O‘zbekiston | 22:04 / 27.09.2023
10516
3 daqiqa o‘qiladi

«Bugungi geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi» - Jamshid Xo‘jayev

O‘zbekiston barcha katta davlatlar bilan birdek muvozanatlashgan aloqa o‘rnatishga harakat qiladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Vashingtonda bo‘lib o‘tgan biznes-konferensiyada ta’kidlab o‘tdi. «Faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi, chunki bu xavfsiz emas», dedi u.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini ikki baravar oshirmoqchi, buning uchun AQSh, Rossiya va Xitoy bilan birdek muvozanatlashgan aloqa o‘rnatish kerak bo‘ladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Vashingtonda bo‘lib o‘tgan AQSh-O‘zbekiston biznes konferensiyasi chog‘ida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Bloomberg.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, xalqaro maydonda iqtisodiy tarqoqlikning kuchayib borayotgani O‘zbekistonni diversifikatsiya haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

«Bugungi geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi, chunki bu xavfsiz emas. Har bir mamlakat diversifikatsiya qidiradi», degan u.

Xo‘jayev O‘zbekiston Xitoy kompaniyalari bilan faol ravishda hamkorlik qilayotganini, chunki bundan mamlakat manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

«Xitoy bizning eng yirik savdo va sarmoyaviy sheriklarimizdan biridir. Buni yashirmaymiz. Ular qayta tiklanuvchi va yashil energiya bo‘yicha juda ko‘p ishlarni olib bormoqda. Ularning yaxshi texnologiyalari, yirik kompaniyalari bor va ular bajonidil biz bilan ishlashga tayyor».

Bosh vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan nafaqat savdo jihatdan, balki tarixiy aloqalar bor va ko‘plab o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyada mehnat qilmoqda. Bu orqali ular oilalarini pul bilan ta’minlaydi. Xo‘jayev bu aloqalarni «yaxshi imkoniyat» deb atagan. Shuningdek, u O‘zbekiston rasmiylari Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan bozorni diversifikatsiya qilish uchun ishlayotganini bildirgan.

Xo‘jayev O‘zbekiston AQSh bilan ham faol hamkorlik qilmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

«Bizda bozor iqtisodiyoti mavjud va barcha investorlarimizga bir xil sharoitlarni taqdim etishga harakat qilamiz», degan u.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov AQSh Moliya vazirligi bilan O‘zbekiston chegarasi orqali Rossiyaga sanksiyaga uchragan tovarlarni olib o‘tishning oldini olish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Xo‘jayev O‘zbekiston boshqa davlatlar iqtisodiyotning energiya va oziq-ovqat ta’minoti kabi nozik tarmoqlariga kiritayotgan sarmoyalarni diversifikatsiya qilishga harakat qilayotgani, biroq infratuzilma kabi sohalarga kelganda, rasmiylar «xalq uchun eng yaxshi deb hisoblangan qarorni qabul qilishini» bildirgan.

«Biz kimga va qayerga sarmoya kiritishni o‘rgatadigan darajada boy emasmiz», deya xulosa qilgan bosh vazir o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 8,3 mlrd dollarni (umumiy TSAning 20,7 foizi), Rossiya bilan 6,2 mlrd dollarni (15,4 foiz), AQSh bilan 372 mln dollarni (0/9 foiz) tashkil qilgan.

Mavzuga oid