Jahon | 12:46 / 30.10.2023
7962
3 daqiqa o‘qiladi

Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar chog‘ida 60 kishi qo‘lga olindi 

Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar chog‘ida 60 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo‘yicha boshqarmasi ma’lum qildi.

Foto: Ramazan Rashidov / TASS

«Tartibsizliklarning 150 dan ortiq faol ishtirokchilari aniqlanib, ulardan 60 nafari ushlandi hamda qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun ichki ishlar organlariga olib ketildi. Qonunga zid harakatlar natijasida 9 nafar militsiya xodimi tan jarohati olgan, ulardan ikki nafari shifoxonada», — deyiladi boshqarma xabarida.

29 oktyabr oqshomida Tel-Avivdan Mahachqal’aga Red Wings aviakompaniyasining muntazam reysi yetib kelishidan biroz oldin aeroportga bir necha yuz kishi yig‘ildi. Axborot agentligi suratlarida ularning ba’zilari Falastin bayroqlarini hilpiratganini ko‘rish mumkin. OAV va Telegram-kanallari xabarlariga ko‘ra, olomon uchish-qo‘nish yo‘lagiga bostirib kirgan. Yig‘ilganlar aeroportdan chiqayotgan mashinalarni to‘xtatgan, u yerdagilarning pasportlari ruxsatsiz tekshirilgan.

Politsiya darhol tartibni tiklay olmadi. Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 20 kishi, jumladan, politsiya xodimlari ham jabrlangan. 

Mahachqal’a aeroporti faoliyati 6 noyabrga qadar to‘xtatildi. 30 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya gvardiyasining maxsus bo‘linmalari Mahachqal’aga yetib keldi. Tergov qo‘mitasining Dog‘iston bo‘yicha departamenti ommaviy tartibsizliklar fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ayni paytda Isroil rasmiylari Moskvani Rossiya hududidagi yahudiy isroilliklarning xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. 

«Dog‘iston hukumati uchun kecha-yu kunduzlik ish tartibi e’lon qilindi», — dedi respublika hukumati rahbari Abdumuslim Abdumuslimov 29 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar tufayli tashkil etilgan tezkor shtab ishini ochar ekan.

«Biz Falastin aholisiga har tomonlama hamdardmiz va fuqarolarimizning his-tuyg‘ularini tushunamiz. Lekin vahima tarqatib bo‘lmaydi. Dog‘istonliklar azaldan muvozanatli va adolatli odamlardir. Biz respublikadagi vaziyatning izdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deb ta’kidladi u so‘nggi voqealarni sharhlar ekan. 

Keyinroq Dog‘iston hukumati matbuot xizmati respublika shahar va tumanlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi. Ular «tekshiruv va tiklash tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng yaqin kunlarda» Mahachqal’a aeroporti faoliyatini tiklashga va’da berdi. «Hozirda vaziyat Dog‘iston Respublikasi rahbari Sergey Melikov va barcha darajadagi hokimiyatlar nazoratida», — deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid