O‘zbekiston | 22:51 / 14.10.2023
20595
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi

Prezident Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi «Oqtepa» va «Bog‘zor» mahallalariga tashrifi chog‘ida jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi «Oqtepa» va «Bog‘zor» mahallalari aholisi bilan uchrashdi. Suhbatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni haqida so‘z bordi.

- Bugun kelishimizdan maqsad - o‘tgan yilgi saboqdan natija nima bo‘lganini ko‘rish, - dedi davlat rahbari. - Buning uchun kerakli qarorlar qabul qildik, katta mablag‘lar ajratdik. Xorijdan texnologiyalar, mutaxassislar olib keldik. Soha xodimlari qo‘shimcha o‘qitildi, ularning oyligi oshirildi. Hozir rahbarlarga har bir mahalla, har bir ko‘pqavatli uy, maktab, shifoxonalarga kirib, issiqlikni kafolatlash bo‘yicha yana topshiriqlar berdim. Eng muhimi, bu borada xalq nazoratini yo‘lga qo‘yamiz. Shu bilan birga, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish kerak. Sizga o‘xshagan ko‘pni ko‘rgan insonlar, ziyolilar bunda namuna, davlatga ko‘makchi bo‘lishi zarur, deb qo‘shimcha qildi prezident.

Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev daraxt ekib, «Yashil makon» loyihasining kuzgi mavsumini boshlab berdi.

Qayd qilinishicha, bu mavsumda 85 million tup ko‘chat o‘tqazilishi mo‘ljallangan. O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko‘chat bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, 15 oktyabrdan barcha tuman va mahallalarda ko‘chat yarmarkasi tashkil qilinadi.

Mavzuga oid