Jahon | 15:19 / 03.10.2023
9978
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston parlamenti Haaga sudining Rim statutini ratifikatsiya qildi

Armaniston o‘z hududida Haaga sudi yurisdiksiyasini tan oldi. Endi Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olishga order berilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armanistonga kelsa, mahalliy hukumat uni qo‘lga olishi kerak bo‘ladi.

Foto: Artyom Geodakyan/TASS/dpa/picture alliance

Armaniston parlamenti 3 oktyabr, seshanba kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi. 60 deputat uni yoqlab, 20 nafari qarshi ovoz berdi. Shu tariqa, Armaniston o‘z hududida XJS yurisdiksiyasini tan oldi. Bu sud avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan edi.

Armanistonning xalqaro huquqiy masalalar bo‘yicha vakili Yegishe Kirakosyan parlamentdagi muhokamada ratifikatsiya zarurligini bu Ozarboyjon harbiylarini Armaniston hududida harbiy jinoyat sodir etgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortish imkonini berishi bilan izohladi. 

Pashinyan: XJSning tan olinishi Putinni hibsga olish orderi bilan bog‘liq emas 

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 12 sentabr kuni XJSning tan olinishi «Armaniston-Rossiya munosabatlariga hech qanday aloqasi yo‘q», deb aniqlik kiritdi. Uning eslatishicha, Yerevan Rim statutini ratifikatsiya qilishni 2022 yilning dekabrida, XJS Putinni hibsga olishga order berishidan avval boshlagan. Shunga qaramay, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning Rim statutiga qo‘shilish rejalarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi» deb atadi. 

2023 yilning mart oyida XJS Putin va bolalar ombudsmanı Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Putin va Lvova-Belova «aholini (bolalarni) Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish bilan bog‘liq harakat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak». Bu order Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar Putin tashrif buyurgan taqdirda uni hibsga olishi kerakligini anglatadi. 

 

Mavzuga oid