Jahon | 23:52 / 14.10.2023
11357
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya parlamentida «aborigenlar ovozi» bo‘lmaydi

Aholining ko‘pchiligi referendumda bunga qarshi ovoz berdi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz Foto: Kelly Barnes/NCA NewsWire

Avstraliya aholisining aksariyati (60 foiz) hukumat tuzilmalarida materik tub aholisini ifodalovchi maxsus organ tashkil etilishiga qarshi ovoz berdi. Referendum natijalari News.com.au tomonidan e’lon qilindi.

Tashabbus loyihasida «Tub aholi ovozi» ishchi nomi ostida maslahat organi tashkil etilishi, uning faoliyati Avstraliya konstitutsiyasida mustahkamlanishi rejalashtirilgan edi. Loyiha mualliflari organ mahalliy xalqlar hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlar bilan bog‘liq bo‘lgan parlament majlislari va vazirlar mahkamasi majlislarida ishtirok etishi, mamlakatni birlashtirib, aborigenlar va mustamlakachilar avlodlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga chek qo‘yishini aytishgandi.

Loyihani tasdiqlash uchun olti shtatdan to‘rttasida ko‘pchilik ovoz to‘planishi kerak edi. Biroq, barcha shtatlar unga qarshi ovoz berdi.

Mahalliy aholi vakillariga referendum o‘tkazishga va’da bergan Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz avstraliyaliklarning tanlovini hurmat qilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi rasmiylar tub aholini mamlakat siyosiy hayotiga jalb qilishning boshqa yo‘lini izlaydi.

Mavzuga oid