Xorazmlik amaldorlar ishi: Oybek Masharipov va Anvar Kuryazov sud zalidan qamoqqa olindi
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi tomonidan Oybek Masharipovga va Yangiariq tuman FVV sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ularning har ikkisi sud zalidan qamoqqa olingan.
Bugun, 3 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi tomonidan pedofiliyada ayblangan sobiq amaldor ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda huquq faoli Abdurahmon Tashanov o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi.
“Hozirgina Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasida Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Oybek Masharipov va Yangiariq tumani FVV sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi”, – deb yozdi huquq faoli.
O‘tkazilgan sud ishi bo‘yicha Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ham rasmiy axborot berdi.
“Bugun Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida A. M. (1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va A. Q. (1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) ga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrdagi hukmining A. M. va A. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. M. va A. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deyiladi rasmiy axborotda.
Sudlanuvchilarga qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, ular sud zalidan qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, Xiva tuman sudining hukmiga ko‘ra, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan Anvar Quryazov mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelganlikda aybdor deb topilgan va ularga 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishining yana bir figuranti – voyaga yetmagan qizlarni turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan mehribonlik uyi mudirasi 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Jamoatchilik bu jinoyat haqida birinchi instansiya sudining hukmi chiqqanidan 7 oy o‘tib xabar topdi. Va bu – jinsiy jinoyatlar oylar mobaynida davom etib kelgani, sud esa sobiq amaldorlarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlagani rezonansga sabab bo‘ldi.
Shundan keyin Masharipov va Quryazovga tayinlangan jazo yengil bo‘lgani sabab Xorazm viloyati prokuraturasi Oliy sudga protest kiritgani ma’lum qilindi. Oliy sud ishni apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rishga yuborgan edi.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
17:49 / 06.12.2024