«Qo‘shni davlatlarda o‘zbek maktablari soni keskin kamayib bormoqda» - tilshunos
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov Kun.uz’ga bergan intervyusida qo‘shni davlatlarda o‘zbek maktablari yopilayotgani va o‘zbek tilining o‘qitilishi borasidagi og‘ir vaziyat haqida gapirdi.
Turkmaniston
Bugun Turkmanistonda 500 mingdan ortiq o‘zbek millatdoshlarimiz yashaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 yillargacha Turkmanistondagi maktablarda o‘zbek tili o‘qitilgan. Lekin undan keyin o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish bekor qilingan.
Bugun Turkmanistonda 500 mingdan ortiq o‘zbeklarning tili, madaniyatini targ‘ib qilish uchun milliy madaniyat markazi ham yo‘q.
«Xroniki Turkmenistana» gazetasi jurnalisti Botir Seyitquliyevning ta’kidlashicha, o‘zbek yoshlari pul topish bahonasi (xorijga chiqib ta’lim olish taqiqlangan) bilan Rossiya, Turkiya, Ukraina, Belorussiya davlatlari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, o‘sha yurtlarda qolib ketmoqda.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonning o‘zbeklar yashaydigan viloyatida ijod qiluvchi jurnalist shunday yozadi: «Novqot rayon xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abdumutallib Payazovning so‘zlariga ko‘ra, 2012 yilda 7 ta o‘zbek maktabi boshqa ta’lim tiliga o‘zgartirildi. Novqotdagi 109 ta maktabdan 13 tasigina o‘zbek tilida ta’lim berishni davom ettirmoqda, lekin keyinchalik ular ham qirg‘iz maktablariga aylanadi».
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zbeklar o‘z farzandlarining kelajagini o‘ylab ham qirg‘iz yoki rus maktablariga bermoqda. Rus maktablarida o‘qiyotgan o‘zbek yoshlarining aksariyati Rossiyaga ketmoqda.
Tojikiston
Tojikiston maorif va fan vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2015-2016 o‘quv yilida o‘zbek tilida ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni 205 ming 3 nafarni tashkil etgan. Oxirgi o‘n yillikda esa o‘zbek sinflari soni uch martaga qisqargan. O‘quvchilar soni 2011-2012 o‘quv yilida 299 ming 494 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-2021 yillarda 106 ming 83 nafarga tushib qolgan.
Qozog‘iston
Markaziy Osiyo davlatlari ichida o‘zbek tilining o‘rganilishi uchun nisbatan keng imkoniyat berayotgan davlat bu – Qozog‘iston.
Qozog‘istonda maktablar va darsliklar tayyorlash masalasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Lekin Qozog‘istonda ham bir holat ketyaptiki, (bu haqda yaqinda Qozog‘iston xalq ta’limi vaziri ham gapirdi) ularda o‘zbek tili va adabiyoti o‘zbek tilida o‘qitilishi mumkin. Lekin boshqa fanlar qozoq tilida o‘qitiladi. Bu bir tomondan to‘g‘ri va ijobiy holat. Chunki har qanday davlat o‘z tilini himoya qilishi, o‘z tilining mavqeyini ko‘tarishi kerak. Biz ham mana shu siyosatni o‘ylab ko‘rishimiz lozim.
O‘zbekiston
Agar rasmiy raqamlarga qarasak, bugun mamlakatdagi 10 ming 8 ta maktabning 1 ming 476 tasida rus va qardosh tillar o‘qitilmoqda. Bunda jumladan, 899 ta maktabda rus tilida, 133 tasida qoraqalpoq, 218 tasida qozoq, 38 tasida qirg‘iz, 165 tasida tojik va 23 tasida turkman tilida ta’lim beriladi.
Demak, xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyodagi eng tolerant davlat. Bu yerda etnik ozchilik bo‘lgan birliklarning o‘z tilida ta’lim olishiga hech qanday to‘siq yoki muammo yo‘q.
- Intervyuni to‘liq holda quyidagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin (intervyu 2021 yil 13 oktyabrda e’lon qilingan).
Mavzuga oid
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
22:48 / 03.12.2024