O‘zbekiston | 11:17 / 18.10.2023
28033
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Singapur instituti 500dan ortiq talabani kursdan qoldirgani bo‘yicha izoh berildi

Singapur menejmentini rivojlantirish institutining 532 nafar talabasi akademik nizom talablarini qo‘pol ravishda buzgan. OTM har bir talaba holatiga individual yondashib, akademik huquqbuzarligi tahlil etilishini ma’lum qildi.

Foto: rank.uz

Toshkent shahridagi Singapur menejmentini rivojlantirish instituti (TSMRI)ning 500dan ortiq talabasi kursdan kursga qolgani aytilgan video yuzasidan oliygoh izoh berdi.

Qayd etilishicha, videoda Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida TSMRIda bakalavr bosqichida o‘qiyotgan talabalarning to‘planib turgani ko‘rsatilgan. Ular “Akademik nizom talablari”ga rioya etmagani uchun qayta o‘zlashtirish imtihonlaridan o‘ta olmagan, shuningdek, o‘quv jarayonlari bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan markaziy ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limiga murojaat qilgan talabalar bo‘lgan.

Sanderlend universiteti ta’lim tizimiga ko‘ra, talabaga fanni o‘zlashtirish uchun jami 4 marotaba imkoniyat beriladi. Shundan so‘ng ham talaba fanni o‘zlashtira olmasa, talabalar safidan chetlashtiriladi.

Institut ma’muriyatining ma’lumot berishicha, 2022-2023 o‘quv yilida Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida 2313 nafar talaba tahsil olgan bo‘lib, shundan 532 nafari akademik nizom talablarini qo‘pol ravishda buzgan (kurs ishlarida me’yordan ko‘p plagiat qayd etilishi – “plagiarism” hamda ko‘chirmakashlik qilish yoki shpargalkalardan foydalanish holati – “cheating”).

Oliygoh masala bo‘yicha Sanderlend universiteti akademik kengashi tomonidan har bir talaba holati individual o‘rganib chiqilishi va akademik huquqbuzarligi tahlil qilinishini bildirgan.

Hamkor universitetlar tomonidan olib borilayotgan o‘rganish natijalari to‘g‘risida bir necha kun ichida talabalarga ma’lum qilinadi. Talabalarning statuslari (fanni o‘zlashtirganlik holati) aniq bo‘lgunga qadar, vaqt yo‘qotmaslik maqsadida mazkur talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etilib, ular tegishli fanlarga yo‘naltirildi. Hozir talabalar o‘quv jarayonlarida ishtirok etyapti”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Ma’lumot uchun, institutda bir yillik o‘quv shartnoma to‘lovi 32 mln 256 ming so‘m. Qayta o‘zlashtirishga qolgan talaba faqatgina qayta o‘qiyotgan fani uchun to‘lovni amalga oshiradi. Buyuk Britaniya ta’lim standartlari asosida TSMRIda o‘quv har yili oktyabr oyidan boshlanadi.

Mavzuga oid