O‘zbekiston | 17:08 / 06.10.2023
11314
3 daqiqa o‘qiladi

Botqoqlikka aylangan Bo‘zsuv va Salar: muammolar girdobidagi hudud e’tiborga muhtoj

Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasi, Respublika perinatal markazi, Bo‘zsuv va Salar kanallari atrofi maishiy muammolar ichida qolib ketgan. Chiqindiga to‘lgan yo‘l chetlari-yu Bo‘zsuv va Salar kanallari, tartibsiz joylashadigan yuk mashinalari... Qachonlardir yashil va obod bo‘lgan hududning aholisini hozircha hech kim tinglayotgani yo‘q.

Foto: Kun.uz

Ayni kunlarda Toshkentdagi Bo‘zsuv va Salar kanallari juda achinarli holatda, deyarli botqoqlikka aylanib qolgan. Kanallar na o‘t-o‘lanlardan, na chiqindilardan tozalangan, ya’ni atrofi qarovsiz va chiqindilar yig‘iladigan hududga aylanib qolgan.

Holbuki, mahalliy aholining eslashicha, bu yerlar 10 yilcha avval ko‘m-ko‘k daha bo‘lgan. Hozir esa daraxtlar kesilgan, uning o‘rnini esa bahaybat yuk mashinalari egallagan.

Piyodalar yo‘li masalasi esa alohida mavzu, ya’ni u deyarli mavjud emas. Masalan, Universitet ko‘chasidan Salar kanaligacha piyodalar yo‘lagi yo‘qligi bois yo‘lovchilar mashina yo‘lining bir qismidan yurishga majbur. Bu esa piyodalarning xafsizligiga ham, yo‘l tartib-qoidasiga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Shu yo‘lning qarama-qarshi tomoni – Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga eltuvchi yo‘l qurilish uchun mo‘ljallangan og‘ir mashinalar turar joyiga aylantirilgan. Yuk mashinalarning turar joyi bo‘lmagan bu hududning endilikda band etilgani piyodalar va talabalarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Bu maydon qachonlardir so‘lim xiyobon bo‘lgan.

Noqulayliklar hamda atrof-muhitning tobora qarab bo‘lmas ahvolga aylanib borayotgani mahalliy aholi, shuningdek, institut talabalarining noroziligiga ham sabab bo‘lmoqda. Talabalarning aytishicha, hozirda yo‘llar tirband, piyodalar yo‘lagi yo‘q, bori ham ta’mirtalab.

Tez orada sovuq kunlar kelishi, yog‘ingarchiliklarining boshlanishi noqulayliklarni yana ham oshiradi.

Mahalla aholisi, Respublika perinatal markaziga tashrif buyuruvchilar (bemorlar va ularning yaqinlari) hamda talabalar uchun har jihatdan noqulay bo‘lib qolgan bu hudud Toshkent shahar va Yunusobod tuman hokimliklarining e’tiboriga muxtoj.

Qolaversa, yuk avtomobillari va maxsus texnika vositalari betartiblik “bekati”ga aylantirgan joylar ham tegishli idoralarning nazoratiga olinmasa bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan.

Bo‘zsuv va Salar kanallari shu holda qoldiriladigan bo‘lsa, shundoq ham ekologik muammolar domida qolayotgan Toshkentning ahvolini yanada og‘irlashtiradi.

Bu muammolar hudud va unda yashovchi aholi taqdiriga befarq bo‘lmagan Yunusobod tuman hokimligi uchun ko‘p ham boshqotirma bo‘lmaydi, deb umid qilamiz.

Mavzuga oid