Jahon | 09:10 / 09.11.2023
16812
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin

Yevropadagi Copernicus xizmati 2023 yil oktyabr oyidagi ma’lumotlarni e’lon qildi, u 2019 yildagi avvalgi rekorddan ancha yuqori. «Juda ekstremal» harorat anomaliyasining sabablari - iqlim isishi va El-Nino.

Foto: AP

Joriy yilni, ehtimol, tarixdagi eng issiq yil deb hisoblash mumkin, deydi yevropalik iqlimshunoslar. Bu xulosa 2023 yil oktyabr oyidagi ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, u tarixdagi eng issiq oktyabr bo‘lganini ko‘rsatadi, deb xabar berdi Yevropa komissiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Copernicus iqlim o‘zgarishi monitoringi xizmati (C3S). 

Oktyabr oyida global harorat 2019 yilda qayd etilgan o‘sha oydagi avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 0,4 darajaga yuqori bo‘ldi, dedi C3S rahbari o‘rinbosari Samanta Berjyess. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «juda ekstremal» harorat anomaliyasi va «deyarli» 2023 yilni rekord darajadagi eng issiq yilga aylantiradi. 

Sabablar - iqlim isishi va El-Nino 

Sayyoradagi havoning haddan tashqari yuqori harorati El-Nino tabiiy hodisasi (Tinch okeanining ekvatorial qismida isigan yerusti suvlari maydoni sharqqa siljiydigan Janubiy tebranish bosqichi) bilan birgalikda katta miqdordagi parnik gazlarning doimiy tashlamasi natijasidir. Shu paytgacha 2016 yil rekord darajadagi eng issiq yil hisoblanardi - El-Nino hodisasi kuzatilgan yana bir yil. 

Oktyabr oyida o‘rtacha global havo harorati 15,3 darajani tashkil etdi, bu 1850-1900 yillardagi xuddi shu oyning o‘rtacha haroratidan 1,7 darajaga yuqori bo‘lib, Copernicus xizmati uni sanoatdan oldingi davr deb hisoblaydi. Dengiz yuzasi harorati ham rekord darajada yuqori bo‘ldi, deya ta’kidlaydi u.

Xulosalar BMTning yangi iqlim konferensiyasidan uch hafta oldin e’lon qilindi

Copernicus ekspertlarining yangi hisob-kitoblari BMT yangi iqlim konferensiyasi – COP28 – Dubayda boshlanishidan uch hafta oldin chop etildi. 200 ga yaqin davlat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yanada kuchliroq choralar ko‘rishni muhokama qilmoqchi. Konferensiyaning markaziy masalasi hukumatlarning qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqishni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha qarori bo‘ladi. 

«COP28 oldidan iqlim bo‘yicha ambitsiyaviy harakatlarning dolzarbligi hech qachon hozirgidek yuqori bo‘lmagan», dedi C3S raisi o‘rinbosari Berjyess.

Mavzuga oid