O‘zbekiston | 16:59 / 01.11.2023
23378
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonlik o‘zbek o‘qituvchi til bo‘yicha mahalliy o‘zbeklar va «Tolibon»ga murojaat qildi

Foto: Videodan kadr

Afg‘onistondagi o‘zbeklar vakili bo‘lgan o‘qituvchi Muhammad Ashraf Sharifiy o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatda yashayotgan ko‘p sonli o‘zbeklar va ayni damda Afg‘oniston nazoratini qo‘lga olgan «Tolibon» harakati rahbariyatiga murojaat qildi.

Uzoq yillardan buyon o‘zbek tili uchun jon kuydirib kelayotgan o‘qituvchi o‘zbek tili Afg‘onistonda davlat tiliga aylanishi kerakligi, har yili o‘zbek tilidagi 10 xil kitob kamida 15-20 mingtadan chop etilishi, mahalliy telekanallarda kuniga kamida 2 soat o‘zbekcha efirlar berilishi kerakligini aytdi.

«O‘zbek tili rivoji uchun ikkita murojaatimiz bor: biri xalqimizga, ikkinchisi mas’ullarga. Xalqimizga murojaatimiz quyidagilar: dinimiz olimlari ma’ruzalarini o‘zbek tilida qilsinlar, iltimos. Toza arabcha va toza forscha so‘zlarni qishloqlarda hamma ham aniq tushuna olmaydi.

YouTube'da ijod qiladigan yoshlarimiz videolarini o‘zbek tilida e’lon qilsinlar. Yosh ota-onalar o‘z farzandlariga o‘zbekcha ism qo‘ysinlar, ayollar va erkaklarga xos o‘zbekona kiyimlar kiyish rivojlantirilsin, ayrim oilaviy marosimlar o‘zbekona urf-odatlarga monan o‘tkazilsin. O‘zbek boshliqlarimiz o‘z idoralaridagi rasmiy yig‘inlarda o‘zbekcha gapirsinlar. Ayrim sotuv markazlari, futbol jamoalari, ishlab chiqarilayotgan savdogarlik matolariga o‘zbekcha nom berilsin.

Islomiy imorat buyuklariga (ya’ni Afg‘onistonni nazorat qilayotgan, «Tolibon» rahbariyatiga – tahr.) murojaatimiz: asosiy qonunda o‘zbek tili davlat tili deb tan olinishi lozim. O‘zbeklar yashayotgan yerlarda [shunchaki] o‘zbek tili o‘qitilishi emas, o‘zbekcha maktablar bo‘lishi asosiy qonunda belgilanishi shart. 1-sinfdan 12-sinfgacha o‘zbek tili uzluksiz o‘qitilishi biz uchun qizil chiziqdir. Kamida ikkita bilim yurtida o‘zbek tili bo‘yicha bakalavr darajasigacha bilim berishga sharoit yaratilishi zarur.

Mahalliy telekanallarda o‘zbek tilidagi dasturlar uchun kamida ikki soat ajratilishi kerak. Afg‘oniston bilimlar akademiyasidagi o‘zbek tili o‘zbek bo‘limi kuchaytirilishi zarur. Axborot va madaniyat vazirligi har yili kamida 10 xil o‘zbekcha kitobni 15-20 ming nusxada chop etishi ham so‘raladi», deb nutqini yakunlagan o‘zbek tili jonkuyari o‘z nutqini.

Afg‘onistonlik o‘zbek tili o‘qituvchisi Muhammad Ashraf Sharifi ikki yil avval – 2021 yil 21 oktyabr kuni, «Tolibon» davrida o‘tkazilgan ilk o‘zbek tili bayramida ham o‘zbek tilida she’r o‘qigandi.

Mavzuga oid