Jahon | 17:29 / 03.11.2023
18817
8 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda afg‘onlarga qarshi reydlar boshlandi. Yuz minglab kishilar chegara tomon qochmoqda

Pokiston hukumati mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan afg‘on muhojirlarini deportatsiya qilish kampaniyasini boshladi. Politsiya Pokistonning o‘nlab shaharlarida reydlar o‘tkazmoqda va noqonuniy muhojirlar qo‘lga olinmoqda, ular mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Foto: AFP

Bir oy oldin rasmiy Islomobod tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan barcha xorijliklarga Pokiston hududini ixtiyoriy ravishda tark etishni tavsiya etgandi. Bu buyruqning amal qilish muddati 1 noyabrga o‘tar kechasi tugadi.

Pokiston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sharifroz Bugti mahalliy rasmiylar afg‘onlar yashirinib yotgan uylar va boshpanalarni aniqlayotganini ma’lum qilgan.

«Biz qariyb 36 soatdan buyon ko‘chaga chiqmadik. Bizga chiqmaslik kerakligi, yo‘qsa qo‘lga olishlarini aytishdi. Seshanba kuni o‘z ko‘zim bilan uch kishi qo‘lga olinganiga guvoh bo‘ldim. Keyinroq bu odamlar qo‘yib yuborilganini eshitdim, ammo vaziyat juda asabiy. Mohiyatan biz qamoqdamiz, bu esa oilalar uchun katta stress», — degan Reuters agentligi bilan suhbatda bo‘lgan afg‘onlardan biri.

Afg‘onistonliklarning so‘zlariga ko‘ra, politsiya nafaqat nelegallarni, balki maxsus viza (Special Immigrant Visas) olishga ulgurgan hamda Pokistonda legal qochqin maqomini egallagan afg‘onlarni ham tutmoqda.

2021 yilda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tganidan keyin qariyb 600 ming afg‘onistonlik Pokistonga qochib o‘tgandi.

Bu afg‘onlarning qo‘shni davlatga ommaviy ko‘chib o‘tishining ikkinchi to‘lqini edi. Birinchisi Afg‘onistonga 1979 yilda sovetlar ittifoqi qo‘shini bostirib kirgach boshlangan va ko‘p yillar davom etgan urush tufayli ro‘y bergandi

Pokistondagi qator siyosatchilar, huquq va jamoat faollari chorshanba kuni Pokiston oliy sudiga ommaviy deportatsiyani to‘xtatish va inson huquqlariga rioya etish talabi bilan petitsiya yubordi.

BMT ham deportatsiya qilinayotgan afg‘onlar o‘z mamlakatida toliblar tomonidan ta’qib etilishi va hatto o‘ldirilishi mumkinligini inobatga olib, Islomobodni bu qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Nimalar bo‘lmoqda?

Pokiston va Afg‘oniston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida o‘n minglab kishilar va yuzlab yuk mashinalari to‘plangan
Foto: ABDUL BASIT/AFP

Payshanba kuni Pokiston shimoli-g‘arbida, Afg‘oniston bilan chegaradosh Belujiston viloyatida minglab kishilar to‘plandi.

Uyga qaytishi xavfli bo‘lishi mumkinligiga qaramay, ko‘plab afg‘onlar Pokistonni o‘z ixtiyoriga ko‘ra tark etishni afzal ko‘rmoqda, aks holda ular hibs qilinishi va kuch bilan butunlay haydab chiqarilishi mumkin.

Ko‘pchilik berilgan muhlat ichida bunday yo‘l tutmagan, chunki ular hukumat bu qadar qat’iy harakat qilishini kutmagan.

Xabarlarga ko‘ra, payshanba kuni mamlakat janubidagi yirik Karachi shahrida yuzdan ortiq kishi qo‘lga olingan, Belujiston viloyatining Afg‘oniston bilan chegara hududidagi Kvetta shahrida esa 425 kishi qo‘lga olingan.

Mahalliy hukumat vakili Abdul Nosir Xon Reuters agentligiga o‘tgan oyda Hayber-Paxtunhva va Belujiston viloyatlaridagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Pokistonni 128 ming kishi tark etgan, chorshanba kunining o‘zida esa 24 mingdan ortiq kishi chegarani kesib o‘tib mamlakatiga qaytgan va yana o‘n minglab kishilar o‘z navbatini kutmoqda.

Yana 20 mingdan ortiq kishi Pokistondan boshqa yo‘nalishlar orqali chiqib ketgan.

Xonning so‘zlariga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punktlari bir necha kundan buyon tunda ham to‘xtovsiz ishlamoqda, bu noodatiy amaliyot, lekin o‘tkazuvchanlikni oshirish uchun shunga zarurat bor.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Hayber-Paxtunhva viloyatining chegara hududi bo‘ylab vaqtincha lager barpo etilgan, bu hududda chegaradan o‘tish navbatini kutib turgan oilalar uchun kerakli sharoitlar yaratilgan.

Ammo bu ma’lumotni mustaqil manba orqali tekshirish imkoni yo‘q, ayni vaqtda OAV vakillari chegara hududlarga o‘tkazilmayapti.

Chegaraning ikki tomonida ham xaos

Bu odamlar allaqachon Afg‘oniston hududiga o‘tgan va keyingi ko‘rsatmani kutishmoqda. Ularning ko‘pchiligi vatanini o‘nlab yillar oldin tark etgan va hozirda borar joyi yo‘q. Foto: AFP

Guvohlar tomonidan berilgan uzuq-yuluq ma’lumotlarga ko‘ra, Belujistonning chegara hududida tirbandlik yuzaga kelgan. Minglab piyodalar va yuzlab yuk mashinalari ko‘plab kilometrlarga cho‘zilgan navbatlarda turishibdi.

Ko‘pchilik Pokistonni qo‘liga ilingan narsa bilan tark etmoqda. Nisbatan o‘ziga to‘q oilalar o‘z buyumlarini tashish uchun yuk mashinalari yollagan.

Pokiston hukumati baholariga ko‘ra, mamlakatda yashovchi to‘rt million afg‘ondan roppa-rosa 1,7 mln nafarining hujjatlari joyida emas va mamlakatni tark etishi lozim.

Ularning ko‘pchiligi bir necha o‘n yillardan buyon Pokistonda yashaydi va ularning farzandlari umrida hech qachon Afg‘onistonda bo‘lmagan.

Xabarlarga ko‘ra, chegaraning Afg‘oniston tomonida ham tartibsizlik hukm surmoqda. Chegarachilar yuz minglab kishilarning Afg‘onistonning ichki hududlariga o‘tkazilishini tashkil etishga urinmoqda, biroq kirib kelayotgan odamlar oqimi juda katta.

Ularning ko‘pchiligi allaqachon Afg‘onistondagi uylari va oilaviy aloqalarini yo‘qotgan, ularning shunchaki borar joyi yo‘q.

«Pokiston konstitutsiyasi bu zamindagi har bir kishiga adolatli sud huquqini beradi, ammo qochqinlar bu huquqdan mahrum», — degan Karachidan bo‘lgan huquq faoli Moniza Kakar.

Toliblar ham Islomobodni afg‘on qochqinlariga hech bo‘lmaganda narsalarini yig‘ishtirish uchun vaqt berishni va bag‘rikenglik ko‘rsatishni so‘ragan. Ular shuningdek siyosiy sabablarga ko‘ra mamlakatdan qochib chiqqan afg‘onlar qo‘rqishiga hojat yo‘qligi, ularga tinch hayot kafolatlanganini bildirgan.

Islomobodning bu qarori nima bilan bog‘liq?

Pokiston rasmiylari afg‘onlar mamlakatdagi milliy xavfsizlikka tahdid solayotganini ma’lum qilgan.

Ularning fikricha, noqonuniy muhojirlarning ko‘pchiligi mahalliy jinoiy guruhlar safiga kirgan, shuningdek, o‘z mamlakatidagi radikal harakatlar bilan aloqalarga ega.

Rasmiy Islomobod so‘nggi vaqtlarda mamlakatning turli hududlarida jangarilarning hujumlari soni ortganini qayd etgan.

Ekspertlar fikricha, afg‘onlarning ommaviy deportatsiyasi Afg‘onistondagi yangi hukumat xavfsizlik sohasida hamkorlik qilishi uchun «Tolibon»ga taktik bosim bo‘lishi ham mumkin.

Ammo Afg‘onistonning Pokistondagi elchixonasi e’lon qilgan bayonotda Islomobodning bu harakati ikki mamlakatning shusiz ham murakkab bo‘lgan munosabatlarini og‘irlashtirishi aytilgan.

Pokiston o‘zining bu qarori pokistonliklarning ko‘pchilik qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini aytmoqda.

Bu pozitsiyani tasdiqlaydigan qandaydir ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilgani aniq emas, ammo ko‘pchilik mustaqil ekspertlar bu qaror chindan ham jamoatchilik qo‘lloviga egaligiga shubha qilmayapti.

So‘nggi yillarda Pokistondagi turli jamoat guruhlari qochqinlar muammosiga e’tibor qaratib, ular mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmasiga ulkan yuklama bo‘layotganini aytib kelishardi.

Pokistonda, yirik afg‘on jamoalaridan tashqari, Eron va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganlar ham yashaydi.

Ularning soni sezilarli darajada kam va hukumatning ultimatumi ularga ham taalluqli ekani hozircha aniq emas.

Mavzuga oid