Jahon | 10:34 / 30.09.2023
8490
2 daqiqa o‘qiladi

Putin YeKning milliy ozchiliklar himoyasi konvensiyasidan chiqishni taklif qildi

Yevropa kengashi konvensiyasi milliy ozchiliklarga nisbatan kamsitish va ularning irodasiga qarshi assimilyatsiyani taqiqlaydi. Rossiya prezidenti Davlat dumasiga konvensiyani denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29 sentabr, juma kuni Davlat dumasiga Yevropa kengashining milliy ozchiliklarni himoya qilish bo‘yicha konvensiyasini denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat Rossiya parlamenti quyi palatasining elektron ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan.

2022 yil sentabr oyida Yevropa kengashi vazirlar qo‘mitasi, qonun loyihasiga berilgan tushuntirish xatiga ko‘ra, ishtirokchi-davlatlarning konvensiya bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish uchun tuzilgan qo‘mitadagi rossiyalik ekspert vakolatlarini sezilarli darajada chekladi. Bundan tashqari, Moskva qarorlar ishlab chiqishda ishtirok etish va milliy ozchiliklar, birinchi navbatda, chet eldagi rusiyzabon aholi huquqlari buzilishi holatlarini kuzatish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, deya ta’kidlanadi hujjatda. Konvensiyadan chiqish Rossiyaga nisbatan «kamsitish munosabatlarining oldini olishga yordam beradi», deydi qonun loyihasi mualliflari.

Konvensiya, xususan, milliy ozchiliklarning irodasiga qarshi assimilyatsiyani, ularni kamsitishni taqiqlaydi, shuningdek, milliy ozchiliklarning o‘z tillaridan erkin foydalanish huquqini ta’minlaydi. Rossiya hujjatni 1996 yil fevral oyida imzolagan.

Rossiyaning Yevropa kengashidan chiqarilishi

2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Yevropa kengashi vazirlar qo‘mitasi Rossiyaning kengash qonuniy organlaridagi vakolatini to‘xtatdi. O‘sha yilning mart oyida qo‘mita Rossiyani tashkilotdan chiqarish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi, Rossiya esa Yevropa kengashi bosh kotibini tashkilotdan chiqish niyati haqida rasman xabardor qildi. 2023 yil fevral oyida Rossiya Davlat dumasi ushbu tashkilot bilan 21 ta xalqaro shartnomani, shu jumladan inson huquqlari bo‘yicha konvensiyani bekor qilish to‘g‘risida qonun qabul qildi.

Mavzuga oid