Sport | 18:24 / 09.11.2023
28545
11 daqiqa o‘qiladi

YeChLda 4 tur yakunlari. Kimda vaziyat qanday?

Olti jamoa – «Siti», «Real», «Bavariya», «Inter», «Leypsig» va «Real Sosiyedad» guruh bosqichi masalasini muddatidan ilgari hal qilib ulgurdi. Qolgan turlarda ularning safiga qo‘shilish uchun kimga qanday natija kerak?

Foto: MARCO LUZZANI/GETTY IMAGES

A guruhi

«Galatasaroy»ni taslim etish orqali «Bavariya» g‘alabali seriyasini davom ettirdi va maksimum ochko jamg‘argan holda muddatidan oldin guruhda birinchi o‘rinni egalladi - faqat myunxenliklar o‘z guruhida birinchi o‘rinnni kafolatlagan. Guruhning qolgan uch vakilida esa pley-offga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi, ammo «MYu»da vaziyat endi shunchalik qiyinlashganki, keyingi ikki o‘yindagi ikki g‘alaba ham 1/8 finalga olib chiqmasligi mumkin. Bu o‘yinlarni esa Istanbulda «Galatasaroy» va Manchesterda «Bavariya»ga qarshi o‘tkazish talab etiladi.

Motivatsiyasi qolmagan «Bavariya» qolgan o‘yinlarda ham g‘alaba qozonsa, «Galatasaroy» ikkinchi yo‘llanma uchun asosiy da’vogar sanaladi, chunki turklar nemislar grandiga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib bo‘lgan. Bu mavsum uchun kuchli tarkib yig‘gan jamoa uyda inglizlarni qabul qilishdan tashqari, oxirgi turda «Kopenhagen» mehmoni bo‘ladi. Ikkinchi yo‘llanma taqdiri katta ehtimol bilan o‘sha o‘yinda hal qilinadi.

29 noyabr. «Galatasaroy» — «Manchester Yunayted», «Bavariya» — «Kopenhagen».
12 dekabr. «Manchester Yunayted» — «Bavariya», «Kopenhagen» — «Galatasaroy».

V guruhi

«Arsenal» guruhdagi asosiy raqobatchisi bo‘lishi kutilgan «Sevilya»ni ikki o‘yinda ham ishonch bilan mag‘lub etdi va amalda pley-off masalasini hal qildi. Londonliklar faqatgina keyingi ikki o‘yinda yutqazsa, PSV Ispaniyada g‘alaba qozonsa, «Lans» esa oxirgi turda ochko olsa, uchinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Lekin katta ehtimol bilan keyingi turda fransuzlar bilan o‘yinda yo‘llanma naqd qilinadi.

Oxirgi o‘rinda qolayotgan «Sevilya»da ham barchasi yo‘qotilmagan. Keyingi o‘yinlardagi ikki g‘alaba katta ehtimol bilan ispanlarni 1/8 finalga olib chiqadi, bitta g‘alaba — sevimli Yevropa Ligasiga. PSV va «Lans» juftligida esa o‘zaro uchrashuvlar bo‘yicha ustunlik niderlandlar tomonida (1:1, 1:0).

29 noyabr. «Sevilya» — PSV, «Arsenal» — «Lans».
12 dekabr. «Lans» — «Sevilya», PSV — «Arsenal».

C guruhi

Qatorasiga to‘rt g‘alabadan keyin «Real» pley-off masalasini hal etdi. Katta ehtimol bilan madridliklar guruh bosqichi yakunida ham birinchi o‘rinda qolishadi va qur’ada saralanganlar savatchasidan joy oladi. «Napoli» «Union» bilan o‘yinda g‘alabani boy berganiga qaramay, guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqishga asosiy da’vogar. Italyanlar nazariy jihatdan keyingi turda 1/8 finalga chiqishi mumkin, «Real» katta ehtimol bilan natijasi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan o‘yinda rotatsiya qiladi.

Agar keyin tur muvaffaqiyatsiz yakunlansa va «Braga» «Union» ustidan yirik g‘alabaga erishsa, barchasi dekabrda Neapolda o‘tadigan o‘yinda hal bo‘ladi, bu o‘yinda Italiya chempionlarini durang qoniqtiradi – Portugaliyadagi o‘yinda g‘alaba qozonilgandi. «Union» esa YeChLdagi debyutida olti o‘yin bilan kifoyalanishi aniq bo‘lib ulgurgan, lekin nemislar jamoasi keyingi turda Portugaliyada g‘alaba qozonsa, Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun yaxshi imkoniyat hosil qiladi.

29 noyabr. «Real» — «Napoli», «Braga» — «Union».
12 dekabr. «Napoli» — «Braga», «Union» — «Real».

D guruhi

Bu guruhda amalda barchasi hal bo‘lgan. «Real Sosiyedad» va «Inter» muddatidan oldin 1/8 finalga chiqdi. Uchinchi o‘rindagi «RB Zalsburg» qolgan ikki turda yetti ochkolik farqni yo‘qqa chiqara olmaydi. Avstriyaliklar klubidan o‘rnini «Benfika»ga oldirib qo‘ymaslik talab etiladi. Masala beshinchi turdayoq hal bo‘lishi mumkin, lekin «Zalsburg» Ispaniyada kerakli natijaga erisha olmasa, barchasi so‘nggi turga qoladi. «Inter» va «Sosiyedad» birinchi o‘rin uchun, «Zalsburg» va «Benfika» Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

29 noyabr. «Benfika» — «Inter», «Real Sosiyedad» — «Zalsburg».
12 dekabr. «Inter» — «Real Sosiyedad», «Zalsburg»— «Benfika».

Ye guruhi

«Seltik» Madridda oltita gol o‘tkazdi, ammo hali ham pley-offga chiqishdan butunlay umid uzgani yo‘q. Shotlandlar buning uchun nafaqat o‘z o‘yinlarida 6 ochko jamg‘arishi, balki «Atletiko» ham qolgan ikki o‘yinda g‘alaba qozonishiga umid qilishi kerak. Albatta, buning ehtimoli juda kam. Qolgan uch jamoadan istalgan biri birinchi o‘rinni egallashi mumkin. Hozirda uchinchi o‘rinda turgan «Feyyenoord»da imkoniyat kamroq, niderlandlar keyingi turda «Atletiko»ga yutqazsa, amalda guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotadi, chunki «Latsio» o‘z uyida shotlandlarga ochko bermasligi ehtimoli yuqori. «Atletiko» uchun esa vaziyat maksimal darajada oddiy: 1/8 finalga chiqish uchun qolgan ikki o‘yindan bittasida yutish kifoya («Feyyenoord» bilan safarda yoki «Latsio» bilan uyda).

28 noyabr. «Latsio» — «Seltik», «Feyyenoord» — «Atletiko».
13 dekabr. «Seltik» — «Feyyenoord», «Atletiko» — «Latsio».

F guruhi

«O‘lim guruhi» o‘ziga berilgan maqomni to‘la oqlamoqda. To‘rt turdan keyin ham barchasi tushunarsiz – jamoalarni bir-biridan bittadan ochko ajratib turibdi. Vaziyat uch hafta keyin ham oydinlashishi qiyin. Istalgan klub guruhni istalgan pog‘onada yakunlashi mumkin va bu sensatsiya  bo‘lmaydi.

Boshqa tomondan, keyingi turdayoq qaysi jamoalar guruhdan chiqishi ma’lum bo‘lishi mumkin. Agar «Borussiya» va «PSJ» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa (nemislar «Milan»ni safarda, fransuzlar «Nyukasl»ni o‘z uyida), 1/8 final masalasi hal bo‘ladi va so‘nggi turda jamoalar guruh g‘olibligi uchun o‘yin o‘tkazadi. Yana bir variantga ko‘ra, «Nyukasl» muddatidan oldin so‘nggi o‘rinni kafolatlaydi – buning uchun 5-turda «Milan» va «PSJ»ning g‘alabalari talab etiladi.

28 noyabr. «PSJ» — «Nyukasl», «Milan» — «Borussiya» D.
13 dekabr. «Borussiya» D — «PSJ», «Nyukasl» — «Milan».

G guruhi

Bu guruhda ham barchasi oddiy. Keyingi tur hal qiluvchi bo‘ladi. «Leypsig» birinchi o‘rinni egallashga harakat qilib ko‘radi (buning uchun Angliyada g‘alaba qozonish lozim), «Yang Boyz» va «Tsrvena Zvezda» Yevropa Ligasi yo‘llanmasini hal qilishga urinib ko‘radi. Bernda durang qayd etilishi shveysarsiyaliklarni uchinchi o‘rin uchun kurashda favoritga aylantiradi, ammo serblarni yevrokubokda qolish ambitsiyasidan mahrum etolmaydi.

28 noyabr. «Manchester Siti» — «Leypsig», «Yang Boyz» — «Tsrvena Zvezda».
13 dekabr. «Leypsig» — «Yang Boyz», «Tsrvena Zvezda» — «Manchester Siti».

H guruhi

Hamburgdagi o‘yinda yutqazib qo‘ygan «Barselona» H guruhidagi vaziyatni chigallashtirib yubordi. Ammo hamon Xavi jamoasi guruh g‘olibligi uchun asosiy favorit bo‘lib qolmoqda. Gap «Barselona» – ushbu kvartetdagi eng nomdor klub ekanida emas. Shunchaki «Barsa»da taqvim osonroq, masala keyingi turda «Portu» bilan o‘yinda hal qilinmasa ham, so‘nggi turda autsayder «Antverpen» bilan o‘yin bor. 

«Shaxtyor»ni uch ochko farq bilan ortda qoldirayotganiga qaramay, portugallarda vaziyat ancha murakkab. «Portu» keyingi turni Barselonada o‘tkazadi, katta ehtimol bilan yo‘llanma masalasi oxirgi turga qoladi – 13 dekabr kuni «Portu» «Shaxtyor»ni qabul qiladi.

28 noyabr. «Shaxtyor» — «Antverpen», «Barselona» — «Portu».
13 dekabr. «Portu» — «Shaxtyor», «Antverpen» — «Barselona».

Mavzuga oid