Jahon | 11:42 / 13.11.2023
4318
3 daqiqa o‘qiladi

Latviya prezidenti Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishga chaqirdi

Agar biz Ukrainada Rossiyani to‘xtatsak, Moskva boshqa davlatlarga qarshi chiqa olmaydi, dedi Edgars Rinkevichs. Latviya prezidenti Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga yangi hujumlari yuz berishi mumkinligini istisno etmadi.

Foto: EPA

Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs Ukrainaga keyingi harbiy yordam zarurligiga shubha qilayotgan davlatlarni ukrainaliklar mag‘lub bo‘lmasligi va Rossiya kelajakda boshqa davlatlarga tahdid solmasligi uchun Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni davom ettirishga chaqirdi. «Xalqaro tinchlik va Yevropada tinchlik uchun kurashish haqiqatdan ham muhim, chunki agar biz Ukrainada Rossiyani to‘xtatsak, Rossiya boshqa davlatlarga qarshi chiqa olmaydi», dedi u 12 noyabr, yakshanba kuni chop etilgan Associated Press agentligiga bergan intervyusida

Latviya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi «juda jasorat bilan» jang qilmoqda va G‘arb prezident Volodimir Zelenskiyning ko‘proq qurol-yarog‘ berish haqidagi chaqirig‘iga «kerak bo‘lgan darajada qurol taqdim etmagani uchun» reaksiya bildirishga majbur. 

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash muhim

Shu bilan birga, G‘arb Ukrainani ham, Isroilni ham «qadriyatlar» va xalqaro tartibga qarshi hujumlarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashi muhim, dedi Rinkevichs. U Falastin tinch aholisiga yordam ko‘rsatish uchun G‘azo sektoridagi janglarda gumanitar pauzaga erishish zarurligini ta’kidladi.

«Ikkala holatga ham teng munosabatda bo‘lish» NATOning xavfsizlik manfaatlariga javob beradi, deydi u. «Ishonamanki, agar Ukraina muvaffaqiyat qozonsa, Yevropada tinchlikni saqlab qolish biz uchun osonroq bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Latviya prezidenti. 

Rossiya Ukrainada uzoq davom etadigan urushni rejalashtirmoqda 

Rinkevichsning ta’kidlashicha, Rossiya hozirda iqtisodiyoti, resurslari va harbiy texnikasini «juda uzoq davom etadigan urush uchun» safarbar qilmoqda. U urushda tezda g‘alaba qozonishga harakat qildi, lekin buni uddalay olmasligini tushundi va endi Moskva Ukrainani «bo‘g‘moqchi», dedi u hamda kelgusi oylarda Ukraina energetika infratuzilmasiga takroriy hujumlar sodir etilishini taxmin qildi. 

Latviya rahbari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATOni Rossiya va Ukraina o‘rtasida uzoq davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. «Yevropa Ittifoqi bizga ko‘proq mudofaa va qurolli kuchlar kerakligini tushundi. Va bu bosqichda men jarayon biroz tezroq bo‘lishini istardim. Lekin shunga qaramay, hozir bu ishlar nihoyat olg‘a siljimoqda», - dedi u. 

Mavzuga oid