O‘zbekiston | 11:20 / 31.10.2023
7722
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Farg‘ona shahrida qazib tashlangan piyodalar yo‘lagiga kabel yotqizish ishlari boshlandi

Shahardagi ko‘chalardan birining piyodalar yo‘lagi kabel yotqizish ishlarini olib borish uchun qazib tashlangani ortidan yo‘lovchilar va hudud aholisi har kuni noqulaylik, qiyinchilik bilan yuzlashayotgandi.

Foto: Videodan kadr

Kun.uz 30 oktyabr kuni Farg‘ona shahri Alisher Navoiy ko‘chasidagi serqatnov piyodalar yo‘lagi bir qancha muddat oldin kabel yotqizish uchun qazib tashlangani haqida videolavha e’lon qilgandi.

Unda elektr kabeli yotqizilmay tashlab ketilgani, buning ortidan changga botgan yo‘lak piyodalar va hududdagi ko‘p qavatli uy aholisi uchun noqulay holatga kelib qolgani ta’kidlangandi. Holat yuzasidan «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ izoh berib, kabel yotqizish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan kuz-qish mavsumida Farg‘ona shahridagi bir qancha elektr uzatish kabel tarmoqlarida favqulodda avariyali uzilishlar yuzaga kelgan. Avariyaviy holatlar iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabining ortishi natijasida sodir bo‘lgani qayd etilgan.

Tashkilot shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Farg‘ona shahri asosiy qismini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi elektr uzatish kabel tarmoqlarini keng ko‘lamli yangilash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Mazkur loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hududga shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlaridan tashqari qo‘shimcha mutaxassislar ham jalb etilgan. Tez orada mazkur ishlar o‘z yakuniga yetkazilishi belgilangan», — deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, kabel tarmog‘ini tortish vaqtida keltirilgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘ralgan.

Mavzuga oid