O‘zbekiston | 18:32 / 10.11.2023
16169
4 daqiqa o‘qiladi

YHXX jarimalarni yuborayotgan pochta xizmatiga 37 mlrd so‘m qarzini to‘lamagan

“O‘zbekiston pochtasi” yil boshidan buyon yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha salkam 9 millionta jarima qarorini manziliga yetkazib bergan, lekin YHXX kelishuvda ko‘rsatilgan mablag‘ning 37,5 milliard so‘mini to‘lab bermagan. Sud IIV boshqarmasiga qarzni to‘lash majburiyatini yukladi. Buning fonida haydovchilar jarima qarorini vaqtida olmayotgan holatlar ko‘paygan.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan sud hujjatlariga ko‘ra, 2023 yil 20 oktyabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida da’vogar “O‘zbekiston pochtasi” AJ va javobgar Ichki ishlar vazirligi JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasidagi iqtisodiy mojaro ko‘rib chiqilgan.

Pochtachilar manfaatida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi da’vogar sifatida sudga murojaat qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, shu yil 28 aprel kuni “O‘zbekiston pochtasi” va IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi 1-sonli xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzgan. Lekin boshqarma shartnomada ko‘rsatilgan pochta xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan.

Da’vo arizaga kiritilgan umumiy summa 37,5 milliard so‘mni tashkil qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, IIV rasmiylari birinchi sud majlisida qatnashib, qarzdorlik mavjudligini tan olgan hamda hisob-kitoblarga aniqlik kiritish va sudga qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Lekin oxirgi sud majlisida qatnashmagan.

20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda sud da’vogar “O‘zbekiston pochtasi” AJ vakillarining tushuntirishlari va ishdagi mavjud hujjatlarga ko‘ra, da’vo arizasini qisman qanoatlantirgan.

Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, tomonlar yo‘l harakati qoidalari buzilgani bo‘yicha jarimalar qo‘llash haqidagi qarorlarini elektron shaklda taqdim qilish va xizmatlar haqini to‘lash, ijrochi (da’vogar) esa bunday qarorlarni qabul qilish, chop etish, yetkazib berish va yetkazib berilgani bo‘yicha axborot almashish xizmatlarini ko‘rsatish majburiyatini olgan.

Shu asosda tuzilgan shartnoma va qo‘shimcha kelishuvlar shartlariga asosan, YHXX tomonidan 2023 yilning yanvar-sentabr oylarida javobgarga jami 8 million 903 ming 443 dona ma’muriy qarorlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilgan. Umumiy summa 53 milliard 420 million so‘mdan oshadi. Javobgar esa bu xizmatlar uchun 15,9 milliard so‘m to‘laydi. Qarzdorlik 37,5 milliard so‘mdan (3 million dollar) oshadi.

Pochta tashkilotining bu qarzdorlikni qoplashga doir talabnomasi ham qondirilmagan. Sud da’vo arizasining asosiy qarz undirish to‘g‘risidagi talabini asosli deb hisoblaydi va uni to‘liq qanoatlantirishni lozim topadi. Shuningdek, da’vogarlarning 2,2 milliard so‘mdan ortiq penya undirishga doir talabi “neustoyka” to‘g‘risidagi yozma kelishuv bo‘lmagani uchun qondirilmagan.

Bundan tashqari, sud qarori bilan Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi hisobidan Respublika budjetiga 750 million so‘m, “O‘zbekiston pochtasi” AJ hisobidan esa 45,2 million so‘m davlat boji undirish belgilangan.

Tomonlarda hal qiluv qarori ustidan bir oylik muddat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berish (protest keltirish) huquqi mavjud.

Kuni-kecha “Sevimli” telekanali o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda Samarqand viloyatida ko‘plab haydovchilik qoidabuzarligi uchun tuzilgan bayonnoma asosida xabarlarni vaqtida olmayotgani aytilgan edi. Natijada haydovchilar jarimalarni berilgan imtiyozlar asosida to‘lashga ulgurmayapti.

Mavzuga oid