Prezident Chilonzor tumanida ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini ko‘zdan kechirdi
Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishi aytilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini borib ko‘rdi.
Inshoot bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. U soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Turkiyaning «Iltekno» kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan loyiha uchun Germaniyaning gaz-porshenlari hamda Bosch qozonlari o‘rnatilgan. Shuningdek, qozonxonadan iste’molchilargacha bo‘lgan barcha issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilingan. 13 ming metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yangi, izolyatsiyali quvurlarga almashtirilgan.
Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar 67 foiz kamayadi, oqova suv tashlanmalari esa umuman bo‘lmaydi. Loyihaning yana bir samarali jihati - issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlanganida. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat mo‘’tadil saqlab turiladi.
Qayd qilinishicha, Toshkent shahri va tegishli sohalar mutasaddilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha prezidentga axborot berdi. Davlat rahbari energetika, kommunal, qurilish va servis kompaniyalari kabi barcha vositalarni safarbar qilib, ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish, energiya va issiqlik ta’minoti barqaror qilish, bu borada xalq nazoratini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
16:16
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024