Jamiyat | 12:18 / 19.10.2023
32772
5 daqiqa o‘qiladi

“Ahvolim shu ekan deb yotib olsak bo‘lmaydi” - avtomobilni qo‘lsiz boshqarayotgan farg‘onalik haydovchi

Muzaffar Rahmonov 3 yoshida baxtsiz hodisa sabab ikki qo‘lidan ayrilgan. Qo‘lsiz mashina boshqarib, yuk tashiydi, hovlisida chorva boqadi. Ikki o‘g‘ilning otasi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti sirtqi ta’lim yo‘nalishining to‘rtinchi kursida o‘qiydi.

Farg‘ona shahri Yormozor mahallasida yashovchi Muzaffar kunlik ish faoliyati, oilasi, qo‘lsiz mashinani qanday boshqarishi haqida so‘zlab berdi.

“3 yoshimda eshigi ochilib qolgan transformatorni bilmay ushlab olganman, o‘shanda qo‘lim kuyib ketgan. Esimni taniganimda shu ahvolda edim. Boshqalar qatori bog‘cha, maktabga bordim. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchim Ra’no opa boshqalar bilan barobar yozish-chizishni o‘rgatdi, sen ham qilolasan, deb dalda bo‘ldi doim. Shu ustozlarim tufayli Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti sirtqi ta’lim yo‘nalishining 4-kursida davlat tomonidan grant asosida tahsil olyapman.

Oilamiz tinch, ikki o‘g‘lim bor, ayolimga rahmat. Katta o‘g‘lim qo‘limga qarab nima bo‘lganini so‘rab qoladi ba’zida. Xudo bergan sinov deb to‘g‘ri tushuntiraman. O‘g‘lim aqlli. Ikkinchisi hali kichik.

Muzaffar Rahmonov o‘g‘illari bilan

Ertalab bolalarni bog‘chaga tashlab, ko‘chaga chiqib ketaman mashina bilan. Mashina haydash odatiy hol men uchun, qiynalmayman, o‘rganib qolganman. Peshonaga yozilgani shu ekan deb uyda yotib olsak bo‘lmaydi. Yaratgan dard bergani bilan shunga yarasha yurakka o‘t ham solib qo‘yarkan. Bir joyda o‘tirishni yomon ko‘raman. Qo‘limdan kelgan ishni qilaveraman. Ota-onam ham menga ishonib, ishlab yurishimga turtki bo‘lishgan, bolam shunaqa ekan deb uyda olib o‘tirishmagan, harakat qilishni o‘rgatishgan. Boshida qiyin bo‘lgan, lekin ko‘nikib, o‘rganib ketdim.

Kunlarning birida Yozyovonga yuk tashlab kelayotsam, YPX xodimlari to‘xtatishdi. Haydovchilik guvohnomam yo‘q, doktor ruxsatini ololmaganmiz (to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi ularni ham, javobgarligi bor, biror nima bo‘lsa). Xullas, to‘xtatishgach, savol berishdi, hujjat so‘rashdi. Ochig‘ini aytdim men ham. Qiynalmayapsizmi, deyishdi, mashina haydashimni ko‘rsatdim o‘zlarini mindirib. Shundan keyin haydovchilik guvohnomasi beramiz, deyishdi. Mashina eski ekan, mashina oling, deyishdi. Shundan so‘ng Labo mashinasini olib berib, to‘lovlarini ham o‘zlari to‘lashdi.

Hayotda eng baxtli odamlardan biriman, deyishim mumkin. Hammaning oshkora yo faqat o‘ziga ayon bir kami bo‘ladi. Xudoga shukr, deyman, shunchalik qilib yaratdi. Bari o‘tib ketadi, barchamiz bir kun ketamiz, boriga shukr qilish kerak. Bir joyda to‘xtab qolganim yo‘q, shunga yarasha kuch-quvvat berdi. Harakat qilaverish kerak, sekinlik bilan bo‘ladi hammasi. Yiqilsa, turib yana davom etish kerak, Yaratgan bir kun hammasini beradi.

Ovqatlanishda ham o‘zim bemalol ovqatlanaman, biroz qiyinchiligi bordir, lekin ovqatniyam o‘zim qilolaman. Qalbimiz sog‘, tanimiz sog‘. Bola-chaqam yonimda, ota-onam salomat — Xudoning bergan yaxshi kuni shu-da.

Tirikchilik shu mashinaning ortidan. Birov unimni olib borib ber, deydi, birov boshqa bir yuk aytadi. Xalqning xizmati bilan rizqimizni terib yuribmiz. Yo‘lda YPX xodimlari to‘xtatib qolishadi. Qo‘llarsiz shunchalik tirikchilik qilib yuribsiz ekan, deb hayratga tushishadi. O‘zi qoida buzmayman, shunchaki tekshirish uchun to‘xtatishadi. Ehtiyot bo‘ling, deb tayinlab qo‘yib yuborishadi”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz,
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid