O‘zbekiston | 12:27 / 09.11.2023
6554
7 daqiqa o‘qiladi

Raqamli bojxona, sanoat kooperatsiyasi, energetika: IHT doirasida O‘zbekistonning takliflari

O‘zbekiston prezidenti Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmasligi, shu sabab transport koridorlarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi asosida umumiy turistik dasturlarni ko‘paytirish va boshqa takliflar ilgari surildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitidagi nutqida tashkilot doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

“Ikkinchidan, o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish. A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur.

Kelgusida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos keladi.

Toshkentda 2 noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqiraman.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirdi, shuningdek, boshqa davlatlar bilan bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu kabi zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini bildiraman.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish.

Biz o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqib, tashkilotimiz kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu ezgu yo‘lda tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz.

Kecha Toshkentda o‘tgan Savdo-sanoat palatalari va ko‘plab kompaniyalarimiz rahbarlari ishtirokidagi beshinchi biznes-forum xususiy sektorda katta salohiyatga ega ekanimizni yaqqol ko‘rsatdi. Biz tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024 yilda yurtimizda o‘tkazish taklifini ilgari suramiz.

To‘rtinchidan, energetika xavfsizligini kafolatli ta’minlash. Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshmoqda.

Biz tashkilotning energetika sohasida hamkorlik strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. 2030 yilgacha 25 gigavatt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishni va balansimizda ularning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu yilning o‘zida 2 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiryapmiz. Shuningdek, “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlarni qo‘ymoqdamiz. Ushbu yo‘nalishlarda barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyormiz.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun tashkilotimiz doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini ta’sis etishni taklif etamiz.

Beshinchidan, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish. Hozirgi vaqtda bizning davlatlarimiz bu o‘tkir muammolarning og‘ir oqibatlariga duch kelmoqda. Muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uyg‘otmoqda.

Tuzilmamiz doirasida ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish bo‘yicha g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur izhor etaman. Uning birinchi anjumanini 2024 yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyormiz.

Shuningdek, kelgusi haftada yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida vakillaringizni faol ishtirok etishga chorlaymiz. Hozirgi vaqtda tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Oltinchidan, turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda 140 dan ortiq davlatlar ishtirokida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasi mintaqamiz sayyohlik salohiyatiga butun dunyo e’tiborini jalb etish borasida tarixiy voqea bo‘ldi.

Bugungi kunda tashkilot makonida YuNESKOning 90 ga yaqin Butunjahon merosi obektlari joylashgan bo‘lib, mamlakatlarimizga har yili salkam 80 million xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda.

Transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etaman.

Tashkilotimiz kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. Uning ilk uchrashuvini kelgusi yili tashkilotimizning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazishga tayyormiz.

Shuningdek, a’zo davlatlarni Samarqandda ochilgan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali do‘st xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish. Har yili mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish aloqalarimiz rivojiga kuchli turtki bag‘ishlaydi”, – dedi prezident.

Mavzuga oid