O‘zbekiston | 19:42 / 05.10.2023
4204
2 daqiqa o‘qiladi

Moratoriyga qaramay, daraxt kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik qayd etildi - Bosh prokuratura 

Bosh prokuratura tomonidan 2023 yilda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasida sodir etilgan jinoyatlar tahlili e’lon qilindi. 

Foto: Kun.uz

Prezident farmoni bilan daraxt kesilishiga moratoriy joriy qilinganiga qaramay, 2023 yil o‘tgan davrida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik qayd etilgan, jumladan, 714 tup qimmatbaho navli daraxtlar noqonuniy kesilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan o‘simliklar rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi oqibatida tabiiy zaxiralar va populyatsiyalarining o‘sish maydonlari qisqarmoqda. 

Masalan, Surxondaryo viloyati, «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida iyul-sentabr oylarida 11550 tup «tojik kavragi» dorivor o‘simligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. 

Bundan tashqari, o‘rmon fondi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda ijaraga berish holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat, 46 ta ma’muriy va 23 ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. Noqonuniy egallangan 1539 gektar yer o‘rmon fondi hisobiga qaytarilgan. 

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida mutasaddi idoralarga 107 ta taqdimnoma kiritilgan, 206 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirilgan, sudlarga 4 ta da’vo arizasi kiritilgan, 304 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 228 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Mavzuga oid