O‘zbekiston | 15:59 / 13.11.2023
15917
7 daqiqa o‘qiladi

Majburiy mehnatning ommaviy shakllaridan kechildi, davlat idoralaridagisi-chi? – ekspertlar bilan suhbat

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qilingan eng katta o‘zgarishlardan biri bu –shubhasiz, majburiy mehnatning ommaviy shakllariga barham berilgani bo‘ldi. Bugun o‘qituvchilar, o‘quvchilar va davlat xizmatchilari ommaviy tarzda paxta yig‘im-terimi yoki ko‘cha tozalash kabi ishlarga jalb qilinmaydi. Bunga qarshi jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Ammo davlat idoralarida normalanmagan ish rejimida ko‘rinuvchi majburiy mehnat hamon saqlanib qolmoqda.

Davlat xizmatida saqlanib qolayotgan ish vaqti me’yorlariga amal qilmaslik, bevaqt o‘tadigan va soatlab davom etadigan yig‘ilishlar hamda dam olish kunlarida ham xodimlarni ishga chiqishga majburlash kabi holatlar borki, bu ham aslida majburiy mehnatning bir shakli.

Kun.uz muxbiri tashkil qilgan navbatdagi suhbatda majburiy mehnatning ana shu shakllari, uni yuzaga keltirayotgan omillar, shuningdek, ishchilar huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyati haqida so‘z bordi.

Suhbat mehmonlari: mehnat qonunchiligi sohasi ekspertlari, huquqshunoslar Muhammadamin Karimjonov va advokat Saidali Muxtoraliyev bo‘ldi.

— Bugun O‘zbekistonda nafaqat budjet xodimlari, balki korxona tashkilotlarni katta-kichik rahbarlari ham majburiy mehnat o‘zi nima ekani borasida yetarli dunyoqarashga ega emasdek.

Mana sizlar mehnat qonunchiligi masalasida mutaxassissizlar. Keling, majburiy mehnat nima o‘zi, nima qilsa, u majburiy bo‘ladi-yu, nima qilsa, majburiy bo‘lmaydi, degan savolga oddiy qilib tushuntirish berib o‘tsangiz?

Saidali Muxtoraliyev:

— Amaldagi Mehnat kodeksining (MK) 5-moddasida aynan majburiy mehnatga ta’rif berilgan. Uning qisqacha ta’rifini aytaman. Majburiy mehnat bu — har qanday fuqaroni ixtiyoriga qarshi ravishda muayyan jazo tayinlash tahdidi bilan ma’lum bir ishlarni bajarishga majburlash. Uning eng muhim belgisi – fuqaroda rozilik va ixtiyor bo‘lmaydi, ikkinchi belgi esa qanaqadir jazo qo‘llash tahdidi.

Muhammadamin Karimjonov:

— Oldingi MKda majburiy mehnatga ta’rif 7-moddada keltirilgan edi. Yangi kodeksda bu 5 moddaga ko‘chdi va o‘sha jazo qo‘llash tahdidiga ta’rif berildi. Bunga ko‘ra, endi faqat moddiy emas, xodimni izza qilish, unga ruhiy bosim o‘tkazish kabi holatlar ham jazo sifatida ko‘riladi.

— O‘zbekistonda bugun majburiy mehnat tugatilgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Ha, bizda chindan majburiy mehnatning ommaviy, katta va eng og‘ir shakli tugatildi. Bu juda katta yutuq.

Lekin bugun davlat organlaridagi erta tongdan va tungacha davom etadigan majlislar, qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha ishlatish, dam olish kunlari ishga jalb qilishlar, qonundan tashqari yuklamalar yuklash kabi holatlar ham juda ko‘pki, bu birinchi holatdan kam bo‘lmagan qonunsizlik. Xo‘sh, biz nega majburiy mehnatning ommaviy shaklidan voz kecholdig-u, ikkinchi shaklidan kecholmayapmiz, buning uchun nima yetmayapti?

Saidali Muxtoraliyev:

 — Deylik, biror tuman hokimligi misolida olsak, majburiy mehnat holatlari faol davom etyapti. Ish soatidan tashqari, dam olish, bayram kunlarida ishlatish holatlari yuzaga kelishida asosiy sabablardan biri — ishlarni to‘g‘ri taqsimlamaslik va kasb-lavozimlar bo‘yicha aniq mehnat me’yorlari belgilanmagani.

Kunlik, haftalik va oylik ish vaqtlari belgilangan, lekin aksariyat tashkilotlarda, jumladan, davlat organlarida ish vaqtlariga nisbatan mehnat me’yorlari ishlab chiqilmagan. Rahbarlarda yuklamalarni to‘g‘ri taqsimlash salohiyati yetishmayapti.

Muhammadamin Karimjonov:

 — Yangi MKda mehnatni me’yorlashtirish degan narsa kiritildi. Deylik, bir tashkilotda 300 ta xodim bor, ularga bitta «kadr», 30 ta xodim bo‘lsa ham, bitta «kadr» bo‘ladi. Mexanizm yo‘q bizda. Yangi kodeksga me’yorlari kiritilgani bilan ijrosi yo‘q hali.

Saidali Muxtoraliyev:

— Agar har bir tashkilotda aniq mehnat me’yorlari ishlab chiqilsa va talab shunga yarasha bo‘lsa, belgilangan ish vaqtida ishlar bajariladi. Mehnat me’yorlari yo‘q, rahbarlar ham nimani talab qilishni bilmaydi, ish esa tugamagan — shunday nomutanosibliklar.

Ishchi-xodimlarda ham huquqiy savodxonlik yetarli emas. Majburiy mehnatga barham berish uchun, avvalo, xodimlar o‘z huquqlarini talab qilishi lozim. Bizda shunday bir salbiy tendensiya bor: deylik, 20 xodim bor, rahbar ketguncha ketmaysan yoki ishlarini oxiriga yetkazib ketasan, degan talab qo‘yilsa va bir nechtasi qarshi chiqsa, o‘sha qarshi chiqqanlar jamoadan chetlashtiriladi, bosimlar bo‘ladi. Bu — illat.

Muhammadamin Karimjonov:

— XIX asrda Sammuel Parnell degan duradgor Yangi Zelandiyada ustaxona ochib, «uchga sakkiz» g‘oyasini ilgari suradi. Ya’ni, ishchi 8 soat ishlasin, 8 soat shaxsiy ishlari, 8 soat uxlab dam olish uchun. Keyinchalik butun dunyoda muomalada bo‘lgan 40 soatlik ish haftasi ham shundan kelib chiqqan.

 Mehnat vazirligi tomonidan reydlar o‘tkazilgan edi. Ayrim rahbarlar javobgarlikka tortilgan edi. Lekin siyosiy iroda yetishmadi shekilli, to‘xtab qoldi. Yana eski holat davom etyapti.

Bizda mana shu narsalar ilmiy o‘rganilmaydi ham. Chet davlatlarda shu narsalar tadqiq etiladi. Prezidentimiz kardiologiya sohasi vakillari bilan uchrashganda bizda yurak-qon tomir kasalliklari juda ko‘p ekanini aytgandi. Mana shu kasallikning sabablaridan biri majburiy mehnatga borib taqaladi. Shularni tadqiq qilish lozim.

Saidali Muxtoraliyev:

— «Uchga sakkiz» g‘oyasi ishchi-xodimning aqliy, jismoniy salohiyati, quvvati bilan bog‘liq. Bir xodimni bugun ortiqcha ishlatib, nimadir natijaga erishish mumkin, lekin kelajakdagi ko‘p yillik potensialini yo‘qotamiz.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Suhbatni Ilyos Safarov olib bordi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Shohruz Abduraimov.

Mavzuga oid