Shavkat Mirziyoyev MDH oliy mukofoti bilan taqdirlandi
Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.
13 oktyabr kuni Bishkekda MDH davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni «MDH ishtirokchi davlatlari orasidagi hamjihatlik rivojlanishi, do‘stlik mustahkamlanishi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka qo‘shgan ulkan hissasi uchun» tantanali ravishda taqdirladi, deyiladi Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabarida.
Sadir Japarov o‘z nutqida Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Markaziy Osiyo va butun MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini e’tirof etgan.
«Qayd etishni istardimki, ko‘p jihatdan uning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli MDHga a’zo mamlakatlar o‘rtasida davlatlararo munosabatlarda mutlaqo yangicha ishonch muhiti yaratildi, o‘zaro savdo va sarmoya hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, transport va suv-energetika infratuzilmasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi qulay muhit shakllanmoqda», — deya qayd etgan qo‘shni davlat prezidenti.
Sadir Japarov shuningdek aynan Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini demilitatsiya qilish jarayonini yakunlash imkoni bo‘lganiga ham alohida urg‘u qaratgan.
«Ushbu masala hal etilishi barcha sohalarda qirg‘iz-o‘zbek hamkorligiga ijobiy dinamika qo‘shib, ko‘p ylliar davomida ochiq qolayotgan muammolarni hal etishga turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston keyingi yillarda MDH faoliyatidagi ishtirokiga qanday sifat jihatidan yangi dinamika qo‘shganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari qatorida transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish, normativ hujjatlar va standartlarni uyg‘unlashtirish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish va o‘zaro preferensiyalar berish borasidagi vazifalar izchil hal etilmoqda. MDH doirasida o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar shular jumlasidan», — degan u.
Japarov o‘z nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyevga MDH davlatlari integratsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, doimo Hamdo‘stlik makonida ishbilarmonlik aloqalari va har tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tegishli tashabbuslarni ilgari surayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Sadir Japarovga mukofotlash tashabbusi uchun minnatdorchilik bildirib, bu uning uchun nafaqat kutilmagan, balki katta mas’uliyat ham ekanini ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston mukofotni avans sifatida qabul qilib, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatida» ekanini ta’kidladi.
«Menimcha, bu uzoq sayohatning boshlanishi. Hamdo‘stligimizning har bir mamlakati bilan butunlay boshqacha tarzda ishlash uchun hamma narsani qilamiz. Chunki bugungi mukofot va sizlarning ishonchingiz O‘zbekistonga, O‘zbekiston prezidentiga juda ko‘p mas’uliyat yuklaydi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Davlat rahbari Qirg‘iziston, xususan, Sadir Japarov bilan ishonchli va yaxshi ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilganini ta’kidlab, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan 30 yil ichida boshqalar qila olmagan narsaga erishganini qayd etgan.
«Ta’kidlash joizki, keyingi bir necha yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz MDHning tarmoqlar bo‘yicha hamkorlikning 24 ta organiga qo‘shildi, 65 ta tuzilmasi faoliyatida to‘liq ishtirok etmoqda.
Ushbu davrda O‘zbekiston prezidenti tomonidan ko‘plab muhim yo‘nalishlar yuzasidan qariyb 70 ta tashabbus ilgari surildi. Ularning aksariyati Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ro‘yobga chiqarildi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, MDH Faxriy nishoni — MDH Davlat rahbarlari kengashining 2002 yil 7 oktyabrdagi qarori bilan ta’sis etilgan bo‘lib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.
Shu paytga qadar ushbu mukofot bilan RF prezidenti Vladimir Putin, Ozarboyjonning sobiq prezidenti Haydar Aliyev, Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchma, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va boshqalar taqdirlangan.
Mavzuga oid
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024