O‘zbekiston | 21:43 / 09.11.2023
8824
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bolalarni eko-ta’limga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiya tasdiqlandi

Strategiya ekologik muammolar va ularning yechimi haqida yoshlar va bolalarning xabardorligini oshirishni ko‘zda tutadi. Hujjat yosh ekofaollar forumi doirasida qabul qilindi. Tadbirda O‘zbekistonning birinchi xonimi, “Zamin” fondi raisi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiya, Eron va Qirg‘iziston prezidentlarining rafiqalari, YUNISEF va YuNeP vakillari ishtirok etdi.

Foto: "Zamin" fondi

9 noyabr kuni Toshkentda “Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tadbir tashkilotchilaridan biri bo‘lgan “Zamin” fondi matbuot xizmati xabar berdi.

Forum – bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlariga qarshi (shu jumladan ekologik ta’limni ilgari surish orqali) kurashishdagi o‘rnini e’tirof etishga bag‘ishlangan.

Forum ochilishida O‘zbekistonning birinchi xonimi, “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an, Eron prezidentining rafiqasi Jamile A’lamulxudo, Qirg‘izistonning birinchi xonimi Aygul Japarova, O‘zbekiston hukumati va YUNISEF vakillari, BMT agentliklari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yosh ekofaollari ishtirok yetdi.

Tadbirda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiya imzolandi.

Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qilib, bu strategiyaning qabul qilinishini muhim qadam deb atadi.

“Forumning bosh ishtirokchilari – sizlar. Bugun bu yerda sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof yetish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi”, – dedi “Zamin” fondi raisi.

BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi – YuNeP ijrochi direktori Inger Andersen o‘z nutqida uzluksiz "yashil" ta’lim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlashga e’tibor qaratdi.

“Ekologik ta’lim ulkan ahamiyatga ega. U kelajak avlodlarga shunchaki norozilik vakillari bo‘lish emas, balki o‘zgarishlarning drayveriga aylanish uchun zarur ko‘nikma va bilimlarni beradi. Niyatimiz – keyingi avlodlar sayyora bilan uyg‘un hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar bo‘lsin. Ular sanoat korporatsiyalarida ekologik tafakkur ovozi bo‘lsin. O‘z biznesini yaratib, "yashil" va ekologik barqaror mahsulot va xizmatlarni taqdim yetsin”, – dedi u.

YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis ekologiya masalalarining maktab ta’limiga kiritilishini qo‘llab-quvvatladi.

“Iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir”, – dedi YUNISEF vakili.

Tadbir ishtirokchilari ekologik ta’lim inklyuziv, ya’ni barcha uchun ochiq va tushunarli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

“Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi” xalqaro forumi “Zamin” fondi, YUNISEF, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazildi.

Mavzuga oid