O‘zbekiston | 14:30 / 02.11.2023
17723
4 daqiqa o‘qiladi

«Yillab ota-onamni ko‘rolmagan paytlarim bo‘lgan» – o‘zbek-qirg‘iz chegarasida vaziyat qanday o‘zgardi?

1 sentabrdan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ID kartalar orqali ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turishlari mumkin bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Andijon viloyatining Qirg‘iziston bilan bir necha chegara postlarida bo‘lib, qo‘shni davlatga o‘tish va kirish uchun fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Yurtdoshlarimiz, qirg‘izistonlik va xorijlik mehmonlar bilan suhbatda bo‘ldi.

2023 yilning 1 centyabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘izistonning Marhamat hamda Aravon tumanlarini bog‘laydigan Mingtepa/Qora-Bog‘ish chegara o‘tkazish punkti, shuningdek, Andijon va Jalolobod viloyatlarini bog‘lovchi Xonobod/Bek-Obod chegara o‘tkazish punkti ham ochildi. Mazkur postlar 2009 yildan beri yopiq edi.

«Xonobod» chegara bojxona posti

Andijon viloyati va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatlarini bog‘lovchi o‘zbek-qirg‘iz chegara bojxona posti endilikda uzluksiz faoliyat olib bormoqda. Xalqaro maqomdagi ushbu post orqali kuniga 9-10 ming kishi hamda 300 tagacha avtotransport vositasi harakatlanishi mumkin.

Nilufar Abdunazarova asli xonobodlik. U Qirg‘izistoning Jalolobod viloyatiga kelin bo‘lib tushgan. Uning aytishicha, avvalari u ota-onasini yillab ko‘rishga borolmagan.

Nilufar Abdunazarova

«Yo‘l ochilgandan beri har oyda ota-onamni ko‘rgani boryapman. Oldin 7-8 yil o‘tolmay yurgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Endi bemalol borib kelyapman, shu ishni qilganlarga rahmat», — deydi u.

Deyv Komiyer amerikalik sayyoh bo‘lib, u Samarqand shahrida bo‘lganini endi esa Xonabod chegara o‘tkazish punkti orqali Jalolobodga yo‘l olganini aytdi.

Deyv Komiyer

«Chegara postida jarayonlar tez o‘tgandek tuyuldi. Pasport nazoratida birozgina ushlanib qolganimizni aytmaganda hammasi yaxshi o‘tdi. Asli amerikalikman. Hozir bu yerga Samarqanddan kelib, Qirg‘izistonning Jalolobod shahriga yo‘l olganmiz», — deydi Deyv.

«Mingtepa» chegara bojxona posti

Marhamat va Aravon tumanlarini bog‘lovchi «Mingtepa» chegara posti kunduzgi vaqtda (08:00—18:00) faoliyat olib boradi. Xalqaro maqomdagi ushbu postdan bir kunda 10 ming fuqaro o‘tishi va qaytishi mumkin. Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, postda hozirda kuniga o‘rtacha 1,5 ming fuqaro o‘tib-qaytmoqda.

Marhamatlik Ilhomjon Mamatovning aytishicha, ikki mamlakatga kirish-chiqishda bosib o‘tiladigan masofa va yo‘l xarajatlaru qisqargan.

«Andijonda faqat «Do‘stlik» posti ochilgan edi. U yoqqa borish uchun 60-70 km yurishimiz kerak bo‘lardi. Hozir 2-3 km yurib Qirg‘izistonga o‘tib olamiz. Arig‘imiz, mozorimiz, bozorimiz bir qirg‘izistonliklar bilan. Bu ishlar yaxshi bo‘ldi», — deydi u.

Qirg‘izistonning Aravon tumanida yashovchi Doniyor Jumaboyev hozir ushbu postdan qisqa vaqt ichida o‘tayotganini bildirdi. 

Doniyor Jumaboyev

«Do‘stlik postidan o‘tish uchun ancha vaqt sarflardik yo‘lga. Hozir esa uydan chiqib 10-15 daqiqada Qirg‘izistonga o‘tishimiz mumkin. Bemalol ishimni bitirib kelaman. Hozir ham to‘yga aytishga ketyapman. 2-3 daqiqada o‘tyapmiz postdan», — deydi Jumaboyev.

Mavzuga oid