Jahon | 13:10 / 25.10.2023
6488
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy dengizda ikki yuk kemasi to‘qnashib ketdi

Helgoland nemis oroli yaqinida ikkita yuk kemasi to‘qnashib ketdi. Bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida bo‘lgan to‘rt kishini qidirish ishlari olib borilmoqda.

Foto: LETA

24 oktyabr, seshanba kuni ertalab Shimoliy dengizda ikkita yuk kemasi to‘qnashib ketishi oqibatida to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan. Dengiz favqulodda vaziyatlar departamenti (Havariekommando) ma’lumotlariga ko‘ra, bitta kema cho‘kib ketgan. Hozirda halokatga uchragan kemadagi qurbonlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Kema halokati haqida nima ma’lum 

«Polese» va «Veriti» yuk kemalari o‘rtasidagi to‘qnashuv seshanba kuni ertalab soat 5:00 larda Helgoland orolidan taxminan 22 km janubi-g‘arbda va Langeog orolidan 31 km shimoli-sharqda joylashgan nemis buxtasida sodir bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, Britaniya bayrog‘i ostida suzib kelayotgan «Veriti» kemasi to‘qnashuv tufayli cho‘kib ketgan. Ikki kishi suvdan qutqarilib, shifoxonaga yetkazilgan. Bortida 22 kishi bo‘lgan Bagam orollari bayrog‘i ostidagi «Polese» kemasi suv yuzasida qolgan. 

Qidiruvda Germaniya Dengiz qidiruv va qutqaruv xizmati (DGzRS)ning oltita qutqaruv kemasi, lotsmanlik qayig‘i, avariya kemasi, suv politsiyasi qayig‘i, Germaniya harbiy-dengiz kuchlari vertolyoti va Havariekommando samolyoti ishtirok etmoqda. Halokat paytida dengizning xuddi shu hududida bo‘lgan kruiz kemasi ham qidiruvda ishtirok etyapti. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay qidiruv ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilarning ma’lumotiga ko‘ra, suv harorati 12 daraja atrofida. 

 

Mavzuga oid