O‘zbekiston | 20:13 / 09.11.2023
21587
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir oyda 36 marta tezlikni oshirgan haydovchining mashinasi olib qo‘yildi

U 15 mln so‘mdan ortiq jarimani to‘lamagach, jazo chorasi mulkiga qaratildi.

Toshkent shahrida 1 oy davomida 36 marta tezlik me’yoridan oshirib, radarga tushgan haydovchining mashinasi olib qo‘yildi.

Qayd qilinishicha, Majburiy ijro byurosining Toshkent shahri, Yashnobod tumani bo‘limiga YHXB qarorlariga asosan haydovchidan 15,5 mln so‘m jarimani undirish haqida xabarnoma tushgan. Unda haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-3-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni 36 marotaba sodir etgani, ya’ni tezlikni me’yoridan oshirgani qayd etilgan. 

Ammo bir necha marotaba ogohlantirishlarga qaramasdan, fuqaro qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga tegishli Lacetti rusumli transport vositasi davlat ijrochisi tomonidan xatlanib, realizatsiya qilish ishlari boshlangan. 

Boshqa holatda esa, tezlikni me’yoridan 35 marta oshirgan fuqaroga nisbatan 11 mln so‘m ma’muriy jarima undirish haqida qaror chiqarilgan. Ammo bu fuqaro ham qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Shundan so‘ng, davlat ijrochisi uning Spark rusumli transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirgach, fuqaro qarzini to‘liq to‘lagan.

Mavzuga oid