O‘zbekiston | 09:08 / 26.10.2023
5299
5 daqiqa o‘qiladi

UZTELECOM “ICT Week Uzbekistan – 2023”da yangi loyihalarni taklif qilmoqda

Foto: UZTELECOM

Mamlakatimizni axborot texnologiyalari sohasidagi mintaqaviy markaz – IT-xabga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish natijasida erishilayotgan yutuqlar fikrimiz tasdig‘idir.

Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan bir necha yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan va an’ana tusini olgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi esa mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan faoliyatlar, soha imkoniyatlari hamda amaliy natijalarni muhokama qilishning xalqaro maydoniga aylanmoqda.

Joriy yilning 24-27 oktabr kunlari bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan “ICTWeek Uzbekistan – 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida “O‘zbektelekom” AK ham soha yangiliklari va innovatsion g‘oyalari o‘rin olgan stendi bilan faol ishtirok etmoqda.

ICTEXPO 2023 ko‘rgazmasi doirasida UZTELECOM tomonidan soha taraqqiyotida yangicha texnologik yechimlar, telekommunikatsiya va IT sohasidagi eng ilg‘or yangi mahsulotlar namoyish etilmoqda.

Ma’lumki, UZTELECOM joriy yilda mobil aloqa tarmog‘ini modernizatsiya va kengaytirish loyihasi doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida beshinchi avlod tarmog‘i qamrovini amalga oshirdi. Shu bois ICTEXPO 2023'da 5G tarmog‘i yordamida innovatsion telekommunikatsiya xizmatlari orqali yanada qulaylik yaratishni taklif qilmoqda. Misol uchun, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohasida, “Aqlli uy”, “Robot qo‘li”, WTTx, SIMkomat kabi loyihalar hamda ishlab chiqarishni avtomatlashtirish imkonini beruvchi raqamli xizmatlar ko‘rgazmasini tashkil qildi.

Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, UZTELECOM faol tatbiq etayotgan yangi WTTx texnologiyasi optik tolali ulanishlar bilan taqqoslana oladigan yuqori tezlikdagi simsiz Internetga ulanishni ta’minlaydi. Bu, simli infratuzilma cheklangan chekka hududlardagi aholi ham yuqori sifatli internetdan bahramand bo‘lishlari mumkinligini anglatadi.

Hujjatlarni taqdim etmasdan turib mobil tarmoqqa bir zumda ulanish imkonini beruvchi SIM Komat innovatsion xizmati tashrifchilarning alohida e’tiborini tortdi. FACE ID orqali shaxsni tekshirish texnologiyasi SIM-karta sotib olishni sezilarli darajada osonlashtiradi va mijozlarni keraksiz rasmiyatchiliklardan xalos qiladi.

UZTELECOM tomonidan mamlakat aholisining xavfsizlik va qulaylik darajasini oshiradigan “Video kuzatuv va Domofon” yangi integratsiyalashgan xizmatining joriy etilishi muhim yangilik bo‘ldi. Ushbu xizmat yordamida foydalanuvchilar uy atrofidagi hudud va kirish yo‘laklarini kuzatish uchun videokameralarga ulanishlari, arxivdagi yozuvlarni dunyoning istalgan nuqtasidan onlayn ko‘rishlari, shuningdek maxsus ilovalar orqali domofondan mobil qurilmalarga keladigan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishlari mumkin. Bu tashrifchilar bilan ikki tomonlama audio va video aloqani amalga oshirish, mobil qurilmalardan eshiklarni ochish, tashriflar tarixini ko‘rish va bitta ilova orqali turli manzillardagi bir nechta domofonlarga kirishni boshqarish imkonini beradi. Android va iOS qurilmalarida foydalanish imkoniyati ushbu integratsiyalashgan xizmatni foydalanuvchilar uchun ancha qulay qiladi.

Kompaniya, shuningdek, tadbirkorlar uchun 5G asosidagi tarmoq yechimlarini taklif etadi. UZTELECOM qishloq xo‘jaligi loyihasi misolida fermerlarga dala va o‘simliklar namligi, havo harorati va tuproq sifati kabi muhim ma’lumotlarni masofaviy datchiklar yordamida kuzatish imkoniyatini taqdim etadi. Bu hosildorlikni oshirish, sug‘orishni samaraliroq rejalashtirish va hosil prognozlarini yaratishga yordam beradi.

Interaktivni sevuvchilar UZTELECOMʼning o‘yin ishlanmalaridan foydalanib o‘yinlar olamiga sho‘ng‘ib ketishlari mumkin. Ushbu unikal o‘yinlar o‘yinchilarni haqiqat va zulmat qo‘shilib ketadigan sirli dunyoga olib kiradi va ularga unutilmas taassurot taqdim etadi.

Ushbu innovatsiyalar va xizmatlar mijozlar hayotini yaxshilash va ilg‘or raqamli texnologiya yechimlarini taqdim etishga bo‘lgan UZTELECOMʼning kuchli intilishidan dalolat beradi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid