhbat tafsilotlarini ma’lum qildi.
Botir Qobilov: — Tashrif doirasida AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va bizni ham chaqirishdi. Bundan mamnun bo‘ldik, albatta. Taassurotlar ko‘p. Yig‘ilganlar va prezidentimiz o‘rtasida suhbat ancha yaqin va samimiy bo‘ldi.
Behzod Hoshimov: — Uchrashuv bo‘lishini eshitib, o‘zim uchun nutq tayyorladim, ancha uzun bo‘ldi. Buncha gapni gapirishga imkon bo‘ladimi, yo‘qmi deb ikkilanib bordik.
Uchrashuv avvalida prezident barcha bilan qo‘l berib so‘rashib chiqdi. Men bilan ham ko‘rishib, kuzatib, o‘qib borishlarini aytdi. Men uchun syurpriz bo‘ldi bu. Qisqa ma’ruzadan keyin vatandoshlarimizning fikrlari eshitildi. Menga ham so‘z berildi. Iqtisodchi bo‘lganim uchun iqtisodiyot haqida gapirdim. Meni ko‘p o‘ylantiradigan narsa O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va farovonligi. Iqtisodiy rivojlanish boshqa ijtimoiy muammolarni yechishning birinchi yo‘li.
Nutqimda O‘zbekiston 1991 yilda kishi boshiga 654 dollar o‘rtacha daromad to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir 2200 dollar to‘g‘ri kelishini aytdim. 30 yil ichida biz qanchalik rivojlanishga erishdik va boshqa davlatlar, jumladan, Xitoy, Vetnam, Polsha kabi davlatlar muvaffaqiyatliroq iqtisodiy ko‘rsatkichlar tarixi haqida gaplashdik. Bu o‘sishlarning sabablari, yo‘nalishlari keltirildi. Bu ma’lumotlardan keyin O‘zbekistonda islohot qilinayotgan va chuqurroq islohot qilinishi kerak bo‘lgan 5 ta soha haqida gapirdim. Birinchisi — huquqiy muhit, ya’ni adolatli va shaffof bo‘lgan sud tizimi, huquqni muhofaza qilish tizimi, bu — eng muhim narsa. Ikkinchisi — O‘zbekiston dunyo bozoriga kirish uchun erkin savdo muhitiga ega bo‘lishi, JSTga a’zo bo‘lish, byurokratik va boshqa to‘siqlar olinishi kerak. Uchinchisi — erkin kapital mavjud bo‘lishi, korxonalarni kapital ta’minlash kerak va bu ham huquqiy muhitga borib taqaladi. To‘rtinchisi — infratuzilma, ya’ni suv, elektr, gaz kabi birinchi darajali ifratuzilma barqarorligi, buning uchun esa xususiylashtirish, investitsiya kiritish kerak bo‘ladi. Beshinchisi — ilm-fanga davlat tomonidan investitsiya kiritish.
Prezidentning o‘zi ham YaIMning 1 foizdan ham kami ilm-fanga yo‘naltirilishini aytdi. Fikrlarimning har bir bandiga prezidentimiz o‘z munosabatlarini bildirdi. Qaysi punktlarda progress kam yoki ko‘pligini so‘radi, iqtisodiy o‘sishga to‘siqlar haqida aytildi. Chuqur va bafurja fikr almashdik. Nutqim davomida prezidentimiz muhim joylarini o‘rinlaridan turib, yaqinroq kelib eshitdi. Shuncha uzun nutqdagi raqamlarni eslab qolib, muhokama qildi. Mana shunday muloqot menga nekbin hislar berdi. Ekspert-olim do‘stlarimiz bilan qo‘ldan kelgancha yordam berishizni aytib o‘tdim. Vatanimizga xizmat qilish — sharaf va majburiyat.
Botir Qobilov: — Prezident men bilan suhbatda ham yonimga kelib turib suhbatlashdi. Diqqat bilan tingladi va ichlaringdagi dardlaringni aytinglar, dedi. Umuman, suhbat ancha uzoq bo‘ldi. Biz bilan suhbatdan oldin ham ancha rasmiy uchrashuvlarda bo‘lgan, lekin shunga qaramasdan, vaqtlarini ayamadi, xursand bo‘ldim bundan.
Kapital masalasi ko‘tarildi, prezidentning o‘zi ham nutqida bu haqida gapirib, kapital biz uchun muhim, deb ta’kidladi. AQShga kelishdan asosiy maqsadlardan biri ham investitsiya jalb qilish. Bizning boylik faqat paxta emas, deb aytib o‘tdi.
Ba’zi kadrlarning chetga chiqish ketishi masalasi haqida gap ketganda, shuni aytdimki, chet davlatlarda ham bilimli o‘zbekistonliklar ko‘paysa, O‘zbekistonga foydasi tegadi, dedim. Prezident ham gaplarimni tasdiqladi va sizlardan faxrlanamiz, dedi. O‘zimizning tajriba-malakamizdan kelib chiqib, ekspertizik xulosalar, tadqiq ishlari berishimiz mumkinligini bildirdim. Suhbat jonli va samimiy bo‘lgani uchun juda bir sog‘lom muhit bo‘ldi.
O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga tayyor emas, degan gaplar bo‘ladi, bundan xafa bo‘laman, bu noto‘g‘ri fikr, deb aytdim. Odamlarga rag‘batlantirish tizimini to‘g‘ri yaratish kerak. Prezidentning o‘zi ham bizning eng katta boyligimiz odamlar deb aytib o‘tdi.
Narxlar masalasida gap ketganda, prezidentimiz ham narx juda muhim ekanini aytdi. Suhbatlashish jarayonida tez-tez fikr so‘rab, aniqlashtiruvchi savollar berib turdi.
Behzod Hoshimov: — Nutqim uzun bo‘lishiga qaramasdan, juda diqqat bilan tingladi va har bir bandni muhokama qildik. Juda yaxshi tinglovchi ekanlar. Menga ta’sir qilgani shu bo‘ldiki, nihoyatda ochiq va samimiy ekanlar prezidentimiz. Oldin bu haqida ko‘p eshitganman, lekin o‘zim bilan bo‘lgani boshqacha bo‘ldi. Prezident ham, men ham iqtisodiy rivojlanish haqida qayg‘urishimiz, maqsadlar mushtarakligi o‘zgacha his berdi va suhbat samimiy bo‘ldi.
Botir Qobilov: — Rostdan ham yaxshi va diqqatli tinglovchi ekanlar. Bizdan boshqa suhbatlashgan vatandoshlarimizni ham tinglab, masalalar amaliy ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuv yakunida birga suratga tushdik. So‘ng oxirda ham qo‘limni siqib, o‘zingizni ehtiyot qiling, dedi. Shunday mutaxassis yigitlarimiz borligidan faxlanaman, deb ruhlantirib qo‘ydi ham.
Behzod Hoshimov: — Yana bir esda qolardi bir holat bo‘ldi. Prezidentga qizim bizning shaharga taklif qilayotganini, lekin borolmasliklarini tushunishimni aytdim va qizimga nima deb qo‘yay, deb so‘radim. Shunda «Qizingizga aytingki, O‘zbekiston prezidenti uning otasi bilan faxrlanadi» dedi. Juda bir hayajonli bo‘ldi. Bundan tashqari, men tarjima qilib, muharrirlik qilgan kitobni ham o‘qigan ekan, bu ham men uchun hayajonli yangilik bo‘ldi.
Botir Qobilov: — Suhbatdan oldin rejalashtirilgan gaplardan tashqari ham ancha fikr almashinuvlar bo‘ldi. Uchrashuvga kelishda qanday bo‘larkan deb kelgandim, kutuvlarimdan ancha yaxshi bo‘ldi. Dardimni aytib olishga imkon bo‘ldi, desayam bo‘ladi. Birga yurgan mas’ullarga bu odamlarning fikrlarini olinglar, onlayn suhbatlar tashkil qilinglar deb aytib o‘tdi.
Behzod Hoshimov: — Prezident topshiriq berdiki, yaqin kunlarda bir platforma yaratib, o‘sha doirada hukumat qilayotgan islohotlarga fikrlar berib, tahlillar qilib borishimizni. Hozir shu platformani yaratish haqida o‘ylayapman. Shu yerda turib o‘z hissangizni qo‘shsangiz, deb taklif berdi, bu katta sharaf bo‘lishini aytdim men ham. Ana endi shu platforma bo‘yicha xat bilan chiqish qoldi. Hali boshqalardan ham taklif olamiz bu bo‘yicha.
Mavzuga oid
22:10
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
20:43
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
19:00
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12