Iqtisodiyot | 21:05 / 27.09.2023
25749
17 daqiqa o‘qiladi

“Energetika islohotini kechiktirganimiz nihoyatda qimmat va og‘riqli bo‘ldi” - Behzod Hoshimov bilan suhbat

“Islohotni tezroq qilish kerak, lekin uni qanday qilish ham nihoyatda muhim masala”, – deydi iqtisodchi Behzod Hoshimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi energetika islohoti qanday amalga oshirilishi reja qilingani va bu rejaning barcha bosqichlaridan boxabar bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda energetikadagi muammolarni hal etish maqsadida sohani isloh qilish zarurati kun tartibida bo‘lib turibdi. Kun.uz muxbiri bu boradagi savollar bilan AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.

Behzod Hoshimov — O‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoat faoli. «Iqtisodchi kundaligi» blogi, YouTube’dagi Hoshimov’s Economics (Hoshimov Iqtisodiyoti) videoblogi muallifi. U Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinsonning «Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari» kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrilik qilgan. «Yuksalish» umummilliy harakati o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra? O‘zbekiston blogerlar va inflyuyenserlarining 30 talik ro‘yxatidan joy olgan. Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi va AQShdagi Strategik menejment jamiyati a’zosi. AQSh Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi va Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasi (IEO) hakamlar hay’ati a’zosi. U ayni vaqtda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet masalalari qo‘mitasi huzuridagi ekspertlar kengashi va «Mikrokreditbank» kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

— Hukumat gaz va svet bo‘yicha tariflarni erkinlashtirib, energetika sohasida bozor tamoyillarini joriy etishga harakat boshlaganini e’lon qildi. Birinchi bosqichda yuridik shaxslar uchun tannarxga yaqin narx belgilanyapti. Siz bu jarayonlarni kuzatib boryapsizmi, bunga munosabatingiz qanaqa?

— Bu jarayonni diqqat bilan kuzatib boryapman. O‘zbekistonning keyingi rivojlanishi, aholining hayoti, turmush tarzi sifati oshishi uchun energetika islohoti juda kerak narsa. Bu narsa qanchalik tez qilinsa, shunchalik yaxshi.

Masalan, Rossiya bu islohotni 2000 yillarda, bundan 20 yilcha oldin qilgan. Biz sobiq ittifoq paytidagi narxlarni belgilash tizimida qolib ketdik, afsuski, buning asoratlari qimmat va og‘riqli bo‘ldi. Svet va gazning yetkazib berilishi barqarorligi borasida biznesda ham, aholida ham shubhalar bor, chunki rostdan ham barqaror emas. Shu darajadaki, ayniqsa, poytaxtdan tashqarida insonlar doim tok yoki gaz o‘chishi atrofida o‘z hayotlarini qurishgan.

Masalan, qishloqlardagi xonadonlarda alternativ isitish uskunalari o‘rnatiladi. Tadbirkorlar generatorlardan foydalanadi; bozorlarda ko‘rsangiz, “dvijok”larni qo‘yib qo‘yishadi. Chunki tok o‘chib qolsa, muzlatkichdagi mahsulotlar aynib qolishi mumkin. Xullas, O‘zbekistonda bu masalalar doim murakkab edi, buning ustiga biz bilmaydigan narsa: qancha ko‘p bizneslar yaratilmay qoldi, qancha ko‘p tadbirkorlik sub’yektlari o‘smay qoldi.

Eslasangiz kerak, shu yil yanvar oyidagi suhbatlarda ham g‘isht zavodlarini noqonuniy ravishda gazga ulangan deb o‘chirib qo‘yishdi yoki boshqa ishlab chiqarish joylarini, issiqxonalarni ham o‘chirishdi. Odamlar o‘z uyida issiqxona qilib, pomidor yoki bulg‘or qalampiri yetishtirayotgan bo‘lsa, shularni ham o‘chirib ketishdi. Chunki bu xalq uchun beriladigan gaz, tadbirkorlik sub’yektlari uchun emas deb tushuntirish berishdi. Bularning hammasi gazni iqtisod qilish masalasida bo‘layotgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha qiymat yo‘qotilishiga olib keldi. Biz mana shu qilinayotgan islohotni narxlashimiz qiyin, ya’ni 32 yildan beri shu islohot qilinmagan va u agar qilinganida qanchalik boyroq bo‘lardik, qanchalik tez o‘sgan bo‘lardik degan savol iqtisodchi sifatida meni qiynaydi. Yiliga 1 yoki 1,5 foizlik yo‘qotish bo‘lgan taqdirda ham, bu juda katta yo‘qotish bo‘lgan bo‘lardi.

Insonlarning hayoti haqida ham gap ketyapti – 21-asrda hali ham kimdir qishdan chiqish uchun o‘tin va ko‘mir g‘amlayapti, bunday bo‘lishi kerak emas. Shuning uchun bu islohot O‘zbekistonga kerak, lekin boshqa islohotlar kabi bu islohotni qanday qilish, qanday yo‘l xaritasi tuzilgan, qancha vaqtda bu qilinadi, aholining moliyaviy zaif qatlamini himoya qilish mexanizmlari qanday bo‘ladi – aniq belgilab olish zarur. Chunki O‘zbekiston boy mamlakat emas va kambag‘allik darajasi sezilarli, kundalik hayot uchun narxlar oshishi katta ehtimol bilan bo‘ladi. Qaysidir aholi qatlamlari qiynalib qolmasligi masalasi, qanday qilib generatsiyada xususiylashtirishga o‘tiladi, yetkazib berishda davlatning o‘rni, tariflar qanday belgilanadi: auksion orqali qilinadimi – bularning hammasi hali menga mavhum. Bu islohot qanday bo‘lishi haqida gapira olmayman. Lekin islohot qilish kerakmi, kerak, tez qilish kerakmi, kerak, lekin qanday qilish masalasi ham muhim.

— Energetika vazirligiga ko‘ra, 1 kWh elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m, 1 kubometr tabiiy gazning tannarxi 1890 so‘mga teng. 1 oktyabrdan tadbirkorlar elektr uchun 900 so‘mdan, gaz uchun 1500 so‘mdan to‘lay boshlaydi. Ya’ni tadbirkorlarning energiya xarajatlarini budjetdan qoplash davom etadi. Bunga qanday qaraysiz?

— Budjetdan qoplanadi degan so‘zingiz ko‘pchilik uchun mavhum tuyuladi. Buni qaysidir ma’noda bu cho‘ntakdan olib, boshqa cho‘ntakka solish desak bo‘ladi. Budjet siz-u bizga o‘xshagan aholi va tadbirkorlik sub’yektlari to‘layotgan soliqlardan vujudga keladi, shularning hisobiga energetika xarajatlari qoplab beriladi. Islohot degani, kelinglar, 2 ta buxgalteriya qilmaylik-da, kim nimani ishlatsa shuni o‘zi to‘lasin, degani. Ya’ni kim ko‘p gaz ishlatsa, ko‘p to‘lasin, kam ishlatsa, kam to‘lasin. Lekin hozir ko‘p gaz ishlatadiganlar davlat budjetidan, ya’ni siz-u bizning cho‘ntagimizdan ko‘p subsidiya olyapti, kam ishlatganlar esa kam olyapti. Tok ham xuddi shunday.

Bu nafaqat mantiqsiz, balki regressivdir. Ya’ni odam qancha boy bo‘lsa, davlatdan shuncha ko‘p subsidiya olyapti, xuddi shunday qancha katta tadbirkorlik sub’yekti bo‘lsa, shunchalik ko‘p olyapti. Davlat siyosati imkonsizlarga yordam berish atrofida bo‘lishi kerak – to‘g‘ri, bu ham bahsli masala, lekin hech zamonda muvaffaqiyatlilar ko‘proq subsidiya olishi kerak degan mantiqsiz narsaga qo‘shilish juda qiyin.

Hozir men Energetika vazirligining strategiyasidan xabardor emasman, lekin bozorga yaqinlashtirilyapti degan gapda mantiq bor. Ya’ni bu sanada mana bunday tarif qilamiz, bu sanada bozorga o‘tiladi degan yo‘l chizib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki har bir narx oshirilishi – olqishlanib kutib olinadigan narsa emas. Agar hozir narxni chala oshirib, bozor tamoyiliga o‘tmasdan islohot qila olishmasa, 4 yildan keyin eski hammom, eski tosga qaytamiz. Yana bir marta narxni oshirishga to‘g‘ri keladi, narx mana buncha edi, endi mana buncha bo‘ldi, deb.

Yana bir gap: energetika korxonalari tannarxni pasaytirishdan manfaatdor emas. Balki muammo tannarx bilan bog‘liqdir. Nima uchun energetika korxonalari yoki gaz ishlab chiqarib yetkazib beruvchi korxonalarda tannarxni pasaytirishga rag‘bat yo‘q deb o‘ylaysiz? Agar siz energetikaning ishlab chiqaruvchi bo‘g‘inidagi korxonada ishlasangiz, siz uni iste’molchilarga yetkazib beruvchi davlat korxonasiga sotasiz. Masalan, tannarx 900 so‘mdan bo‘lsa, iste’molchiga 400 so‘mdan sotyapsiz, farqini davlat sizga kompensatsiya qilib beryapti. Har yili davlat bilan tariflar masalasida muzokaraga o‘tirishingiz kerak. O‘sha muzokaralarda siz ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxi qancha baland bo‘lsa, shuncha qo‘lingiz baland keladi. Lekin agar tannarx 900 so‘mdan 500 so‘mga tushib ketsa, davlat to‘laydigan qismini oshira olmaysiz. Har gal davlat bilan muzokaralarda bizda tannarx baland, shu sababli to‘laydigan qismingizni oshirib bering, deb so‘raysiz. Chunki tannarxni qoplashingiz kerak. Endi siz samarador texnologiya, robototexnika qo‘ysangiz, sizda tannarx tushadi. Lekin davlat aytadiki, yaxshi bo‘ldi, endi sizlarga narxni oshirmaymiz. Shunda nima bo‘lyapti? Energetika korxonalari iloji boricha o‘zining xarajatlarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi, chunki qancha tannarx baland bo‘lsa, muzokaralarda shuncha qo‘li baland keladi.

Tasavvur qiling, siz korxona rahbarisiz, siz xarajatlarni ko‘paytirishingiz kerak, foydani emas. Chunki agar siz samarali bo‘lib qolsangiz, davlatdan ko‘p pul ola olmaysiz. Shu sababli sizga 10 kishi ishlaydigan joyda 100 kishini ishlatib xarajatlarni oshirish foydali. Xarajatim ko‘p, narxni oshirib bering, deysiz.

Bu faqat O‘zbekistonning muammosi emas, bu qaysidir paytlarda boshqa davlatlarda ham bo‘lgan. O‘zbekistonning muammosi rag‘batlarni to‘g‘ri qo‘ymaganidadir.

Ko‘p mamlakatlarda davlat energiya kompaniyalariga: “Inflatsiya+X% darajasida narxni oshirishga kelishamiz, agar samaradorlik oshsa, topgan foydangiz o‘zingizga”, deydi. O‘shanda davlat bilan energetika kompaniyasining rag‘batlari bir tomonga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Korxona biladiki, davlat narxni X foizga oshirishini, agar korxona xarajatlarni qisqartirib, samarali ishlasa, topgan foydasi o‘ziga qoladi. Bizning holatimizda esa agar korxona yutsa, davlat foyda qismini olib qo‘yadi, yutqizsa, muzokaralarda qo‘li baland keladi.

—  Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda oxirgi 1,5 yilda elektr energiyasi tannarxi 21 foizga, gazning tannarxi esa 35 foizga oshgan. Xususiylashtirish tannarx kamayishiga olib kelishini kutish mumkinmi?

— Xususiylashtirish yordam berishi mumkin bo‘ladi, agar sotilish qismi bozorda bo‘lsa. Agar hozir davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga aylantirib qo‘yilsa, bu yaxshilikka olib kelmaydi. Chunki iste’molchilarga yetkazib berish baribir davlatda qoladi.

Shuning uchun bu masala zargarona diqqat bilan qilinishi kerak. Bu borada antimonopol organ fikrlashi kerak, qanday qilib raqobatni yo‘lga qo‘yamiz deb o‘ylashi kerak. Shu sababli xususiylashtirilsa, narx tushadi degan gap yo‘q. Davlat bilan energetika korxonalari inflatsiya +X% qilib kelishsa, o‘shanda energetika korxonalari ham xarajatlarimni kamaytirsam, topgan pulim o‘zimga qoladi, deb o‘ylay boshlaydi. Bu yerda bitta yechim emas, hamma yechimni birga qilib ko‘rish kerak.

—  Shu xulosangizni biroz soddalashtira olasizmi, qachon energetika korxonalari tannarxni pasaytirishdan manfaatdor bo‘ladi?

—  Savdo tushumidan xarajatlarni ayirib tashlasa, sof foyda qoladi. Hozirgi energetika korxonalari energetika resurslarini sotyapti va evaziga pul olyapti. Lekin ularning xarajati sotayotgan narsasidan ko‘ra balandroq. Boya gaplashganimizdek, xarajatlar baland bo‘lsagina sotilish narxini oshirsa bo‘ladi. Men aytayotgan narsa quyidagicha: biz keyingi 50 yil uchun energetika korxonalari bilan sotilish narxini kelishib olsak, ular biladiki, davlat ularga faqatgina inflatsiya+X% darajasida narxni oshirib bera oladi. Shuni ular bilgach, endi ularning ixtiyorida o‘zgartira oladigan faqat xarajat qismi qoladi. Natijada xarajatlarni kamaytirish, samaradorlikni oshirishga rag‘bat paydo bo‘ladi.

Hozir qanaqa bo‘lyapti? Energetika kompaniyalari davlat bilan sotilish narxida ham tortisha oladi, xarajatlarni ham muvofiqlashtiradi. Xarajatlarni kattalashtirsa, sotish narxini ham kattalashtira oladi. Sotish narxini kattalashtira olmagan korxona esa samaradorligini oshirish orqali foydasini oshirishga harakat qiladi. Korxona yiliga X dollar topsa, uning qanchadir qismi korxona menejerlariga bonus sifatida to‘lansin degan rag‘batlarni qo‘ysak, ular samaradorlikni oshiradi.

— Siz bir necha yil oldin, hukumatda tabaqalashgan tariflarga o‘tish masalasi ko‘tarilishidan ancha oldin energetik subsidiyalar ijtimoiy tengsizlikka olib kelishi haqida katta maqola e’lon qilgandingiz. Shu haqida batafsilroq aytib o‘ta olasizmi?

—  Bizda odamlar barqaror energiyani qancha ko‘p iste’mol qilsa, qancha energetika barqaror joyda yashasa, shuncha ko‘p subsidiya oladi. Masalan, kimdir katta uyda yashaydi va kechasi svetni o‘chirmaydi. U har bir iste’mol qilgan elektr energiya kilovattidan davlatdan subsidiya oladi. Deylik, qaysidir xonadon 2000 kWh ishlatadi, 1 kWh elektr energiyasini aholi 295 so‘mdan sotib oladi, ammo uning tannarxi 970 so‘m. O‘rtadagi farqni 600 so‘m deb olsak, davlat unga har bir kWh elektr ishlatgani uchun 600 so‘mdan pul to‘layapti.

Katta uyi, ko‘p puli bor odam oyiga 2000 kWh elektr energiyasi yoqadi, endi shu 2000 ni 600 so‘mga ko‘paytiring: u oyiga 1 mln 340 ming so‘m subsidiya oladi. O‘sha odam bu subsidiyani soliq to‘lovchilar hisobidan olyapti. Qaysidir xonadon esa 50 kWh ishlatyapti, subsidiya 33 500 so‘m. O‘rtada 40 barobar farq paydo bo‘lyapti.

Bu misolimizda boyroq xonadon ko‘proq subsidiya olayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu tengsizlikni chuqurlashtirib yuboryapti. Aslida esa teskarisi bo‘lishi kerak, odam qanchalik kamroq iste’mol qilsa, bu unda moliyaviy muammolar borligidan darak beradi. Shu sababli tariflarni tabaqalashtirishda mantiq bor.

—  Tariflarni tabaqalashtirish deganda nimani tushunish kerak?

—  Ko‘plab davlatlarda “block pricing” tushunchasi bor, masalan, dastlabki 50 kWh svetga subsidiyalangan to‘lov to‘laysiz. 50 kWh bilan 100 kWh orasida ko‘proq to‘laysiz, va shu hokazo. Ana shunda juda kam elektr ishlatadigan uylar – ijtimoiy zaif qatlam ko‘p to‘lamaydi.

Imkoni yo‘q odamlarning hayotini qiyinlashtirib qo‘ymaylik degan masala bor – shu masalaning yechimlaridan biri progressiv shkala qo‘yish va taqsimlashdir. Lekin buni qilish uchun ham ancha muammolar bor. Chunki bu degani hamma joyda yaxshi elektr hisoblagichlar ishlashi kerak.

Rivojlangan dunyoda tariflar nafaqat odamning iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib tabaqalashtiriladi, balki kunning qismlaridan ham. Masalan, ertalab va kechqurun eng ko‘p iste’mol bo‘ladigan paytda eng qimmat tarif belgilanadi, tungi soat 2 da esa eng arzon bo‘ladi. Ba’zi joylarda dam olish kunlari va dushanba kuni o‘rtasida ham farq bor. Tariflarni belgilash ham alohida ilm aslida. Uning ustida izchil ishlanadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montajchi – Shohruz Abdurayimov.

Mavzuga oid