O‘zbekiston | 19:25 / 16.10.2023
57194
3 daqiqa o‘qiladi

Vodilda chegarachilar va mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal vaqtida ikki kishi halok bo‘ldi

Chegarachilar mamlakat hududiga noqonuniy olib kirilgan mahsulotlar topilgan mashina egalarini bo‘linmaga olib ketmoqchi bo‘lganida vaziyatga ularning sheriklari aralashgan.

Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradosh Vodil aholi yashash manzili hududida chegarachilar va mahalliy aholi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro vaqtida ikki kishi halok bo‘ldi. Chegara qo‘shinlari Farg‘ona tumani chegara oldi hududida sodir bo‘lgan holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Joriy yilning 16 oktyabrga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani Vodil aholi punktida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar A.M. va O.Yu. ismli shaxslar boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilganida mazkur avtotransport vositasining salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Chegara qo‘shinlari bo‘linmasiga borish taklif etilganida, fuqarolar A.M. va O.Yu. hamda voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yig‘ilgan ularning o‘n nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik ta’sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va chegarachilarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga nisbatan kuch ishlatishgan», deyiladi chegarachilar xabarida. 

Natijada harbiy xizmatchilar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlar teng kelmagani bois, chegarachilar fuqarolarning noqonuniy harakatlarini to‘xtatish maqsadida ogohlantiruvchi o‘q uzishiga qaramasdan, ular g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirgan.

«Ogohlantirishdan to‘g‘ri xulosa qilmay, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko‘rsatishda davom etgan fuqarolarning ikki nafari qurol qo‘llanishi natijasida voqea joyida vafot etgan», deyiladi xabarda. 

Mazkur holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid