O‘zbekiston | 07:43 / 12.10.2023
10716
2 daqiqa o‘qiladi

Obodonlashtirish xizmati xususiy sektorga berilishi mumkin

Hozirda shahar va tumanlardagi obodonlashtirish xizmatini xususiy sektorga berish, har bir ko‘chani daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilib, bir yillik mablag‘i bilan ochiq tanlovga qo‘yish taklifi o‘rganilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda obodonlashtirish xizmati xususiy sektorga berilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘rmon xo‘jaliklarida 5 million dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum ekish, bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 million dona ko‘chat ekish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”larni barpo etish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishda daraxtlar va yashil hududlarni parvarish qilishni yaxshilash maqsadida obodonlashtirish bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Bu borada hozirda shahar va tumanlardagi obodonlashtirish xizmatini xususiy sektorga berish, har bir ko‘chani daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilib, bir yillik mablag‘i bilan ochiq tanlovga qo‘yish taklifi o‘rganilmoqda.

Bu tartibni avvalo tajribadan o‘tkazib ko‘rish, natijasiga qarab barcha tuman va shaharlarni ushbu tizimga o‘tkazish lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilish davomida hududlar, vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Mavzuga oid