Qirg‘iziston parlamenti «xorijiy agentlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokamasiz qabul qildi
Qonun nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning xodimlari tomonidan har qanday qoidabuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytiradi.
Qirg‘iziston parlamenti (Jogorku Kenesh) 25 oktyabr kuni «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Deputatlar qonun loyihasini hech qanday muhokamasiz qabul qildilar, deb xabar berdi Kloop.
«Butun Qirg‘iziston» fraksiyasi deputati Gulya Qo‘joqulova qonun loyihasiga qarshi chiqdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari allaqachon barcha hisobotlarni taqdim etmoqda va davlat bunday tashkilotlarga qarshi ko‘plab vositalarga ega. Shuningdek, u qonun loyihasi bo‘yicha tegishli ekspertiza yo‘qligini aytdi. U hamkasblarini qonun loyihasiga ovoz bermaslikka chaqirdi.
Spiker Nurlanbek Shakiyev qonun loyihasini muhokamasiz qabul qilishni taklif etdi. U qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u xalqaro tashkilotlar vakillari, turli mamlakatlar elchilari bilan o‘nlab uchrashuv o‘tkazgan va ularni qonun loyihasi «faqat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga imkon berishiga» ishontirgan.
Yakunda qonun loyihasini yoqlab 52 nafar deputat ovoz bergan, 7 nafari esa qarshi chiqqan.
May oyi o‘rtalarida Jogorku Keneshga «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonun va Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni taklif etuvchi qonun loyihasi kelib tushdi. Ushbu hujjat bilan 30 dan ortiq deputatlar guruhi Qirg‘izistonda «xorijiy agent» – «chet el vakili» atamasini hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning xodimlari tomonidan muayyan qoidabuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi normalarni joriy etishni taklif qildi.
Hujjatga ko‘ra, xorijdan mablag‘ oladigan va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilotlar «xorijiy vakillar» deb tan olinadi. Bunday nodavlat notijorat tashkilotlari qo‘shimcha hisobotlarni taqdim etishi kerak va ular rejadan tashqari tekshiruvlarga duch kelishi mumkin.
Qonun loyihasining asosiy tashabbuskori, deputat Nodira Normatova so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus so‘z erkinligi va demokratiyaga hech qanday tahdid solmaydi, shuningdek, notijorat tashkilotlar faoliyatini cheklamaydi. Uning ta’kidlashicha, NNT to‘g‘risidagi amaldagi qonunlar dolzarbligini yo‘qotgan va «davlat manfaatlari, xavfsizligi va yaxlitligi uchun» nodavlat notijorat tashkilotlari ustidan nazoratni kuchaytirish zarur.
«Xorijiy agentlar» haqidagi qonun Rossiya qonunchiligida ham bor. Unga ko‘ra, «xorijiy agent» deb e’tirof etilgan fuqarolar va tashkilotlar o‘z faoliyati va xarajatlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi, barcha maqolalarida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham «xorijiy agent» ekanini belgilab qo‘yishi shart.
2022 yildan boshlab, ularga dars berish, axborot mahsulotlari ishlab chiqarish, ommaviy tadbirlar tashkil etish, saylov komissiyalari a’zosi bo‘lish taqiqlandi. 2022 yil oxiridan boshlab Adliya vazirligi xorijiy agentlarning yagona reyestrini yuritib kelmoqda.
2023 yilda Vladimir Putin xorijiy agentlar haqidagi qonunni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligi xorijiy agentlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymasligi to‘g‘risida ogohlantirish berishi mumkin. Ushbu shaxslarga nisbatan Adliya vazirligi tomonidan rejadan tashqari tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.
Mavzuga oid
18:02
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024