Jahon | 13:03 / 24.10.2023
26492
10 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar bilan to‘lib-toshgan Yer kurrasi – tarixdagi eng yirik tirbandliklar qayerda sodir bo‘lgan?

2023 yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahridagi ko‘plab asosiy ko‘chalarda ulkan tirbandliklar kuzatildi. Ma’lum bo‘lishicha, tirbandlikka poytaxt ko‘chalaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan. Ushbu materialda dunyoda sodir bo‘lgan eng yirik ko‘cha tirbandliklari haqida so‘z yuritamiz.

Foto: pixabay.com

Avtomobil sanoati keskin rivojlana boshlagandan buyon yirik shaharlarda tinimsiz ravishda tirbandliklar sodir bo‘lmoqda. Oqibatda, ko‘plab insonlarning qimmatli vaqti ko‘chada o‘tib ketmoqda. Shu jumladan, Toshkentda ham.

2023 yil 23 oktyabr kuni poytaxtda 10 balli tirbandliklar sodir bo‘ldi. Oqibatda shaharning asosiy ko‘chalarida mashinalar harakati to‘xtab qoldi va bu avtobuslar harakatiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Toshkentdagi tirbandlik

24 oktyabr kuni ertalab shaharning yigirmaga yaqin asosiy ko‘chasida tirbandlik qayta sodir bo‘lgan. Transport vazirligiga ko‘ra 70 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida kunning tig‘iz paytida qatnov vaqti va oraliq intervalga rioya etishning imkoni bo‘lmagan.

Yo‘llarda tirbandliklarning kelib chiqishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi. Jumladan, mashinalar sonining o‘ta ko‘pligi, ko‘chalarda qurilish-ta’mirlash ishlarining o‘tkazilishi, haydovchilarning tartibsiz harakatlanishi, yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishi yoki noqulay ob-havo sharoiti mashinalar harakatini cheklab qo‘yishi mumkin.

Samarqandning markaziy ko‘chalaridan biridagi tirbandlik

Ma’lumotlarga ko‘ra tirbandlikdan eng ko‘p Hindiston aholisi aziyat chekadi. Chunki bu davlatda turli transport vositalari juda tartibsiz harakatlanadi va ularni hatto politsiya ham yetarlicha nazorat qila olmaydi.

Ayrim davlatlar esa tirbandliklarning oldini olish uchun ma’lum cheklovlar kiritishgan. Masalan, Singapurda shaxsiy mashinaga ega bo‘lish huquqi sotiladi.

Singapurdagi markaziy ko‘chalardan biri. Jamoat transporti va piyodalar uchun keng joy ajratilgan. \ Foto: singapore-airlines.vn

Hozir bu davlatda shaxsiy mashinaga ega bo‘lish uchun ruxsatnoma olish 70 mingdan 106 ming dollargacha bo‘lyapti. Odamlar shaxsiy mashina uchun juda katta pul sarflashdan ko‘ra, juda yaxshi rivojlangan jamoat transportida yurishni afzal bilishadi.

Indoneziyada esa 1992 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, yirik shaharlarda haydovchilar o‘zi bilan yana ikki kishini olib yurishga majbur. Agar ko‘chada harakatlanayotgan mashinada yolg‘iz haydovchining o‘zi bo‘lsa uni jarimaga tortishadi.

Los-Anjyelesda esa haydovchi mashinaga kamida ikki kishini olib ketayotgan bo‘lsa unga alohida bo‘lakdan yurib, tirbandlikni chetlab o‘tish imkoniyati taqdim etiladi.

Germaniyadagi tirbandlik \ Foto: alamy.com

Tirbandliklardan qochish uchun ayrim mamlakatlarda, yirik shaharlarda mashinalarning raqami bo‘yicha cheklovlar joriy qilingan. Ya’ni bir kun oxiri toq, ikkinchi kun oxiri juft son bilan tugagan mashinalar harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Quyida tarixda yuz bergan eng yirik tirbandliklar haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Pekin-Tibet magistralidagi tirbandlik \ Foto: alamy.com

1. Pekin-Tibet magistrali, Xitoy – 260 kilometr

2010 yil 14 avgust kuni Pekindan Tibetga olib boruvchi magistral yo‘lda 260 kilometrga cho‘zilgan ulkan tirbandlik kuzatiladi. Oqibatda millionlab odamlar ikki hafta yo‘lda qolib ketishadi.

Tirbandlikka yo‘ldagi ta’mirlash ishlari sabab bo‘ladi. Ko‘plab mashinalar butunlay to‘xtab qoladi va ularning sutkalik harakatlanishi bor-yo‘g‘i 1 kilometrni tashkil etadi.

O‘shanda tirbandlikda turgan mashinalarni tunab keta boshlashadi. Shunda ularni qo‘riqlash uchun 400 nafardan oshiq politsiya xodimi tirbandlik sodir bo‘lgan hududga yuboriladi.

Moskva — Sankt-Peterburg yo‘lidagi tirbandlik \ Foto: rostov.kp.ru 

2. Moskva – Sankt-Peterburg M-10 trassasi, Rossiya – 200 kilometr

2012 yil 30 noyabr kuni Moskva-Sankt-Peterburg M-10 trassasini qor hamda muz qoplaydi va ko‘plab yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi.

Shundan so‘ng Tver viloyati ma’muriyatini trassaning viloyatdan o‘tgan qismini yopishga qaror qiladi. Oqibatda mashinalar to‘xtab qolib, 200 kilometrlik tirbandlik yuzaga keladi.

Yo‘llarni tozalash uchun ko‘plab maxsus mashinalar jalb qilinadi. Biroq ular yo‘llarni tozalab ulgurishmaydi. Tirbandlik uch kun davom etadi.

Shundan so‘ng Rossiya FVV yo‘llar chetida issiq chodirlar o‘rnatadi va sovuqda qolib ketgan haydovchilar va yo‘lovchilarga issiq ovqat hamda ichimlik tarqatdi. Og‘ir vaziyatga tushganlarning bir qismi evakuatsiya qilinadi.

San-Pauludagi tirbandlik \ Foto: subscribe.ru

3. San-Paulu, Braziliya – 193 kilometr

San-Pualu janubiy yarimshardagi eng yirik shahar hisoblanadi va bu yerda 20 million odam yashaydi. Shunga yarasha shaharda millionlab mashina bor va tirbandliklar odatiy hisoblanadi.

Bu shahardagi eng yirik tirbandlik 2009 yil 8 may kuni kuzatiladi. O‘shanda San-Paulu ko‘chalarida bir nechta yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladi. Oqibatda yo‘llar yopilib qoladi va shahar bo‘ylab 193 kilometrli ulkan tirbandlik yuz beradi (boshqa ma’lumotlarda tirbandlik 300 kilometrdan oshgani aytiladi).

Bu shahardagi yana bir tirbandlik 2013 yil noyabr oyida kuzatiladi. O‘shanda San-Paulu aholisi Respublika e’lon qilingan kunni nishonlash uchun shahar chekkasiga qarab otlanishadi. Oqibatda ulkan tirbandlik sodir bo‘ladi va ko‘chaga chiqqanlar kun bo‘yi harakatlana olmasdan qolib ketishadi.

Umuman olganda San-Paulu dunyodagi tirbandlik ko‘p kuzatiladigan shaharlardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi har beshta ko‘chadan bittasida uzundan uzun tirbandliklar kuzatiladi.

Lion-Parij magistralidagi tirbandlik \ Foto: experientia.com

4. Lion-Parij avtomagistrali, Fransiya – 175 kilometr.

1980 yil 16 fevral shanba kuni Alp tog‘larida va mamlakat janubida o‘z ta’tilini o‘tkazgan millionlab fransuzlar uyga shoshilishadi. Shu kuni havo bulutli va tuman bo‘lib, ko‘rish darajasi juda past bo‘ladi.

Oqibatda ko‘p sonli mashinalar 170 kilometrga cho‘zilgan ulkan tirbandlikda qolib ketadi. Ushbu tirbandlik Ginnesning rekordlar kitobiga tarixda yuz bergan eng uzun tirbandlik sifatida qayd etilgan.

Xyustondagi tirbandlik

5. Xyuston, AQSh – 161 kilometr

2005 yil AQShning janubida joylashgan Texas shtati tomon «Rita» to‘foni yaqinlasha boshlaydi. Aholiga evakuatsiya e’lon qilinadi.

Shundan so‘ng ko‘pchilik o‘zining shaxsiy avtomobili bilan xavfsiz hududlarga qarab harakatlana boshlaydi. Oqibatda 160 kilometrga cho‘zilgan ulkan tirbandlik hosil bo‘ladi.

Odamlar ikki sutka tirbandlikda qolib ketadi. Bir tomondan dahshatli to‘fon yaqinlashayotgani uchun hukumat tirbandlikda qolib ketgan odamlarni zudlik bilan qutqarish operatsiyasini boshlaydi.

Operatsiyaga qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar, harbiylar, milliy gvardiya xodimlari va ko‘ngillilardan iborat juda katta kuch tashlanadi. Natijada odamlar talafotsiz olib chiqiladi.

Tokiodagi odatiy tirbandlik

5. Tokio, Yaponiya – 135 kilometr

1990 yil 12 avgust kuni Tokio shahri chetidagi yo‘llarda 135 kilometrga cho‘zilgan ulkan tirbandliklar kuzatiladi.

O‘shanda tirbandlikka Yaponiyaga «Vaynon» to‘foni yopirilgani, yana ko‘plab yaponlar ta’tildan qaytayotgani sabab bo‘ladi.

O‘rta asrlardan qolib kelayotgan juda tor yo‘llar ulkan mashinalar oqimini sig‘dira olmaydi va uzun tirbandliklar sodir bo‘ladi.

Germaniyadagi tirbandlik \ Foto: pixabay.com

 

7. Sharqiy va G‘arbiy Germaniya chegarasi – 95 kilometr

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ikkiga bo‘lingan Germaniya 1989 yilda qayta birlashadi. Shundan so‘ng har ikki tomonda yashovchilar sayohat va boshqa maqsadlar uchun harakatlana boshlaydi.

1990 yil 12 aprel kuni Sharqiy va G‘arbiy Germaniya chegarasida har ikki tomondan 18 million dona avtomobil yig‘ilib qoladi va 95 kilometr uzunlikda tirbandlik hosil bo‘ladi.

Aynan shu tiqilinch avtomobillar soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik tirbandlik hisoblanadi.

AQShdagi tirbandlik \ Foto: alamy.com

8. Pensilvaniya shtati, AQSh – 80 kilometr

2007 yil 15 fevral kuni qalin qor yog‘gani tufayli Pensilvaniya shtati bo‘ylab o‘tadigan I-78 magistrali yopilib qoladi.

Bundan bexabar holda yo‘lga chiqqan ko‘plab mashinalar harakatlana olmay to‘xtab qoladi. Oqibatda Xyuston 80 kilometr uzunlikda ulkan tirbandlik sodir bo‘ladi.

Tirbandlik bir sutka davom etadi, haydovchilar va yo‘lovchilar ana shu muddatda sovuqda yo‘l ochilishini kutishga majbur bo‘lishadi.

Moskvadagi tirbandlik \ Foto: themoscowtimes.com

9. Moskva, Rossiya – 60 kilometr

2015 yil dekabr oyida Moskva aylanma avtomobil yo‘lida Rossiya tarixidagi yana bir ulkan tirbandlik kuzatiladi. Kuchli qor tufayli ko‘plab mashinalar tiqilinchda qolib ketadi.

Tirbandlik yetti soat davom etadi va mashinalar soatiga bor-yo‘g‘i 2-3 kilometr tezlikda harakatlana oladi xolos.

Nyu-Yorkdagi tirbandlik \ Foto: alamy.com

10. Nyu-York shtati, AQSh – 32 kilometr

1969 yilda Nyu-York shtatida joylashgan Betel shaharchasida rok-musiqa festivali o‘tkazilishi belgilangandi. Ushbu festivalni tomosha qilish uchun ko‘plab odamlar keladi va shaharcha hududidan o‘tgan magistral yo‘lni to‘sib qo‘yishadi.

Oqibatda, ushbu magistralda ulkan tirbandlik kuzatiladi va unda ko‘plab mashinalar bilan birga 500 ming odam qolib ketadi.

O‘shanda musiqachilar ham shaharchaga yetib bora olmaydi. Ularni manziliga yetkazish uchun vertolyot chaqiriladi. Tirbandlikda qolib ketgan haydovchilar va yo‘lovchilar yo‘llar ochilishini uch sutka kutishga majbur bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid