Jahon | 08:42 / 09.11.2023
12089
2 daqiqa o‘qiladi

Luhanskda «LXR militsiyasi» sobiq boshlig‘i portlatib yuborildi

Mixail Filiponenkoning mashinasi uyi yonida portlatilgan. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazilganini e’lon qildi.

Foto: Telegram / uniannet

Luhanskda 8 noyabr, chorshanba kuni «xalq kengashi» deputati, o‘zini «LXR» deb e’lon qilgan hudud «xalq militsiyasi» boshqarmasi sobiq boshlig‘i Mixail Filiponenkoning mashinasi portlatib yuborildi. Portlash uning uyi yonida kuzatilgan, Filiponenko halok bo‘lgan.

Filiponenkoning o‘limidan so‘ng Rossiya Tergov qo‘mitasi (RTQ) uch modda, jumladan, terrorizm bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

2023 yil fevral oyida ham Filiponenkoning hayotiga suiqasd qilingandi, o‘shanda uning mashinasi «O‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma markaz» deb nomlangan «LXR» vakolatxonasi binosi yonida portlatilgan. Filiponenko omon qolgan, biroq uning haydovchisi jarohatlangan.

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») Mixail Filiponenkoga suiqasd uyushtirishga aloqadorligini ma’lum qildi. Harbiy razvedkaning Facebook-akkauntiga ko‘ra, «maxsus operatsiya» o‘tkazilgan. «GUR» Filiponenko Luhansk viloyatining egallab olingan hududlarida harbiy asirlar va garovga olingan tinch aholi qiynoqqa solingan zindonlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanganini ta’kidladi.

Mavzuga oid