O‘zbekiston | 19:14 / 03.10.2023
15419
5 daqiqa o‘qiladi

Portlashdan eng ko‘p zarar ko‘rgan «dom»lar. Ularda yashovchilarga boshqalardan ko‘ra ko‘proq yordam zarur

Sergelida portlash ro‘y bergan omborga eng yaqin joylashgan ko‘p qavatli uylarga jiddiy zarar yetgan. Xonadonlarning ichki devorlari yorilgan, ichki infrastrukturasi ham ta’mirga muhtoj. Kun.uz muxbirining hududda olib borgan kuzatuvlari ko‘ra, portlashning ilk kunlarida falokat episentri bo‘lgan bu hudud qidiruv-qutqaruv xizmatlari tomonidan o‘rab olinib, begonalar yaqinlashtirilmagan.

28 sentabr kuni Sergeli tumanining Quruvchilar dahasida yuz bergan portlashda ko‘plab turar joy majmualari hamda bino-inshootlar jiddiy zarar ko‘rdi. Ammo portlash yuz bergan omborga yaqin joylashgan 35 va 36-ko‘p qavatli uy boshqalariga qaraganda ko‘proq zararlangani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz muxbirining hudud bo‘ylab olib borgan kuzatuvlari jarayonida ma’lum bo‘lishicha, portlashning ilk kunlarida falokat episentri bo‘lgan bu hudud qidiruv-qutqaruv xizmatlari tomonidan o‘rab olingan. Begona kishilar bu yerga qo‘yilmagan.

Xonadonida ta’mirlash ketayotganlardan biri uy infratstrukturasi jiddiy zararlanganini, shuningdek, uyni ta’mirlashda ishchi kuchi kam ekanligini qayd etdi:

«Yangi «remont» qilib chiqqan uylarimiz edi. Ancha talafotlar ko‘rdik. Uyimiz episentrda joylashgani uchun ahvol juda qo‘rqinchli . Devorlarimiz yorilgan, otib yuborgan. Portlash uyning infrastrukturasiga juda kuchli ta’sir qilgan. Devorlar o‘ynab yotibdi. Bu uyda bolalarim bilan yashashga qo‘rqaman. Ishchi kuchi kamroq. Ishchilarni ko‘paytirib, faoliyatni tezlashtirib berishsa, biz ham ishimizdan qolib ketmasdik», — deydi u.

Yana bir jabrlanuvchi esa uyidagi barcha maishiy texnikalari ishdan chiqqanligini aytdi:

«Bizning uyimizda sog‘ narsa qolmadi. Muzlatgichlarimizga shisha siniqlari kirib qolgan, televizor, kir yuvadigan mashinalarimiz yorilib ketgan. Uyimiz omborxona oldi tarafida bo‘lgani uchun eng katta zarar bizga bo‘ldi. Oyna-eshik qo‘yib berishdi. Ustalar baraka topsin, hamma narsani qilib berishyapti», — deydi ayol.

Boshqa bir jabrlanuvchi ayol esa portlash sabab qizi hamon qo‘rquvda ekanligini ta’kidladi:

«8 yoshli qizim kechquruni bilan qo‘rqib chiqyapti. Qattiq qo‘rqib ketganidan hatto «taq» etgan tovush eshitilsa ham yugurib oldimizga kelyapti. Hozir qarindoshimiznikida yashayapmiz», — deydi jabrlanuvchi ayollardan biri.

Xonadoniga jiddiy zarar yetgan fuqarolardan biri uyning ichki devorlari bir-biridan ajralib ketgani, devorlarda yoriqlar paydo bo‘lganini aytib, mas’ullardan uyning yashashga yaroqli ekanligiga tezroq aniqlik kiritish kerakligini, bunga jiddiy yondashish kerakligini so‘radi:

«Uyning ichki devorlari ajralib ketgan, yoriqlar paydo bo‘lgan. Ekspertlar kelib uyni ko‘rib, «shpaklyovka» tortib yashasalaring bo‘laveradi, hech narsa qilmaydi degan gapni aytib ketyapti. Bunaqa qilish kerak emas. Kelib turib, o‘sha yoriqni ochib ko‘rishi kerak, haqiqatan ham zarar yetganmi, yo‘qmi — shu narsani aniqlashtirish lozim. Keyin ichki ta’mirlashni boshlash kerak» — deydi u.

U, shuningdek, hokimiyat nomidan kelgan ustalar faqat eshik-rom o‘rnatib ketayotganini aytdi: 

«Davlat tomonidan berilgan ustalar faqat eshik-romni o‘rnatdi. Boshqa ustalarni chaqiravering degan gapni aytib, mayli, 1-2 xalta «shpaklyovka», «rotband» beramiz degan gapni qilishdi. Bu bilan bir nima bitib qolmaydi. Lekin mayli o‘zimiz qilib olaveramiz, biroq bu uyda yashab bo‘ladimi, yo‘qmi shuni tekshirib aytish kerak», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, portlashdan keyin Toshkent shahar hokimi zarar ko‘rgan xonadonlar va ijtimoiy obektlarni ta’mirlashni poytaxt tumanlarining hokimliklariga taqsimlab berdi.

Dastlabki ma’lumotlar talafot summasi 5,5-6 mlrd so‘m ekanini ko‘rsatdi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov zarar miqdori o‘zgarishi mumkinligi va uning 10 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi mumkinligini bildirdi

Hidoyatov Kun.uz’ning nima sababdan ta’mirlash-tiklash xarajatlari davlat hisobidan bo‘layotgani haqidagi savoliga: «Zararni albatta MChJga to‘latamiz. Davlatning puli ko‘chada qolmagan» deya javob berdi.

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan advokat Ruslan Sodiqov portlash oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha xarajatlar va ko‘rilgan zararlar keyinchalik voqeada aybdor deb topilgan shaxslardan undirilishini aytdi. Advokat omborni sotib bo‘lsa-da yetkazilgan zarar qoplanishini qayd etdi

Mavzuga oid