Huquq himoyachilari hukumatni Bolalar ombudsmaniga yetarli sharoitlar yaratishga chaqirdi
Huquq himoyachilari – Gulnoz Mamarasulova, Abdurahmon Tashanov va Razzoq Altiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida hukumatning bolalar himoyasi yo‘lidagi ishlari yetarli bo‘lmayotganini aytib, bolalar ombudsmaniga ishlash uchun kerakli sharoitlarni yaratib berishga chaqirdi.
Kun.uz:
— O‘zbekistonda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, to‘liq davlat ta’minotida turgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq muammolar kamayayotgani yo‘q. Xo‘sh, bu sohadagi tizimli muammo qayerda o‘zi, hukumat nega o‘z vasiyligidagi bolalarni himoya qilolmayapti? Nima qilish kerak buning uchun?
Gulnoz Mamarasulova:
— O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qiluvchi bir qancha tashkilotlar bor. Eng asosiysi bolalar huquqlari ombudsmani. Lekin yaqinda muhokamalarga sabab bo‘lgan holat ham bor: bolalar ombudsmani – Aliya Yunusova iste’fo berdi. Bunga uning samarali ishlashi uchun xodimlar va resurslar yetmayotgani sabab qilib ko‘rsatildi. Rostdan ham butun respublika tashkiloti uchun barmoq bilan sanarli 4-5 ta xodim kamlik qiladi.
Yaqinda viloyatlardan biridagi bolalar bog‘chasida zo‘ravonlik bo‘lgan, menga bu haqda murojaat kelib tushgan. Bolalar huquqlari ombudsmaniga bog‘landim. Lekin o‘sha payt uning rahbari iste’foga chiqqan. Shikoyat qilish uchun tizim, qanaqadir ishonch raqamlari bormi, deb so‘radim. Lekin bunday raqam ishlatilmas ekan. Veb-saytidagi raqamlar ham ishlamagan. Butun bir respublika miqyosidagi tashkilot bu. Ochilayotgan holatlar ijtimoiy faollar orqali yuzaga chiqyapti faqat. Hukumat tomonidan bolalarning xuquqini himoya qiluvchi tizim ishlamayapti,bu og‘ir ahvolga olib keladi.
Kun.uz:
— Butun boshli bolalar ombudsmanida shunday holat. Balki unga yordamni pul yig‘ib, telefon apparati olib berishdan boshlarmiz.
Gulnoz Mamarasulova:
—Pedofiliyaga qarshi kurashda dunyo davlatlarida turli og‘ir bo‘lgan jazo choralari, profilaktik tizimlari bor. Umuman, turli yo‘l bilan kurash olib borishadi, ya’ni qat’iy, yengil bo‘lmagan choralar bilan.
Abdurahmon Tashanov:
— Muammoni hal qilish uchun oldin uni tan olish kerak, keyin istak bo‘lishi kerak. Ana undan keyin ishlash tizimlari ishlab chiqiladi. Ammo bunday tan olishni ham, istakni ham hukumatda ko‘rayotganimiz yo‘q. Kun.uz yoki boshqa bir nechta saytlar bu katta muammo haqida gapiryapti xolos. Deylik, davlat darajasidagi jamoatchilik faoli Saida Mirziyoyevadan boshqalar buni ko‘targani yo‘q. Ya’ni O‘zbekiston hukumati hali bu masalaga muammo deb qarayotgani yo‘q. Qachonki shuni tan olsa, davlat dasturi tuzilsa, shunda yechimga qarab borishimiz mumkin. Hali bundan tashqari ko‘pgina muammolar kutib turibdi. Hukumat terlab ishlashi kerak. Qanaqadir musiqiy festivallar uchun million-milliardlab xarajat ketadi. Lekin bolalar huquqlari ombudsmaniga sharoit yo‘q, mablag‘ yo‘q.
Nafaqat bola huquqlari, balki inson huquqlari masalasini ham chuqur ko‘rib chiqish kerak. Maktabda o‘qitilmaydi, oliy ta’limda o‘qitilmaydi, darsliklar yo‘q. Jamiyatda, doiralarda bu narsa bo‘yicha tushuncha yo‘q. Birorta sudga borib, inson huquqlari himoyachisiman, desangiz, ombudsmanmi, deydi, bilmaydi ham. Mana shunday muammolar borligini tan olsa va masalani o‘rtaga qo‘ysa, shunda hal bo‘lishi mumkin, bo‘lmasa — yo‘q.
Jamoatchilik jazoni kuchaytirishni so‘raydi, adolat talab qiladi — ular haqli. Jamoatchilikning talabi — bu masalalar bo‘yicha yaxlit siyosat ishlab chiqish. Ombudsmanni kuchaytirish, faqat targ‘ibot bilan mashg‘ul Respublika inson huquqlari markazi faoliyatini qayta ko‘rish kerak. Biz gapiraveramiz, lekin natija bo‘layotgani yo‘q.
Gulnoz Mamarasulova:
— Abdurahmon akaning fikrlarini qo‘llayman. Ombudsman vakolatini oshirish, qonunchilik va jazoni kuchaytirish bilan ham muammo hal bo‘lib qolmasligi mumkin. Jahon tajribasida kuzatilgan bu. Bizda pedofiliya, jinsiy daxlsizlik mavzulariga tabu sifatida qarashadi. Kerak bu narsalar.
Razzoq Altiyev:
— O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 35 foizdan ortiq. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari faqat va faqat davlat himoyasidagi bolalar hisoblanadi. Chet davlatlarda bir oilada bola asrab olmoqchi bo‘lsa, juda qattiq tekshiruvdan o‘tadi ko‘pgina kategoriyalar bo‘yicha. Bizda ham tartiblari bor. Lekin mana bunday holatlar ko‘payishi biz uchun, tizim uchun uyatli holat.
Nazorat masalasi muhim bu yerda. Bolalar ombudsmaniga yangi tayinlangan rahbar ham yaxshi mutaxassis, lekin kerakli resurslar, kadrlar bo‘lmasa, respublika bo‘yicha nazorat imkoni bo‘lmasa, nima qilsin ular? Biz faqat prokuraturaga ishonib qolganmiz. Lekin ko‘rinyaptiki, qandaydir sabablarga ko‘ra prokuratura voyaga yetmaganlar bilan to‘liq shug‘ullana olmayapti. Shuning uchun ombudsmanga kerakli sharoitlarni yaratib berish lozim. Jamoatchilik vakillari uchun ham bolalar bilan psixolog yordamida suhbatlashish, holatni ko‘rish imkoni bo‘lish kerak. Bolalarga ham jamiyatga kirish imkonini berish kerakdir, hamma boradigan maktabga borsin, muhitda bo‘lsin. Bir hudud qilib, ularga qulaylik yaratyapmiz deymiz, lekin u yerda nima bo‘layotganidan jamoatchilikning, davlat organlarining xabari yo‘q. Mana shu holatlarga chuqurroq kirib borish kerak.
- Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
07:49 / 16.12.2024
6 kgdan ortiq giyohvandlik vositalarini saqlayotgan shaxslar aniqlandi
14:37 / 05.12.2024
«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi
21:47 / 02.12.2024
AQSh Xorazmdagi pedofil amaldorlarga sanksiya kiritdi
10:41 / 30.11.2024