O‘zbekiston | 18:39 / 31.10.2023
6293
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2024 yilda 38 ta kichik va mikro GES qurilishi kutilmoqda

Joriy yilda bunday stansiyalardan 20 tasini qurish ko‘zda tutilgan. “O‘zbekgidroenergo”ga 6 ming MW quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish, yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish topshirig‘i berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiy relizda aytilishicha, GESlarda ishlab chiqariladigan elektr tannarxi boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon, ular energetikada kunlik energiyani barqaror ta’minlashda eng samarali vositadir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizdagi gidroenergetika salohiyati 8 ming megavattni tashkil qiladi. Ayniqsa, Toshkent, Surxondaryo va vodiy viloyatlarida bu borada katta salohiyat bor.

Joriy yilda “To‘palang” GESni modernizatsiya qilish ishlari yakunlanib, uning quvvati 30 megavattdan 175 megavattga oshdi.

“Darg‘om” kanalida 7,2 megavattli “Shaudar” GESi foydalanishga topshirildi. Lekin hozirda jami gidroenergetika quvvatlari mavjud salohiyatga nisbatan 2-3 barobar kam.

Sohaga xususiy sektor jalb etilmoqda. Bu yil 20 ta, 2024 yilda esa yana 38 ta kichik va mikro GES qurish reja qilingan.

Bu borada Andijon viloyatida ishlar yaxshi boshlangani, lekin Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida bu yilgi 15 ta kichik va mikro GESni qurish loyihasi kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, qo‘shimcha zaxiralarni topishga ko‘rsatma berildi.

Misol uchun, Norin daryosida kaskadlar qurib, 230 megavatt quvvatlarni ishga tushirish va Namangandagi 450 ming aholiga yetarli elektr ishlab chiqarish imkoniyati bor.

“O‘zbekgidroenergo”ga 6 ming megavatt quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish va xususiy sheriklik asosida yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish topshirildi.

Toldiqsoy, Mullalak, Qorong‘i-to‘g‘ay, Yuqori Pskom va Norin yirik GESlarini qurish loyihalari doirasida esa texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqishni yakunlash va xorijiy investorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid