O‘zbekiston | 14:48 / 01.11.2023
6287
2 daqiqa o‘qiladi

“30-40 foizgacha suv yo‘qotilishining oldini olishimiz kerak” – Ilhom Norqulov

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov suv muammosi haqida gapirar ekan, bu sohada eng katta imkoniyat kanallarni betonlashtirish ekanini aytdi. Buning uchun budjet mablag‘lari yo‘naltiriladi, xitoylik investorlar o‘z moliyaviy resurslari orqali qurilish ishlariga yordam beradi.

Foto: Kun.uz

2024 yilgi budjet qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani munosabati bilan iqtisodiyot va moliya vazirligi jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.

Unda vazir o‘rinbosari Ilhom Norqulov suv masalasi dolzarblashib borayotgani va bu boradagi 2024 yilgi rejalar haqida ma’lumot berdi.

“Markaziy Osiyoda, ko‘rib turibmiz, suv dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Bu sohada eng katta imkoniyatimiz kanallarni betonlashtirish. 1000 km deb aytdik, bu yerda ham budjet mablag‘lari ko‘zda tutilyapti, ham xalqaro moliyaviy institutlarning imtiyozli mablag‘laridan jalb qilib tezroq kanallarni betonlashtirib, 30-40 foizgacha suv yo‘qotilishining oldini olishimiz kerak”, - dedi u.

Uning ta’kidlashicha, bu borada xitoylik investorlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Ular ham o‘z moliyaviy resurslari orqali qurilish ishlariga yordam beradi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilgi budjet qonuni loyihasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek loyiha-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish uchun 1,2 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, ichimlik va oqova suv ta’minoti bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi ma’lum qilingandi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan ichimlik suvi va oqova suvni chiqarib yuborish narxi mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi. 

Mavzuga oid