Jahon | 13:04 / 14.10.2023
16562
14 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘hna qit’a»ga intilayotgan afrikaliklar uchun qo‘nalg‘a – Yevropa Ittifoqiga muammo tug‘dirayotgan ikkita anklav

Yevropa Ittifoqining quruqlikdagi chegaralari faqat Yevrosiyo bo‘ylab o‘tadi degan odam adashadi. «Ko‘hna qit’a»ning quruqlikda Afrika, hatto Janubiy Amerika bilan ham chegaralari bor. Yevroittifoqning Janubiy Amerikadagi chegarasi Fransiya Gvianasi bo‘ylab, Afrikadagi chegarasi esa Marokash shimoliga tutash bo‘lgan ikkita anklav orqali o‘tadi. Ana shu ikkita anklav yevropaliklar uchun ancha muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Foto: alamy.com

Bugun Yevropa Ittifoqi oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri «Ko‘hna qit’a»ga oqib kelayotgan afrikalik muhojirlar masalasi hisoblanadi.

Bu muhojirlarning asosiy qismi qo‘lbola qayiqlarda O‘rta Yer dengizidan suzib o‘tib Ispaniya, Italiya, Fransiya, Gretsiya, Malta, Turkiya va Kipr orqali Yevropaga kirmoqda.

Biroq Afrika shimolida ikkita shahar borki, ularga kirib olgan muhojirlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqiga kirgan hisoblanadi. Bular O‘rta Yer dengizi sohillarida, Marokash shimoliga tutash yerda joylashgan Sabta va Malilya shaharchalari.

Har ikkala shaharcha bugun Yevropa Ittifoqi uchun haqiqiy bosh og‘riqqa aylangan. Har yili mazkur shaharchalar orqali ko‘p sonli muhojirlar Yevropa Ittifoqi hududiga o‘tadi.

Sabta va Malilya shaharchalari ancha yillardan buyon Ispaniya va Marokash o‘rtasida talash bo‘lib kelmoqda. Garchi muhojirlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa ham Ispaniya hozircha ularni Marokashga topshirmoqchi emas.

Sabta va Malilya tarixi

Sabta va Malilya shaharchalarini yevropaliklar ilk bor 15-asrda egallaydi. Ungacha har ikki shaharcha arab hukmdorlari qo‘l ostida bo‘lgan.

Jumladan, Sabta shahrini 1415 yilda portugallar, Malilyani 1497 yilda ispanlar egallashadi. Keyinchalik 1580 yilda Sabta shaharchasi nazorati portugallardan ispanlarga o‘tadi.

Arab hukmdorlari bu ikki shaharchani qaytarib olish uchun ko‘p marta hujum qilishgan. Biroq bunday urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgan va ispanlar ularni o‘z nazoratida saqlab qolgan.

17-18-asrlarda Usmonli saltanati butun O‘rta Yer dengiziga egalik qilgan paytlarda ham har ikki shaharcha ispanlar nazorati ostida qoladi.

O‘sha paytlarda Bolqon yarimorolida Avstriya-Vengriya imperiyasi, Kavkazda va Qrimda Rossiya imperiyasi bilan jang olib borayotgan turklar Marokash O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismida bo‘lgan Sabta va Malilyani ozod qilish masalasiga jiddiy qaramaydi.

Qolaversa, o‘sha paytda har ikki shaharchada juda kam odam yashagan va ular strategik muhim joy hisoblanmagan.

Har ikki shaharchaga egalik qilish masalasidagi mojarolar 1956 yilda Marokash Fransiya mustamlakasidan ozod bo‘lgandan so‘ng yana diqqat markaziga chiqadi.

Sabta shaharchasi \ Foto: noticias.com

O‘shandan buyon bu davlat har ikki shaharcha o‘ziga tegishli ekanini aytadi. Ispaniya esa bu da’volarni tan olmaydi va Sabta va Malilyani Marokashga topshirmoqchi emas.

Bugun Sabta va Malilya shaharchalarining har birida 80 ming nafardan oshiq odam yashaydi. Aholining bir qismi ispanlar, qolgani arablar va barbarlar. Shaharchada ispan va arab tillaridan birday foydalaniladi. Rasmiy til ispan tili hisoblanadi.

1978 yilda Ispaniya konstitutsiyasida Sabta va Malilya shaharlarining maqomi belgilab qo‘yiladi:

«Agar Sabta va Malilya shaharlarining munitsipal kengashlari o‘z a’zolarining mutlaq ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilsa va agar bu qaror konstitutsion qonunning 144-moddasida belgilangan tartib bilan tasdiqlansa, har ikki shahar muxtoriyat jamoalarini tashkil etishi mumkin».

Shundan so‘ng Sabta shaharchasi konstitutsiyada belgilangan normadan foydalanib Ispaniyaning muxtoriyat huquqiga ega bo‘ladi.

Malilya shaharchasi Sabtaga qaraganda ancha qadimiy. Bu shaharchaga eramizdan bir necha asr avval finikiyaliklar asos solishgan. Shaharcha o‘z tarixida ko‘p marta qo‘ldan qo‘lga o‘tgan.

Uni Karfegan bilan urushda g‘alaba qozongan rimliklar egallagan. Eramizning to‘rtinchi asrida Rim imperiyasining juda katta qismini bosib olgan vandallar egallab vayron qilishgan.

Keyinchalik vizantiyaliklar uni qayta tiklashgan. Shaharcha yettinchi asr oxirroqlarida musulmonlar hukmronligi ostiga o‘tgan. O‘sha paytda u Malilya nomini olgan. Barbar tilidan tarjima qilinganda Malilya Oq shahar ma’nosini anglatadi. Shaharchani 1497 yilda ispanlar egallashadi.

Sabta va Malilya shaharchalari Ispaniya bilan havo va dengiz transporti, avtoyo‘llar orqali esa Marokashning turli shaharlari bilan bog‘lanadi.

Malilya shaharchasi \ Foto: veraclasse.it

Sabta va Malilya – Yevropa Ittifoqi uchun jiddiy muammo

Bugun Afrikadan kelayotgan muhojirlar oqimi Yevropa ittifoqi jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. «Ko‘hna qit’a»gilar harchand urinib afrikaliklarni to‘xtata olishmayapti.

Ular Afrikadan kelayotgan muhojirlarni Yevropaga o‘tkazib yubormaslik evaziga O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi davlatlarga moddiy yordam yoki boshqa ko‘rinishda ko‘mak ko‘rsatishga ham tayyor.

Biroq bunday choralar bilan ham musofirlar oqimini to‘xtatib qolish qiyin bo‘layapti. Yildan yil ularning oqimi battar kuchayib boryapti.

Sabta va Malilya shaharlari Ispaniya uchun muhim bo‘lishi mumkin. Shu uchun ham bu davlat Marokashning biqinida joylashgan bu ikki shaharni arablarga bermasdan kelyapti.

Biroq har ikki shaharcha ham Yevropa Ittifoqi uchun haqiqiy bosh og‘riq bo‘lmoqda. Bunga esa Afrika qit’asidan Yevropaga oqib kelayotgan muhojirlar sabab bo‘lyapti. Ana shunday vaziyatda muhojirlar uchun Sabta va Malilya shaharchalarining ahamiyati katta bo‘lmoqda.

Ispaniya Afrikadagi chegaralarini muhojirlardan zirhli texnikalar yordamida himoya qilishga majbur bo‘lmoqdam Foto: alamy.com

Har yili Afrika va Osiyodan bir necha yuz ming kishi Yevropaga yaxshi hayot qidirib keladi. Jumladan, 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga 330 ming noqonuniy muhojir kirgan. Ularning asosiy qismini afrikaliklar tashkil etgan va ular O‘rta Yer dengizi orqali o‘tishgan.

Afrikaliklar Yevropaga intilar ekan, ular ko‘hna qit’aga quruqlik yo‘li bilan faqat Sabta va Malilya shaharchalari orqali o‘tishi mumkin. Ammo bu juda qiyin. Shu sababli ular o‘z hayotini xatarga qo‘yib, qo‘lbola qayiqlarda Afrika sohillaridan Yevropaga yetib olishga harakat qiladi.

Bugun ko‘hna qit’aga oshiqayotgan afrikaliklarning Yevropaga yetib kelganlarining soni qisman ma’lum. Manzilga yetib kelguncha O‘rta Yer dengizidan o‘tish chog‘ida cho‘kib ketganlarning soni ma’lum emas.

Afrikadan Yevropaga intilayotganlarni O‘rta Yer dengizidan qo‘lbola qayiqlarda o‘tkazib qo‘yuvchilar tekinga xizmat qilmaydi. Bu uchun yaxshigina xizmat haqi to‘lash kerak.

Shu sababli Sabta va Malilya shaharchalari orqali Yevropa Ittifoqiga o‘tmoqchi bo‘layotganlar soni keyingi yillarda muntazam oshib bormoqda.

Sabtaga kirish uchun kelgan muhojirlar Foto: alamy.com

Aslida bu ikki shaharcha orqali Yevropaga o‘tishni maqsad qilgan muhojirlarni Marokash o‘z hududiga o‘tkazmasligi ham mumkin. Biroq Sabta va Malilya uchun da’vo qilayotgan va Ispaniya tomonidan rad javobini olayotgan bu davlat Yevropaga intilayotgan muhojirlarning yo‘lini to‘smaydi.

Shu sababli Afrika markazida joylashgan davlatlardan yo‘lga chiqqan muhojirlar Marokash hududi orqali bemalol harakatlanib, Sabta va Malilya chegarasigacha yetib kelishadi.

Muhojirlar Marokash tomondan qayiqda kirmasligi uchun har ikkala shaharchaning O‘rta Yer dengizi sohillariga tutash tomoni jiddiy qo‘riqlanadi.

Marokash bilan quruqlikdagi chegarada esa baland qilib, ikki qator tikanli simto‘r tortilgan. U yer 24 soat davomida chegarachilar tomonidan qo‘riqlanadi.

Biroq muhojirlar ham anoyi emas. Kichik guruhlar yig‘ilib odamlar ko‘payguncha Marokash hududida yashab turishadi. So‘ng yig‘ilganlarning soni bir necha yuz kishi bo‘lgach, chegaradagi simto‘rdan oshib o‘tish boshlanadi.

Muhojirlar baland simto‘r tepasida Foto: alamy.com

Bunday paytlarda har ikki shaharni qo‘riqlab turgan chegarachilar va politsiya xodimlari barcha muhojirni to‘xtatib qolishga ulgurishmaydi. Natijada ancha odam Yevropa Ittifoqining bir bo‘lagi bo‘lgan shaharchalarga kirib oladi.

Ayrim paytlarda «shturm»dan avval yig‘ilgan muhojirlar soni bir necha ming kishidan ham oshib ketadi. Bunday paytda ispan chegarachilari hech narsa qila olishmaydi va ularning katta qismi shaharchalarga kirib oladi.

Ba’zida muhojirlar ikki tomondan, quruqlik va dengizdan kirishga harakat qilishadi. Politsiya va chegarachilar quruqlikdagi muhojirlarni qaytarish bilan band bo‘lganida ularning bir qismi dengiz sohilidan ham kirishga urinishadi. Bu ish avvaldan rejalashtirilib, amalga oshiriladi.

Har ikki shaharchaning o‘zida va unga tutash bo‘lgan Marokash hududida muhojirlar vaqtincha yashaydigan lagerlar bor. Marokash hududidagi lagerda shaharchaga o‘tish uchun kelganlar qulay vaziyat bo‘lguncha yashayveradi.

Muhojirlar har ikki shaharchaga kirib olishsa, ularni ortga qaytarib yuborishmaydi. Eng avval ular vaqtinchalik lagerga joylashtiriladi. So‘ng vaqti-vaqti bilan Yevropaning turli davlatlariga chiqarilib yuboriladi.

Ya’ni Sabta hamda Malilya va uning atrofidagi vaziyat shundayki, chegaraning ikki tomonida ham vaqtincha yashash lagerlari bor. Marokash tomondagisini muhojirlarning o‘zlari, shaharchalardagini esa Sabta Malilya ma’muriyati tashkil etgan.

Marokash tomondagi lagerda yashayotganlar qulay vaqtni kutishadi. Shaharchalarda joylashgan lagerda yashayotganlar esa Yevropa qit’asiga jo‘natib yuborishlarini.

Afrikalik muhojir maqsadiga yetdi Foto: alamy.com

Yevropa Ittifoqida muhojirlar masalasi

1990 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari boshpana taqdim etish bo‘yicha so‘rovni ko‘rib chiqadigan davlatni belgilovchi Dublin konvensiyasini imzolagan. Bu hujjatga ko‘ra, qochqin o‘zi kirgan birinchi «xavfsiz mamlakat»dan boshpana so‘rashi shart.

Ayni damda Yevropaga muhojirlar asosan O‘rta Yer dengizi bo‘yida joylashgan Ispaniya, Italiya, Malta, Gretsiya va Turkiya orqali kirib kelishmoqda. (2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng bir muddat ukrainaliklar kirishgan)

Muhojirlar birinchi kirgan davlatidan boshpana so‘raganidan so‘ng uni Yevropa Ittifoqidagi boshqa davlatlar qabul qilishi belgilangan.

Biroq so‘nggi yillarda «Ko‘hna qit’a»dagi aksariyat davlatlar ularni qabul qilishdan bosh tortmoqda. Oqibatda muhojirlar ilk kirib kelgan davlatlarda inqiroz yuzaga kelyapti. Eng jiddiy vaziyat Italiyada sodir bo‘lmoqda.

Afrikalik muhojirlar harakatlanadigan asosiy yo‘nalishlar

Joriy yilda Yevropa komissiyasi migratsiya va boshpana to‘g‘risidagi paktni tayyorladi. Unda migratsiya inqirozi sharoitida Dublin konvensiyasini almashtirish bo‘yicha qator qonunchilik takliflari mavjud.

Jumladan, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen tomonidan 2020 yil sentabr oyida Yevroparlamentda e’lon qilingan yangi qoidalar asosan migrantlar kelgan birinchi mamlakatdan migratsiya yukini olib tashlash va uni barcha a’zo davlatlar o‘rtasida taqsimlashga qaratilgan.

Shartnoma, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini mustahkamlash, boshpana so‘rovlarini topshirish va rad etish tartibini tezlashtirishni ham nazarda tutadi.

Hujjat, shuningdek, rad etilgan qochqinlarni o‘z mamlakatlariga qaytarish jarayonini soddalashtirish va bu davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ham o‘z ichiga oladi.

Biroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bir qator a’zolarining migratsiya muammosiga mutlaqo qarama-qarshi pozitsiyasi tufayli umumiy kelishuvga erisha olmay kelyapti.

Yevropaga yetib kelgan afrikalik muhojirlar

2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli birmuncha vaqt noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalasi Yevropa Ittifoqi kun tartibidan tashqarida qoldi. Biroq pandemiya ko‘lami pasaygach, muhojirlar oqimi deyarli barcha yo‘nalishlar bo‘ylab «jonlandi».

«Tolibon»ning 2021 yil yozida Afg‘onistonda hokimiyatga qaytishi va 2022 yil boshida Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli vaziyat battar chigallashdi va Yevropa Ittifoqiga intilayotgan muhojirlar soni yana oshdi.

Bu holat Yevropa Ittifoqini migratsiya muammosini hal etish yo‘llarini izlashga e’tibor qaratishga majbur qilmoqda. Biroq bu muammo bo‘yicha ijobiy yechim ko‘rinmayapti.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Yevropa ittifoqi mamlakatlariga muhojirlarni noqonuniy olib kirayotgan jinoiy guruhlar faoliyati keng quloch yoymoqda. Shu sababli bir qator davlatlar chegara nazoratini kuchaytirishga intilyapti.

Italiya sohillariga yetib kelgan afrikalik muhojirlar

Ular orasida Slovakiya ham bor. Bu mamlakat IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 9 oyda Slovakiyaga Bolqondagi mamlakatlar orqali kirib kelgan 39 688 nafar noqonuniy muhojir qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda o‘n bir barobarga ko‘p ekani aytilmoqda.

Umuman olganda so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi muhojirlar oqimi bilan bog‘liq juda ko‘p muammolarga duch kelyapti. Muhojirlar oqimiga birinchi bo‘lib duch kelayotgan davlatlarda vaziyat ancha jiddiy. Qit’a ichkarisida yoki shimolida joylashgan davlatlarda esa holat birmuncha mo‘’tadil. Muhojirlar esa yildan yil ko‘proq kirib kelishda davom etmoqda.

Afrikalik muhojir Sabta shaharchasi chegarasida oldida yashab qulay vaziyat bo‘lishini kutmoqda

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid