O‘zbekiston | 18:17 / 25.10.2023
7501
2 daqiqa o‘qiladi

Ijara munosabatlarida huquq va majburiyatlarni qayta ijaraga berish tartibi belgilandi 

Endi ijara munosabatlarining obektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin. 

Foto: Getty Images

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. 

Jumladan, «Ijara to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:

- Ijara munosabatlarining obektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

- Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha huquq va majburiyatlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

- Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obekt bilan birga mazkur obekt band etgan hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasi ijarasiga doir huquq va majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga o‘tadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi. 

Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy va yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlar yangi ijaraga oluvchiga o‘tadi. 

Shuningdek qonun bilan, Fuqarolik kodeksi va Yer kodekslariga servitut to‘g‘risidagi shartnomaga, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga, servitutni o‘zgartirish va uni bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilash qoidalariga doir qo‘shimchalar kiritildi.

Mavzuga oid