O‘zbekiston | 10:06 / 07.10.2023
11686
4 daqiqa o‘qiladi

Botanika bog‘i poytaxt hokimligi huzuridagi muassasa ixtiyoriga o‘tkazilmoqda 

Fanlar Akademiyasiga qarashli, 1950 yilda tashkil etilgan, 65 ga yer maydoniga ega Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasasi balansiga o‘tkazilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uz portalida Hukumatning «Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi paydo bo‘lgan.

Qarorda respublikadagi 196 ta istirohat bog‘ini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlari hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasalari balansiga o‘tkazish belgilangan. Ro‘yxatda Toshkent shahrida joylashgan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Botanika bog‘i ham bor. Tashkil qilinganiga 73 yil bo‘lgan mazkur bog‘ ayni paytda Fanlar akademiyasi Botanika instituti balansida.

Hukumatning mazkur qaror loyihasi keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lyapti. 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi qaror loyihasi bo‘yicha munosabat bildirib, Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerakligini ma’lum qildi.  

“O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi mazkur Botanika bog‘i uning nizomiga ko‘ra, ilmiy muassasa bo‘lib, bugungi kunda bog‘dagi o‘simliklarning turlari genofondi, sonining xilma-xilligi, kolletsion turlar genofondi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik yagona bo‘lgan noyob ilmiy-unikal obekt hisoblanadi.

 Botanika bog‘i 2-3 yilda yana 200 dan ortiq yangi manzarali turlar bilan boyitilgan. Ayni paytda mazkur bog‘da 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud.

 Shu bilan birga, noyob va endem o‘simliklar turlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 40 ga yaqin noyob va tabiatda yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kolleksiyalari yaratilmoqda.

 Xalqaro indeks tizimi orqali 80 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan manzarali o‘simliklar urug‘ini almashinish yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda Botanika bog‘ida 97 nafar xodim, shu jumladan, 3 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi faoliyat olib bormoqda. So‘nggi yillarda Botanika bog‘ining bazasida 7 ta doktorlik va 5 ta PhD dissertatsiyalar himoya qilingan. Shuningdek, 3 ta ilmiy laboratoriyalar ishlamoqda.

2021 yilda Toshkent Botanika bog‘i dunyodagi 118 ta davlatlardagi 800 ta botanika bog‘lari bilan ish olib boruvchi hamda o‘simliklarni saqlab qolish bo‘yicha o‘zaro hamkorligi dunyodagi eng katta tarmoqni tashkil etuvchi Xalqaro Botanika bog‘larini himoya qilish (Botanic Gardens Conservation International – BGCI) tashkilotiga a’zolikka qabul qilingan.

Yuqoridagi qaror loyihasida istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, attraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu faoliyat esa, ilmiy muassasa sifatida tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘ida saqlanayotgan, dunyoning 5 qit’asidan keltirilgan, noyob bo‘lgan flora obektlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli, Botanika bog‘ini Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasidan chiqarish hamda unga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz”, deyiladi partiya munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur masala bo‘yicha partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi nomidan Hukumatga deputatlik so‘rovi yuborilgan.

Mavzuga oid