Jahon | 21:39 / 09.10.2023
33462
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston kriminal avtoriteti o‘limidan so‘ng 1 milliard dollarlik mulki musodara qilindi, o‘nlab odamlar hibsga olindi 

Mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi misli ko‘rilmagan operatsiya o‘tkazilmoqda. 

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXQ) uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorlikda gumon qilingan fuqarolarni qo‘lga olishda davom etmoqda. Ko‘pgina qirg‘iz «kriminal avtoritetlari» o‘z «maqomi» va «jinoiy tushunchalari»dan voz kechgani haqidagi videolarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilmoqda. MXQ qirg‘izistonlik yirik tadbirkorlarni ogohlantirmoqda: ular uyushgan jinoiy guruhlarga moliyaviy yoki boshqa har qanday yordam ko‘rsatgani uchun javobgar bo‘lishadi. 

Qirg‘iziston zamonaviy tarixidagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi huquqni muhofaza qilish organlarining eng yirik operatsiyasi 4 oktyabrda boshlandi: shu kuni eng mashhur kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev hibsga olinishga urinish vaqtida o‘ldirildi. 

Qo‘lboyev o‘limidan so‘ng, jinoyat olamining ko‘plab boshqa taniqli vakillari ommaviy ravishda videomurojaatlarni yozib, internetga joylashtira boshladi. 

Jumladan, «qonunga bepisand o‘g‘rilar»dan biri Ulan To‘qtosunov (laqabi «Soqol») «o‘g‘ri» maqomidan voz kechishini aytdi. «Avval qilgan harakatlarim uchun qonun oldida javob berganman. Hozir menda jinoiy maqom yo‘q», dedi Qo‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zosi deb atalgan Qodir Do‘sonov (Jyengo). Shuningdek, O‘sh shahri «nazoratchisi» sifatida nom qozongan Olmos Ermebayev «hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashi va Qirg‘iziston qonunlariga amal qilishini» e’lon etdi. MXQ ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zolari hisoblanadigan yana bir qancha kishilar shunday murojaatlar bilan chiqish qilgan. 

MXQ Qo‘lboyevga aloqador o‘nlab odamlar hibsga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, «avtoritet»ga tegishli deb hisoblangan mol-mulklar xatlangan va olib qo‘yilgan. Razvedka xizmatlari hibsga olingan aktivlarning umumiy miqdorini 1 milliard dollarga baholamoqda, jumladan, 60 dan ortiq avtomobil va 850 ta ko‘chmas mulk. 

«Bu Qamchibek va uning atrofidagilarga tegishli noqonuniy mulklarni qidirish ishlarining dastlabki natijalari, xolos. Jarayon mamlakat ichida ham, xorijda ham, xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Turkiya, BAA va Yaponiyada ham davom etadi», deyiladi MXQ xabarida. 

Maxsus xizmatlar Qo‘lboyev uyushgan jinoiy guruhi mulkining asosiy qismi «hurmatli tadbirkorlar, Qirg‘izistondagi va xorijdagi o‘rta va yirik biznes vakillari hisobidan» qo‘lga kiritilganini da’vo qilmoqda. 

MXQ rahbari Qamchibek Tashiyev qirg‘izistonlik tadbirkorlarga murojaat qilib, nafaqat ishbilarmonlardan pul undirganlar, balki pul o‘tkazgan tadbirkorlar ham javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi. «Jinoyat olami a’zolariga pul berganlar buni bas qilinglar. Agar moliyalashtirish davom etsa, siz javobgar bo‘lasiz. Jinoyatchilar tadbirkorlardan, hatto investorlardan pul olib, ayrimlarining mulkini tortib olgani aniqlandi. Kimki bunday xatti-harakatlardan jabr ko‘rgan bo‘lsa, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga murojaat qiling», dedi Tashiyev.

Mavzuga oid