O‘zbekiston | 16:13 / 18.10.2023
15492
2 daqiqa o‘qiladi

Sektorlar rahbarlari Toshkentdagi harbiy qismda o‘qitilmoqda

Shahar va tumanlardagi 5 ta sektor rahbarlari poytaxtdagi harbiy qismlardan birida yashagan holda mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha o‘qitilmoqda. Kun.uz manbasiga ko‘ra, uch kunlik o‘quv seminarlariga jalb qilingan rahbarlarning bu vaqt davomida ko‘chaga chiqishi va telefondan foydalanishi mumkin emas.

O‘zbekistondagi tuman (shahar)larning sektor rahbarlari mahallabay ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘qitilmoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hududlardagi 5 ta sektor rahbarlari (hokim, prokuror, ichki ishlar, soliq va milliy gvardiya boshliqlari) Toshkent shahrida qatnashish majburiy bo‘lgan o‘quv-amaliy seminarlarga jalb etilgan.

O‘qish muddati – 3 kun. Har bir yig‘inga 350 nafardan tinglovchi jalb qilingan. Bu vaqt mobaynida ular poytaxtdagi harbiy qismlardan birida istiqomat qiladi.

Rahbarlarning kun tartibi quyidagicha belgilangan:

  • 6:00 – uyqudan turish;
  • 07:30 – nonushta;
  • 08:30 – avtobusga chiqish (kech qolganlar hududiga qaytarib yuboriladi);
  • 09:30 – Prezident administratsiyasida o‘qish boshlanishi;
  • 13:30 – tushlik;
  • 19:00 – kechki ovqat;
  • 20:00 – sektor faoliyati bo‘yicha taqdimot ishlab chiqishga tayyorgarlik;
  • 21:00 – dam olishga ruxsat beriladi.

Manbaga ko‘ra, tinglovchilar bu kunlarda ruxsatsiz ko‘chaga chiqishi va telefondan foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yig‘in yakuni bo‘yicha sektor rahbarlaridan imtihon olinadi. Imtihondan o‘ta olmaganlar lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirilgan.

Mavzuga oid